FOLBINLIK - DINDAN EMAS
09 октябр 2017 й.
6452 марта ўқилди.

FOLBINLIK - DINDAN EMAS
 
    Alloh taolo Naml surasining 65-oyatida shunday deydi: "Ayting: Osmonlar va yerdagi g'aybni Allohdan o'zga hech kim bilmaydi".
    G'ayb ilmi Alloh taoloning o'ziga xos bo'lib, uni o'zidan boshqa na farishtalar va na payg'ambarlar biladi. Kim g'ayb ilmini da'vo qilsa, kazzob, folbin bo'ladi, agarchi ba'zan uning gapi to'g'ri chiqib qolsa ham. Shuning uchun ham folbinlarga borish yoki ulardan biron narsa so'rash haromdir.
    Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: "Kim folbinga borsa, undan biron narsa haqida so'rasa, uning namozi qirq kun qabul bo'lmaydi", deganlar.
    Boshqa bir hadisda Payg'ambar alayhissalom: "Kim folbinga borsa va u aytgan xabarni tasdiqlasa yoki ayoliga uzurli hayz holatida yoki ayolining orqa yo'liga yaqinlik qilsa, Muhammadga nozil bo'lgan narsalarga kufr keltiribdi", dedilar.
    Bir kuni sahobalar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan folbinlar haqida so'rashdi. Ul zot: "Ular haq emaslar", dedilar. Sahobalar: "Ular bir narsani aytadilar, goho u rost chiqib qoladi-ku?" deyishdi. Payg'ambarimiz: "O'sha bitta rost bo'lgan kalimani jinlardan biri o'g'irlab oladi keyin uni o'z do'sti bo'lgan folbinlarning qulog'iga tashlaydi. Ular esa unga yuzta yolg'onni qo'shib aytadilar", dedilar.
    Bandalarning birortasi g'aybni da'vo qilsa yoki biron maxluq g'aybni biladi, deb e'tiqod qilsa, Qur'on va hadisni yolg'onga chiqargani uchun kofir bo'ladi.
    Aslida osmondan xabar olib tushuvchi farishtalar o'zlarining yerdagi ishlarni boshqarib turuvchi birodarlari-farishtalarga bo'ladigan ishlarni xabar berayotganlarida jinlar eshitishga harakat qiladi. Ba'zida biror kalima uning qulog'iga eshitiladi, u uni olib darhol folbinga yetkazadi, folbin esa haligi bitta so'zga yuzta yolg'onni qo'shib-chatib odamlarga yetkazadi. Ana shu bitta gap to'g'ri kelib qolsa, odamlar ana falonchi folbinni aytgani to'g'ri chiqdi, deb uning boshqa gaplariga ham ishonadilar.
    Qur'oni Karimda: "Darhaqiqat biz eng yaqin osmonni chiroqlar (yulduzlar) bilan bezadik va ularni shaytonlarga otiladigan toshlar qilib qo'ydik". (Mulk surasi 5-oyat) ya'ni, kofir jinlar so'z o'g'irlash uchun osmonga ko'tarilsalar ularga tosh otiladi, shunday bo'lsada gohida bittasi o'z maqsadiga erishadi. Buning ortida yotgan hikmatni yolg'iz Allohgina biladi.
    Shu o'rinda "G'ayb" kalimasiga ham to'xtab o'tsak. G'ayb ikki turli bo'ladi.
1) Kelajakda bo'ladigan barcha ishlarga bog'liq g'ayb.
2) Bo'lib o'tgan narsalarga bog'liq g'ayb.
    Birinchi turdagi g'aybning ilmi faqat Allohgagina xosdir. Ammo ikkinchi turdagi g'aybni boshqalar ham biladi. Bu g'ayb nisbiydir. Masalan: bir kishi 10 ming so'm pul yo'qotdi, bu pul egasidan g'oyib bo'ldi. Bu pulni kimdir topib oldi, yoki uning qayerda turganini ko'rib bildi. Bu pulning qayerdaligi egasiga nisbatan g'ayb, ammo uning o'rnini bilgan odamga nisbatan g'ayb emas.
    Demak, folbinga borib, yo'qolgan narsa haqida so'ralsa, u javob bersa va javobi to'g'ri chiqsa, bundan ajablanishga hojat yo'q, chunki u yo'qolgan narsani o'zi bilan birga ishlaydigan jindan so'rab bilishi mumkin. U jin darhol o'zi va boshqa sheriklari bilan u narsani izlashga tushadi, yoki narsaning o'rnidan birortasi xabardor bo'ladi va darhol kelib folbinga xabar beradi. Ko'p hollarda ular ham yo'qolgan narsani topolmaydilar.
    Bugun faqat yoshlar emas, aksincha kap-katta, tuppa-tuzuk odamlar ham folbinlarga ishonishadi, fol ochirishadi, buning gunoh ekanini bilishmaydi yoki aytsangiz ham parvo qilishmaydi. Fol, issiq-sovuq, har xil irim-sirimlar musulmonlikda yo‘q desangiz, hayron bo‘lishadi. Eng yomoni, qaysi narsa dindanu, qaysisi dindan emas, bilishmaydi.
    Aslida ko‘pimiz musulmonlikda buyurilgan ishlarga beporvo qaraymiz, qilma, degan taqiqlariga qarshi boramiz.
    Hazrati Ali roziyallohu anhu ular haqida: "Folbin sehrgardir, sehrgar esa, kofirdir", deganlar.
    Dinimizda fol ochish harom ekan, fol ochtirish ham harom ekanligi aytilgan.
    Alloh taolo o'zining kalomi Qur'oni Karimda shunday deb marhamat qiladi: “G'ayb (yashirin sirlar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o'zga bilmas. Yana quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Er zulmatlari (qa'ri)dagi urug' bo'lmasin, ho'lu-quruq bo'lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir”. (An'om surasi 59-oyat)
    Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “G'aybni Alloh taolodan o'zga hech kim bilmaydi”, deganlar.
    Ba'zan o'ylab qolasan kishi. Keyingi paytlarda “falonchi folchi bo‘lgan emish”, “falonchi issiq-sovuq qilar emish”, “falonchi duo o‘qib jinni chiqarar emish” kabi gap-so‘zlar qulog‘imizga tez-tez chalinadigan bo‘lib qoldi. Hattoki, oramizda bunday holatlarga tabiiy hol deb qaraydiganlar ham ko‘p. Butun hayotini folbinning nasihatlari evaziga qurib, ostonasini chuqur qilgan ayollar, afsuski, oramizda yo‘q emas.
    Shunday ayollardan biri, mana o‘n besh yil bo‘libdiki, hanuz kelini bilan chiqisha olmaydi. Har safar uni ko‘rganimda nasihat qilaman. Keliningizga yaxshi muomala qiling, deb. Aksincha, garchand noto‘g‘ri bo‘lsa ham, u o‘z fikrida qat’iy turadi. Yaqinda folbinga boribdi. Folbin ayol: “Qachon onasi o‘lsa, shundagina munosabatlaring yaxshi bo‘ladi”, deganmish. Bu so‘zga ishongan qaynona, Allohdan qudasining o‘limini tinmay so‘raydi. “Birovga o‘lim tilaguncha, o‘zingizga umr, iymon so‘rang”, deyman. Koshkiydi, so‘zlarim qulog‘iga kirsa.
    Xo‘sh, nega folbinlar, munajjimlar, issiq-sovuq qiluvchilar bu qadar ko‘payib ketmoqda? Nega odamlar ularning huzuriga yopirilib borishmoqda? Naxotki, odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itadigan folbinlarni tartibga chaqirish mumkin emas?
    Bugun kimdir tomosha uchun, kimdir chiqmagan jondan umid qabilida, ba’zilar esa “mendan nima ketdi, bir boray-chi, ko‘p pul olmas ekan, odamlar borishayapti-ku”, deyishadi. Bunday ishlar noto‘g‘ri ekanligini bilsak-da, miq etmay turamiz.
    Ulardan: “Qanday folbin bo‘lib qoldingiz?” deb so‘rasangiz, bilganlari bitta so‘z. "O'zimga qolsa shu ishni qilmasdim, ammo majburman. Og‘ir kasal bo‘lib, folbinga borgandim, qo‘l olishing kerak dedi, o‘zi qo‘l berdi”, deyishadi.
    Mayli, siz aytganchalik bo‘lsin. Qo‘l olganingizdan so‘ng yaxshi bo‘lib qolibsiz. Shu ishingizni tashlang. Fol ko‘rmang. Odamlarni bir-biriga gijgijlamang. Bu ishingiz uchun erta bir kuni Alloh huzurida javob berasiz, desangiz, bitta javobni bilib olishgan. “Menga Allohning o‘zi folbinlik qilishni buyurgan”, deyishadi. Birinchidan, uning bu fikri uzoqni ko‘ra olmasligiga dalolat bo‘lsa, ikkinchidan, folbinlikni nafsining buyrug‘i bilan qilayotganini bilmaydi yoki bilsa ham bilmaslikka oladi.
    O‘ziga yoqa bo‘lolmagan, boshqaga yeng bo‘larmidi? Ularning hayotini o‘rgansangiz, yo farzandi, yo biror yaqini albatta bemor bo‘lib chiqadi.
    Bunday “kasb” egalari esa qaynona bilan kelin, er bilan xotin, ovsinlar, tug‘ishganlar, qishloqdoshlar o‘rtasiga nizo solishdan boshqasiga yaramaydi. Bolalarning yetim bo‘lishiga, onalarning achchiq ko‘z yoshlariga sababchi bo‘lsalar-da, tomoshabin bo‘lib turaverishadi. Insonlarning yaratishga, yashnatishga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndirib, vaqtini o‘g‘irlab, qo‘ydi-chiqdilar, nizolar girdobiga tashlaydi. Ya’ni inson kuch-quvvatining behuda sarflanishiga sababchi bo‘lishmoqda.
    Hayotda boshiga bemorlik tushmagan, mushkul vaziyatda qolmagan insonning o‘zi topilmasa kerak. Allohga shukurki, hozirda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyot sohasida ham katta yutuqlar qo‘lga kiritildi, kiritilmoqda, shu bilan birga davolash maskanlari qurilmoqda. Zamonaviy tibbiyot asbob-anjomlari, dori-darmonlar har qanday kasallikni aniqlashga, tuzatishga qodir. Marhamat boring, davolaning.
    Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, aqilli inson yaratish, yashnatish ishqi bilan yashaydi. Shu yo‘lda say-harakat qiladi. Taraqqiyotga o‘z hissasini qo‘shib, qalb degan zaminga yaxshilik, ezgulik urug‘ini qadaydi.
    Folbinlarga o'xshagan johil kimsalar esa buzish, buzg‘unchilik fikri bilan yashaydi. Insonlar o‘rtasidagi ijobiy munosabatlarni yemirib, qalblarga yomonlik, yovuzlik urug‘ini qadaydi. Allohning o'zi bunday insonlardan panoh bersin.
 
    Karimov Olimjon

Peshku tuman "Bobo-Arab" jome' masjidi imom xatibi

«орқага

Бухоро -
Бомдод: 05:45
Куёш: 06:32
Пешин: 13:10
Аср: 17:30
Шом: 19:10
Хуфтон: 20:45
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram