Yaxshlik - niyatning mahsuli!
02 март 2023 й.
«орқага
1675 марта ўқилди.
Yaxshlik - niyatning mahsuli!
Inson qilayotgan ishlarining qanday natija berishi, avvalambor qalbidagi niyatiga bogʼliq. Yaxshi niyat qilgan boʼlsa, yaxshilikka, yomon niyat qilgan boʼlsa, oʼsha maqsadga etadi. Niyatni xolis qilish uchun, kishining qalbi pok maʼnaviy illatlardan xoli boʼlishi lozim. Inson qalbining pokligi uni ezguliklar sari etaklaydi. Inson har doim har soxada, har bir pok va halol ishda niyatini yaxshilashi lozim.
Alloh buyurgan amalni U Zot roziligi uchun bajarishga qalbni forigʼ qilish niyatdir. Amallarning toʼgʼri bajarilishi, mukammalligi, savobining toʼkis boʼlishi niyat va ixlos bilan chambarchas bogʼliq. Qilinayotgan amallar Alloh uchunmi yoki boshqa maqsadda qilinyaptimi, bandaning ibodatga munosabati, Parvardigoriga hurmati qanchalik baland ekani uning niyatidan maʼlum boʼladi. Yaxshi niyat va ezgu amallar oʼz egasini jannat sari etaklovchi amallardandir. Inson niyatini toʼgʼri qilsa, nafsini turli yomonliklardan poklasa, albatta, u dunyo va oxiratda baxtlilar qatorida boʼladi.
Umar ibn Hattob rivoyat qiladi: “Men Rasululloh (s.a.v): Albatta amallar niyatga bogʼliq. Har bir kishining niyat qilgan narsasi boʼladi”, deb aytganlarini eshitganman, dedilar. (Buxoriy, muslim rivoyati).
Solih salaflardan biri dedilar: “Men har bir narsada niyatim boʼlishini juda ham yaxshi koʼraman. Hatto taom eyish, suv ichish, foydali ishlarni qilishda niyatim boʼlishini istayman. Bularning barchasida Alloh taologa qurbatni qasd etish mumkin boʼladi, zero tananing sogʼlom, qalbining forigʼ boʼlish sabablarini keltirish dinning muhim talablaridan xisoblanadi. Kim taom tanavul qilishdan ibodatga kuvvat boʼlishini, oʼylanishdan dinining mustahkamlashini, ahli qalbini poklashni va oʼzidan keyin Alloh taologa ibodat etadigan farzand ato etilishini niyat qilsa, barcha niyatlariga yarasha savob oladi. Qiladigan amalingizdan oldin niyatingizni toʼgʼri va yaxshi qiling. Yaxshilikni niyat qiling! Uni amalga oshira olmasangiz ham, uni doimo bajarayotgan boʼlasiz. Agar amal boʼlmasa ham, niyat amal qilgan boʼladi. Chindan ham bir kishi kechasi turib nafl namozini oʼqishga niyat qildi, ammo uxlab qoldi, uning nomai aʼmoliga niyat qilgan amalining savobi yoziladi, garchi uni bajara olmasa ham ”.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda kelishicha, «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam O‘z Robbilaridan rivoyat qilib aytadilarki: «Albatta, Alloh yaxshiliklar va yomonliklarni yozib qo‘ydi. So‘ngra o‘shani bayon qildi. Kim bir yaxshilikni qasd (niyat) etsayu, unga amal qilmasa, Alloh uni O‘z huzurida barkamol bir yaxshilik qilib yozib qo‘yadi. Agar uni qasd qilib, amal ham qilsa, Alloh azza va jalla uni O‘z huzurida o‘ntadan yetti yuz yaxshilikkacha, undan ham bir necha marta ko‘p qilib yozadi. Agar bir yomonlikni qasd etsayu unga amal qilmasa, Alloh uni O‘z huzurida bir yaxshilik qilib yozadi. Agar u (yomonlik)ni qasd qilib, amal ham qilsa, Alloh uni bir yomonlik qilib yozadi», dedilar». (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasaiy rivoyat qilgan.)
Har bir qilgan ezgu niyatimiz uchun Parvardigorimiz bittadan savob yozarkan, agar uni amalga oshirsak, 10 tadan 700 tagacha savob olarkanmiz. Shunday ekan, yaxshi niyat qilishda va uni amalga oshirishda bardavom bo‘laylik.
Bir zamonlar mashhur olim otasidan erta yetim qolarkan. Otasi o‘lgandan so‘ng o‘z shahrida turolmay, o‘zga yurtga borib, madrasada talabi ilm bilan shug‘ullanibdi.
Ko‘p qiyinchiliklar bilan o‘qishni tamomlab, yana o‘z shahriga qaytibdi. Ot-ulovsiz piyoda yurib, bir necha kun deganda bir toqqa kelibdi. Bu joyda bir mo‘ysafid cho‘pon bilan uchrashibdi.
Tolib cho‘ponni darrov tanibdi. Cho‘pon o‘zini ko‘tarib katta qilgan, otasining qo‘yboqari ekan. Chol ham tolibni tanib: «Tushimmi, o‘ngimmi?» deb ko‘rishibdi. Darrov belbog‘idan ikkita non chiqarib, uni sut bilan mehmon qilibdi.
Tolib cho‘pondan:
— Bu qo‘ylar kimniki? — deb so‘rabdi. Chol:
— Bolam, bu qo‘ylarning hammasi sizniki, siz u yoqdaligingizda otangizdan qolgan mollar har kimning qo‘lida qolib edi. Otangiz hayot vaqtida yaxshi niyat bilan 200 qo‘yni sizga atab menga topshirgan edi. Bu qo‘ylar bolalab, hozir 700 dan oshdi. Otangizning vasiyatini o‘z o‘rniga qo‘yganim uchun xursandman, bu qo‘ylarni endi sizga topshiraman, — debdi.
Tolib bir kecha cho‘ponning uyida mehmon bo‘libdi. Ertasi qo‘ylardan ikki yuzini ajratib cholga beribdi: — Ota, dadamning yaxshi niyatlarini yerda qoldirmay, omonatini menga yetkazganingiz uchun tashakkur. Siz ham bola-chaqali odamsiz, mana bu qo‘ylarni xizmat haqingiz uchun oling!
Cho‘pon tolibdan juda xursand bo‘libdi. Shundan so‘ng, tolib qolgan besh yuz qo‘yni haydab bozorga olib ketibdi. Bu qo‘ylar juda semiz bo‘lgani uchun atrofini haridorlar o‘rab olibdilar. Odamlar tolibdan:
— Qo‘yingiz necha pul? — deb so‘raganlarida, tolib:
— Men qo‘yimni yaxshi niyat bilan nasiyaga sotaman. Shu shart bilanki, pulini podsho o‘lgan kuni berasizlar. Shu shartimga ko‘ngan kishi bittadan yetaklab olib ketaversin! — debdi.
Bozordagi odamlar darrov talashib, qo‘ylarni bittadan yetaklab olib ketibdilar. Shu kuni podshoning amaldorlari unga bu xabarni yetkazibdilar.
Ey, podshohi olam, nima deysiz, bugun bozorga bir qalandarsifat yigit kelib besh yuz qo‘yni xalqqa yaxshi niyat bilan deb, nasiyaga tarqatib yubordi. Pulini podsho o‘lgan kuni berasizlar, deb sizga o‘lim tiladi. Podshohim, sizning o‘limingiz bilan ham yaxshi niyat qilinadimi? — debdilar. Shunda podsho g‘azablanib:
—Boringlar, o‘sha qalandarni mening huzurimga hozir qilinglar, deb buyuribdi. Amaldorlar darrov bozorga borib tolibning qo‘lini orqasiga bog‘lab, podshoning qoshiga olib kelibdilar, podsho qarasa, yoshligida birga o‘qigan do‘sti ekan. Podsho unga:
— Nima uchun shuncha qo‘yni xalqqa berib yubordingiz, mening o‘limimga shunaqa rozimisiz? — debdi. Shunda tolib:
— Ey podshohim, men chakki ish qilganim yo‘q. Sizning podsho bo‘lganingizni eshitib, yaxshi niyat bilan qo‘ylarni talatib yubordim. Shunday ham berib yuborishim mumkin edi. Biroq ba’zi bir odamlar tekin moldan hazar qilishadi. Shuning uchun qo‘yning pulini podsho o‘lgan kuni berasizlar deb aytdim. Endi qo‘ylarni olib ketgan odamlar: «Ishqilib podshohimiz o‘lmasin. Podsho o‘lsa qo‘yning egasi pulini qistaydi», deb sizni duo qilib yurishadi, debdi.
Tolibning bu donoligiga podshoning zavqi kelib uni o‘ziga vazir etib olibdi. Tolib esa vaqti kelib, buyuk olim bo‘lib yetishibdi.
Yaxshi niyat qilib murodiga yetishlikni nasib etsin.
Bekzod domla Adizov,
Shofirkon tumani "Xoja OriRevgariy Mohitobon"
jome' masjidi imom-noibi
Shofirkon tumani "Xoja OriRevgariy Mohitobon"
jome' masjidi imom-noibi