KITOB O'QISHDAN TO'XTAMANG...
14 март 2019 й.
2629 марта ўқилди.

 

KITOB O'QISHDAN TO'XTAMANG...

    Darhaqiqat, inson ichki olamini hech narsa kitobchalik benazir boyita olmaydi. Ruhiyatimizni hech narsa kitobchalik, o‘qish-o‘rganish, mehnatchalik muvozanatga, to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi. Hattoki, intellektual rivojlanishda ham kitob eng asosiy o‘rin tutadi. Chunki kishining o‘zini-o‘zi tarbiyalashida kitob ham bilim manbai, ham o‘zini yaxshi tomonga o'zgartirish, taqqoslash, taqlid qilish, munozara yuritish, bahslashishda ma’lum darajada ko‘zgu vazifasini o‘taydi. Hayotda inson yolg‘iz o‘zi yashay olmaydi. Albatta, atrofidagi odamlar bilan munosabatda bo‘ladi. Ana shu munosabatlarda qiynalgan, to‘g‘ri yo‘l izlagan paytda suygan kitobimizga murojaat qilamiz. Ba’zan ulardan quvvat olib, tog'ri yo‘lni o'zimiz uchun lozim tutamiz. Demak, biz avvalo kitobdan ilmni, sabrni, insonlar bilan go'zal muomalada bo'lishni hamda kechirimli bo'lishni o'rganamiz. Evaziga esa halo­vat topib, ruhiy muvozanatimizni to‘g‘rilaymiz.
    Xalqimiz orasida "Ilmsiz-bir yashar, ilmli-ming yashar", degan maqol bejizga aytilmagan. Inson har bir ilmni ustoz va albatta kitobdan o'rganadi. Kitob insonning eng yaqin do'stidir.
    Hozirda yoshlarimiz asosiy axborotlarni televideniya va internet orqali olmoqda. Shu bois yoshlarni kitob o’qishga bo’lgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularning ma'naviy saviyasini oshirishda kitob muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo, bugungi kunda yoshlarimiz orasida kitob o'qish, kitobni o'rganish ancha sustlashib qoldi. Albatta bu achinarli holdir. Avvalo ota-onalar hushyor bo'laylik, farzandimiz nimaga qiziqishini va qanday kitob o'qishini muntazam nazorat qilib boraylik. Ularni kitob o'qishlari, ilm olishlari uchun sharoit yaratib, kutubxonamizni kitob bilan boyitaylik.
    Buyuk shoir va mutafakkir Hazrat Alisher Navoiy: "Kitob - beminnat ustoz. U har daqiqa bizni donishmandlarning bilim xazinasi bilan oshno eta oladi", degan edilar.
    "Yoshlarimizning ma'naviy dunyosini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash eng muhim vazifalarimizdan biridir",- deb ta'kidlagandi O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov.
    Kitob farzandlarimiz ta'limi va ma'naviy tarbiyasida eng muhim omil bo’lib xizmat qilmoqda. Kitoblar insoniyatning eng boy bilim xazinasi sandig’idir, desak xato qilmaymiz. Kitob doim bizni fikrlashga, dinni o'rganishga, halol yashashga, Vatanni sevishga, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilish va ma'naviy me'rosimizni asrashga hamda ezgulikka chorlab kelgan. Shuning uchun kitoblar millatning madaniy me'rosi sifatida boqiydir.
    "O’z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo’q",  deb yozadi O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov o’zining "Yuksak ma'naviyat yengilmas kuch" asarida.
    O’zbekiston o’zining ko’p asrlik madaniyati durdonlarini, jahonga mashhur allomalarining ilmiy-adabiy me'rosini, jumladan ular qoldirgan noyob kitoblarini kelajak avlod uchun avaylab-asrab, yosh avlod o’rtasida ommalashtirib, keng targ’ib qilib kelmoqda.
    Darhaqiqat, kitob – bilim manbai. Kitob mutolaasi esa insonni hayoti davomida mukofot bilan taqdirlovchi sharafli mehnatdir. Bu borada farzandlarda kitob mutolaasiga mehr uyg’otishda oila muhim ahamiyat kasb etadi. Farzandlarimizda kitobga mehr uyg’otishga harakat qilaylik. Kitob bizga ulkan ta’sir ko‘rsatib, juda katta chuqur hayotiy tajriba berishini ham aslo yodimizdan chiqarmaylik.
    Olimlarimizdan biri kitob haqida shunday degan edi: "U kishini ziyoli qiladi, unda go'zallik tuyg‘usinigina emas, hayotni, uning butun murakkabliklarini tushuntirish kabi qimmatli tuyg‘uni rivojlantiradi, boshqa davrlar va boshqa xalqlarni tushunishda yo‘lboshchilik qiladi, sizga kishilarning qalbini ochib beradi. Bir so‘z bilan aytganda, sizni donishmand qiladi".
    Shunday ekan xulosa o'rnida shuni aytmoqchimizki, kitob o‘qishdan aslo to'xtamang. Hozir kitobdan olgan barcha yaxshi fazilatlarni bir umr qalbingizda saqlab qoling. Zero, kitob insonni doimo yaxshilikka yetaklaydi.

Nodir Ma'diyev
Peshku tuman "Xo'ja Ro'shnoiy" 
jome' masjidi imom xatibi.
 
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 05:45
Куёш: 06:34
Пешин: 13:10
Аср: 17:30
Шом: 19:10
Хуфтон: 20:45
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram