Pesh qadamlar hayotidan
23 октябр 2019 й.
1532 марта ўқилди.
Pesh qadamlar hayotidan
Bismilahi rohmani rohim
Insoniyat tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak Payg’ambarimiz (s.a.v.) bilan bir davrda yashagan sahobai-kiromlar banul basharning eng baxtli va saodatli kishilari hisoblanadilar. Chunki, ular Payg’ambarimiz (s.a.v.) yashab o’tgan saodat asrida u zoti bobarokot bilan bir davrda yashab o’tdilar. Mana shunday baxtga muyasar bo’lgan ulug’ zotlardan biri Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)dirlar. U zot o’ta bechora hol bo’lib odamlarning qo’ylarini boqib tirikchilik qilganlar. U kishi 6- bo’lib islomga kirganlar. Mana shunday faqir, bechora , kambag’al inson islom tufayli dunyoning eng mashxur kishilaridan biriga aylandi. Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) musulmon bo’lgan kunlaridan boshlab Rasulloh (s.a.v.)ning xizmatlariga o’tdilar. Shu lahzadan boshlab Abdulloh ibn Mas’ud Payg’ambarimiz (s.a.v.)dan bir qadam ham jilmay, u kishining xizmatlarida bo’ldilar. Xizmatlarida bo’lish bilan birgalikda Payg’ambarimiz (s.a.v.)dan ilm olish yo’lida ham unumli foydalandilar. Payg’ambarimiz (s.a.v.)ning muborak og’izlaridan chiqadigan har bir oyatni yodlab olib, ul zotga o’xshab qiroat qilishga harakat qilardilar. Mana shunday hatti-harakatlari sababli qisqa vaqt ichida oz sonli musulmonlar orasida o’zarining qirotlari bilan ajralib turdilar. Payg’ambarimiz (s.a.v.) o’z sahobalariga Abdullo ibn Mas’ud (r.a.)ning qiroatlarini tinglashni tavsiya qilar edilar. Rasulloh (s.a.v.)ning o’zlari ham Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)ning qiroatlarini tinglashni yaxshi ko’rar edilar. Bir kuni Payg’ambarimiz (s.a.v.) Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)ni o’z huzurlariga chorlab “Ey Abdulloh, menga qiroat qilib ber“, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, sizga nozil bo’lgan narsani sizga qiroat qilamanmi?” dedi Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) “Men uni o’zimdan boshqadan eshitishni yaxshi ko’raman“ dedilar u zot. Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) “Niso“ surasidan tilovat qilishni boshladilar .U kishi “har bir ummatdan bir guvoh keltirib, seni ularning hammasiga guvoh etib keltirgan chog’imizda (hol) qandoq bo’lur?! Kufr keltirganlar va Rasulga osiy bo’lganlar o’sha kunda yerga qorishib ketishni istarlar va Allohdan hech bir gapni yashira olmaslar”ga yetganlarida Rasululloh (s.a.v.) yig’lab yubordilar. U zotning ko’zlaridan tinmay yosh oqa boshladi va qo’llari bilan ishora qilib: Yetadi, yetadi, ey ibn Mas’ud“, dedilar. Masruq (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Ibn Mas’udni Abdulloh ibn Amrning huzurida zikr qildilar. Bas, u: “U shunday odamki, men uni Rasululloh (s.a.v.)ning “Qur’on qiroatini 4 kishidan: Abdulloh ibn Mas’uddan (u kishidan boshladilar) , Abu Xuzayfaning mavlosi Solimdan, Ubay Ibn Ka’bdan va Muoz ibn jabaldan talab qilinglar“, deganlarini eshitganimdan buyon yaxshi ko’raman”, dedi”. Ikki shayx rivoyat qilganlar. Bu hadisu sharifdan bizga ma’lum bo’ladiki Payg’ambar (s.a.v.) Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)ni boshqa qori sahobalar ichida ham oldinga qo’yganlar. U kishining bunday maqomga musharraf bo’lishlariga sabab Payg’ambarimiz (s.a.v.)ning xizmatlarida bo’lib u kishidan ilm o’rganganlaridadir. Alloh u zotdan rozi bo’lsin.
Kogon tuman Xo’ja Ka’bul Axbor Vali jome’
masjidi imom xatibi Odilov Haydar
«орқага