Onalar oyog'i ostida jannat
10 ноябр 2018 й.
122625 марта ўқилди.

 
Onalar oyog'i ostida jannat
 
    Bolaligimizda, aniqrog‘i esimizni taniy boshlagan kezlarda bizga: "Onangni yaxshi ko‘rasanmi yoki otangni yaxshi ko‘rasanmi?", deb paydar-pay savol berishadi. Va tabiiyki, ko‘pchilik, “onamni”, deb javob beradi. Bu aslo otamni yomon ko‘raman, degani emas. Aksincha, bu onaga bo‘lgan mehr-muhabbatning yuksak ramzi, onaga bo‘lgan samimiyatning bebaho izhori ekanligini otalarimiz ham tushunadi. Onalarimizni yaxshi ko‘rishimiz, ardog‘lashimiz va hurmat qilishimiz otalarimizga hech mahal og‘ir botmaydi. Chunki, otalarimizning ham onalari bor. Ular ham o‘z onalarini bizday qadrlab, bizday yaxshi ko‘rib biz kabi hurmat qilishiga ishonamiz.
    Darhaqiqat, bu tabarruk so‘zni aytish yoki eshitish bilan yuragimizda bexosdan cheksiz mehr paydo bo‘ladi. Va har safar vujudimizda onaning munis va mehribon siymosi aks eta boshlaydi. Tomirlarimizda samimiyat va yaxshilik daryoday jo‘sh uradi. Ona, deyish bilan tilimiz ham, dilimiz ham beqiyos insoniy mehr-muhabbatga, ezgulikka to‘lib-toshib boraveradi.
    Onani e’zozlash, qadr-qimmatini o‘rniga qo‘yib, boshga toj kabi ko‘tarish bizlarga ota-bobolardan merosdir.
    Bir buyuk inson aytganidek: “Bu olamda ulug‘ zot kim, desang, shubhasiz doim onam deyman”.
    Ona ulug‘ zot bo‘lish bilan birga, o‘zida hayratli mo‘jizalarni mujassam etgan sir-sinoatlarga boy insondir. Masalan, go‘dak chinqirab yig‘layapti. Uni atrofidagilar qancha harakat qilmasin tinchlantirolmayaptilar. Bola na aldovga, na do‘qqa ko‘nadi. Yumushlardan bo‘shagan onasi uni darhol bag‘riga bosadi. Go‘dak ona isini olishi bilan tinchiydi. Yana bir holat: bola kasal, issig‘i baland, bir ahvolda yotibdi. Unga doktorning dori-darmonlari ham unchalik kor qilmayapti. Shunda ona alahsirayotgan farzandining peshonasiga mehr bilan haroratli kaftini qo‘yadi. Bir pastdan so‘ng bola orom ola boshlaydi. Ona bilan bog‘liq bunday hayratli misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
    Ona shu qadar ulug‘ zotki, u ko‘zga ko‘rinmas ulkan kuch bilan, mehr-muhabbat bilan faqat farzandlarini, yaqinlarini emas, balki butun boshli insoniyatni bag‘riga bosib, dardiga darmon bo‘la oladi.
    Ona hamisha o‘zida beqiyos kuch-qudrat topa oladigan noyob qudrat egasidir. Tarix sahifalaridan yaxshi bilamizki, onalar eng og‘ir va qiyin davrlarda ham, qatag‘on va qahatchilik yillaridan ham metin irodali va mehribon, jasoratli va samimiy, dovyurak va mehnatkash bo‘lib, avvalo, jonidan ham aziz farzandlarini, tug‘ilib o‘sgan Vatanini asrab qolish uchun hayotini fido qilishdan aslo qaytmaganlar.
    Bunday ulug‘ onalar xotirasi oldida bosh egib, ularning ruhlariga hamisha duolar qilish insoniy burchimizdir.
    Odam bolasi ona tufayli bu yorug‘ jahonni ko‘rish baxtiga muyassar va musharraf bo‘ladi. Ona tufayli bu hayotning barcha lazzatlaridan bahramand bo‘ladi. Ona tufayli dunyoning zavq-shavqiga, quvonchlariga ko‘milib yuradi. Ona tufayli baxt-iqbolga erishadi. Ona tufayli umrini yaxshiliklarga, ezguliklarga, fidoyi ishlarga safarbar etadi. Ona tufayli umrini yaxshi va ezgu amallar bilan bezaydi.
    Har bir farzand, xoh u o‘g‘il bo‘lsin, xoh u qiz bo‘lsin eng avvalo, onasini rozi qilishga intilishi lozim.
    Ona baxti – farzandlar baxti, oila baxti, jamiyat baxtidir. Ona bu bebaho baxtni hech kimga, hech nimaga alishmaydi.
    Dunyoda qancha millat bo‘lsa uning shuncha onasi bor. Har bir millat farzandi o‘z onasini yaxshi ko‘rmasligi, qadrlamasligi va hurmat qilmasligi aslo mumkin emas. Ona Afrikada ham, Amerika va Hindistonda ham, Osiyo, Yevropa va Antarktidada ham onadir. Ona ulug‘ va bebaho zot sifatida har joyda, har mamlakat va millatda beqiyos darajada e’zozlanadi. Rang-ro‘yidan, urf-odatidan, turmush-tarzidan qat’iy nazar ona ulug‘ zotligicha qoladi. Jumladan, biz, o‘zbeklarda ham. Onamiz, onajonimiz, porlab turgan quyoshimiz, to‘lin oyimiz, charaqlab turgan yulduzimiz. U bizning – jonajonimiz. Dunyo xalqlari ichida onalarni sevish, qadrlash va ulug‘lash borasida o‘zbeklar hamisha eng oldingi saflarda borayotgani, boshqa millatlarga o‘rnak bo‘layotgani kishiga faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Bu ajoyib va bebaho fazilatimiz bilan har qancha g‘ururlansak, faxrlansak arziydi. Bizday onani boshiga ko‘taradigan va onaday ulug‘ zotning hurmatini joyiga qo‘yadigan millat kam topilsa kerak, ehtimol biz kabi onaparast xalqlar barmoq bilan sanarlidir.
    Mustaqillik davri nafaqat Vatanga, insonga bo‘lgan munosabatlarni balki birinchi galda onaga, onajonlarimizga bo‘lgan mehr-muhabbatimizni, samimiy munosabatimizni, batamom o‘zgartirib yubordi. Mustaqillik tufayli o‘zbek onalari yuksak qadr topdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Onalar jamiyatning ijtimoiy kuchiga aylandi. Marhum muhtaram birinchi Prezidentimiz Islom Karimov iborasi bilan aytganda: “Onalarning obro‘-e’tiborini jiddiy ravishda oshirish, ularning mehnatini, jismoniy sog‘lom, ma’naviy boy hamda axloqan pok yosh avlodni tarbiyalashdagi xizmatini munosib baholashimiz kerak. Ona to‘g‘risida, uning farzandi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish davlatimizning muqaddas burchidir.”

Karimov Olimjon
Peshku tuman "Xo'ja Peshku" 
jome' masjidi imom xatibi.
 
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 05:45
Куёш: 06:34
Пешин: 13:10
Аср: 17:30
Шом: 19:10
Хуфтон: 20:45
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram