O'z joniga qasd qilish gunoh
20 май 2019 й.
1812 марта ўқилди.

   

O'z joniga qasd qilish gunoh 

Inson hayot ekan boshiga turli sinovlar kelaveradi. Ba'zan baxtdan masrur bo'lsa, ba'zan musibat chekadi. Chin mo'min quvonchli yo tashvishli kunlarda ham Yaratganni unutmaydi. Har bir aziyatiga yarasha ajru mukofot olishiga ishonib, mashaqqatlarga sabr qiladi. Chiroyli sabr egalaridan bo'lishga intiladi.  Zero, "...Albatta, Alloh sabr  qiluvchilar bilan birgadir" (Baqara,153).
Alloh taolo insoniyatning eng katta dushmani shayton va shaytonga sevimli amallar ekanini bildiradi. Odamni yo'ldan adashtirish payida bo'lgan shayton unga musibat yetganidan foydalanib qolishga urinadi, vasvasaga soladi. Ya'ni "eng yengil yo'l" tomon undaydi. Shunday bo'lgach, shaytonni suyuntiradigan ishlarni yoqtirish nodonlik, uni xushnud etish esa to'g'ri yo'ldan adashish, zalolatga yuz tutishdir. Agar iblisni quvontiradigan, unga kuch bag'ishlaydigan narsalardan nafratlansak, g'oliblar safidamiz. Boshqa yo'lni ixtiyor etsak, u ikki dunyoyimizni xarob qiluvchi yo'ldir. Alloh saqlasin! 
Afsuski, ayrim iymoni zaif insonlar bunday holatlarda uning yo'rig'iga yuradi va joniga qasd qiladi. Vaholanki, bu yechim emas, balki ayni bitmas-tuganmas musibat.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar:  "Kim tog' tepasidan tashlab o'zini o'zi o'ldirsa, o'lganidan so'ng jahannamda  ham shu xil azobga giriftor bo'ladi. Agar zahar ichib o'zini o'zi o'ldirsa, jahannamda ham abadiy shu azobni tortadi. Kim o'zini temir parchasi bilan o'ldirsa, temir parchasi qorniga suqilgan holda jahannam o'tida abadiy qoladi", (Muttafaqun alayh).
Imom Buxoriy rivoyat qilgan qudsiy hadisda bunday deyiladi:"Bandam o'zini o'zi o'ldirib, Mening bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim".
Alloh taolo   marhamat qiladi: "Biz odamzotni azizu mukarram qilib yaratdik hamda ularni suvda ham, quruqlikda ham yuradigan qilib qo'ydik. Ularga halol-pok narsalardan rizq ato etib, ularni boshqa hamma maxluqotdan afzal etdik" (Isro,70).
Darhaqiqat, hayot inson uchun berilgan eng qadrli omonat, imkoniyat va ma'suliyatdir. Bu ne'matni asrab-avaylash, unga xiyonat qilmaslik lozim. Aks holda, banda og'ir jinoyatga qo'l urgan, katta gunoh orttirgan bo'ladi.
 
Peshku tuman “Halim Polvon” 
jome masjidi imom xatibi
 Xamroyev Rustam
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 05:45
Куёш: 06:32
Пешин: 13:10
Аср: 17:30
Шом: 19:10
Хуфтон: 20:45
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram