Қиз бола тарбияси ва унинг шаъни
23 май 2017 й.
26935 марта ўқилди.

 Қиз бола тарбияси ва унинг шаъни

 
    
    Bu foniy dunyoda har bir ota-ona o’zidan ezgu nom qoldirish maqsadida farzandlariga yaxshi ta’lim-tarbiya berishga harakat qiladi. Kelgusida farzandlari el-yurt xizmatiga kamarbasta insonlar bo’lib tarbiyalansa ularning baxti oilada, ayniqsa, qiz bola o’zining odobi, yurish-turish munosabati bilan boshqalardan alohida ajralib turadi.
    Qiz bola tarbiyasi o’ta nozik tarbiyadir. Xalqimizda "Onasini ko’r, qizini ol", degan gap bor. Bu gapning zamirida katta ma’no mujassam. Oilada qiz bola onasining yurish-turish munosabati, hunarmandligidan dars oladi, shu xislatni hayotga tadbiq etishga harakat qiladi.
    Yoshlikdan qizlarni ozodalikka, shirinsuxanlikka, o’zidan kattalarni doimo hurmat qilib borishga undash va o'rgatish lozim. Qiz bola nomiga bir dog’ tushsa, bu dog’ hech qachon ketmaydi.
    Keyingi paytlarda qizlar tarbiyasida nuqsonlar uchrab turibdiki, bularni bartaraf etish ota-onalar zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklamoqda. Turmushga chiqayotgan aksariyat qizlar turmushning og’ir-yengiliga bardosh berolmay, guldek oilasini tashlab ketmoqda.
    Rivoyat qilishlaricha: Bir qozi bo'lgan ekan, uning Hasan va Husan ismli o’g’llari bo’lib, otasi ishdan kelish payti yugurib chiqib otasini kutib olar ekan. Bir kuni bolalar quduqqa tushib olamdan o’tishibdi. Ota ishdan kelsa bolalar ko’rinmaydi, ayolidan so’rabdi. Ayol esa: "Allohim menga sabr bergin, ishdan charchab kelgan erimga bu xunuk xabarni keyinroq aytaman", deya iltijo qilgan ekan. Shu sababli xo’jayinning javobiga: "Hozir dadasi, hozir kelishadi", deya ochiq yuz bilan javob beribdi. Allohning qudrati bilan Hasan-Husanlar tirilib, otalariga salom berish uchun uyga kirib kelishibdi.
    Rivoyat deymiz, ammo bu rivoyatlar zamirida ulkan ma’no, mazmun mujassam. Qizlar turmush qiyinchiligiga, ayniqsa, qaynona-kelin munosabatlariga bardosh qilmay turli to’siqlarga duch keladilar.
Xalqimizda "Qush uyasida ko’rganini qiladi", degan naql bor. Onasining munosabati, uy tutishlari qanday bo’lsa, kelgusida bu xislatlar qizlarga o’tadi, uning salbiy yoki ijobiy xislatlariga ega bo’ladi.
    Payg'ambar alayhissalom: "Jannat onalar oyog’i ostidadir" deb marhamat qildilar.
    Kelgusida qizlar bo’lajak ona, ardoqli uy bekasi bo’ladilar. Biz qizlarimizga hayotning past-balandini, turmush qiyinchiligini yengib o’tishlarini uqtirib o’tishimiz shart. Har bir ona turmushga chiqayotgan qiziga u kelin bo'lib borayotgan xonadon aziz va qadrli ekanligi, qiz bola kelin bo'lib tushgan xonadoniga toshdek bo'lishini uqtirishi lozimdir.
    Onalar o‘rtasida qizlar tarbiyasiga oid gap ketsa, ko‘pincha "Oq qanddek avaylab, gard yuqtirmay o‘stirdim", deyishadi.
    Oq qand... Darhaqiqat, juda nozik o‘xshatish. Nozikligi shundaki, oq qandga biror gard yuqsa, uni tozalash qiyin. Gard tekkan joyini kesib yoki qirqib olib tashlash kerak. Ko‘pincha esa gard tekkan qand bo‘lagi mol oxuriga yoki parranda donlari orasiga tashlab yuboriladi.
    Qiz bolaning nomiga ilashgan yomon dog‘ - isnodning ketishi shunchalik qiyindir. Ba’zida ko‘rmayin bosilgan tikan jabrini bir umr tortib yurishga to‘g‘ri keladi. Ba’zan u kishini umrbod gumon, shubha, demakki, baxti bekamlik emas, baxti kemtiklik qiynog‘iga solib qo‘yadi. Hammasiga ko‘pincha o‘ylamay ish qilish, iroda jilovining bir-ikki daqiqaga bo‘sh qo‘yilishi sabab bo‘ladi.
    Qiz bolaning sha’ni... Bu haqda juda ko‘p va har so‘ziga alohida urg‘u, alohida salmoq berib gapiriladi. Insoniy fazilatlar, ma’naviy qadriyatlar haqida so‘z ketsa, ayni shular qiz bolada eng oliy darajada bo‘lishi talab qilinadi. Axir u qiz bola-da.
    Mil latning ko'rki, millatning kelajagi.
    Qiz bola shunchaki qiz bola bo‘lib qolishi mumkin emas. U juda nazokatli, iffatli, iboli, sabrbardoshli, oqila, mehribon bo‘lishi kerak. Hattoki, qiz bolaga berilgan nisbat, o‘lchov, mezonlar ham o‘rtamiyona, yarim, nim-ta’rif, chala nisbat bo‘la olmaydi. Ular ustunning yo eng tepasi, yo eng pasti bo‘ladi. Ayb yoki gunoh ish qilib qo‘ygan boshqa hamma kishi kechirilishi mumkin. Faqat qiz bola kechirilmaydi. Qiz bolaga kelganda hukm ham g‘oyat muxtasar: "O‘g‘il bola shu ishni qilganda - boshqa gap edi. Ammo u - qiz bola-ya".
    Biz ota-onalar bilishimiz juda muhim bo'lgan narsa shuki, qiz bolaning ismi, jismi, ma’naviyati, borlig‘i, xatti-harakatiga hamisha o‘lchov boshqacha bo‘lib kelgan.
    Bir olim kishidan: "Dunyoda o‘limdan yomoni nima?" deb so'raganlarida, olim kishi: "Qizingning noqobil bo‘lishidir", deya javob bergan ekan.
    Bu dahshatni boshidan kechirganlarning dilidan, tilidan bundan dahshatliroq nido chiqadi: "Qiz asragandan ko‘ra, tuz asrasam bo‘lmasmidi?".
    Dol bo‘lgan qadlar, egilgan boshlarga keladigan xulosa undan ham dahshatli: "Qiz keltirgan nomus - o‘limdan kuchli".
    Asrlar, zamonlar bu azaliy gaplarning ma’nosini o‘chira olmaganidek, tig‘ini ham o‘tmaslashtira olmaydi. O'zbek xonadoni borki, agar unda qiz o‘sayotgan bo‘lsa, shu xonadon sohiblarining ko‘nglida g‘urur, surur, shukur va qiz sha’ni bilan bog‘liq or-nomus ham yuqori bo‘ladi.
    Shuning uchun ham xalqimiz qiz bolaning ma’naviy yetuk, komil inson bo‘lib o‘sishi uchun alohida ahamiyat beradi. Uni "oq qanddek o‘rab, avaylab, gard tekkizmaslikka" harakat qiladi.
 
 
    Karimov Olimjon
Peshku tuman "Bobo-Arab" jome'
masjidi imom xatibi
 
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 05:15
Куёш: 05:58
Пешин: 13:10
Аср: 17:50
Шом: 19:30
Хуфтон: 21:05
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram