1- APRЕL HAQIQATI
01 апрел 2024 й.
436 марта ўқилди.
1- APRЕL HAQIQATI
Ma’lumki xalqimiz orasida 1-aprelni "YOLG‘ONCHILAR KUNI" deb, bir-birlarini aldab, qilgan ishlaridan zavqlanib, yolg‘onni o‘zlariga kasb qilib olgan kimsalar bor. Ular ushbu makr, aldovlarini "hazllashib gapirdik" deyishadi. Agar qilgan makr va aldovlarini gunohi kabira ekanligidan yoki 1-aprelni tarixidan xabardor bo‘lganlarida edi, albatta bunday shaytoniy sifatlardan o‘zlarini saqlagan bo‘lar edilar.
1-aprel aslida qanday kun? Tarixdan ma’lumki, 15-asrning oxiriga kelib Andalusiyada (Ispaniyaning eski nomi) nasroniylar va musulmonlar o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar bo‘ldi. Ushbu jangda nasroniylarning omadi kelib, musulmonlar mag‘lub bo‘lishdi. Nasroniylar qo‘shini musulmonlarning oxirgi qalasini qamal qilib, o‘rab olishdi. Musulmonlar qishning izg‘irin sovug‘iga chidab, uzoq muddat o‘zlarini himoya qildilar. Sovuq nasroniylarni ham holdan toydirgan edi. Qal’ani zabt etish uchun nasroniylar turli hiyla va tadbirlar qilishar edi. Hech bir hiyla nayranglari foyda bermagach, nasroniylar qo‘mondoni oxirgi hiylasini 31-mart kechasi qildi. U bir qo‘lida Qur’oni karimni, ikkinchi qo‘lida Injilni olib qal’a yaqiniga kelib shunday dedi: "Shu ikki ilohiy kitob bilan qasam ichamanki, agar shu kecha taslim bo‘lsangiz sizlarni hech narsa qilmayman" deb yolg‘on qasam ichdi. Musulmonlar o‘zaro maslahatlashib, o‘z jonlarini saqlab qolish evaziga qal’a darvozalarini ochib berib, taslim bo‘ldilar. Dushman qo‘mondoni 1-aprel kuni bularni barchasini o‘limga hukum qildi. Shunda musulmonlar "Qasam ichgan edingiz, bizga va’da bergan edingiz" deyishdi. Makkor qo‘mondon esa "Mening va’da va qasamim 31-mart kechasi edi, bugun 1-aprel, bu kun uchun hech qanday va’da bermaganman," dedida barcha musulmonlarni qilichdan o‘tkazib, o‘sha yerda shahid qildi.
O‘sha kundan boshlab 1-aprel nasroniylar (xristianlar) o‘rtasida "Hiyla kuni" deb nomlanib, nishonlanadigan bo‘ldi.
Ming afsuski, tarixdan bexabar minglab musulmonlar dushman nayranglarini qurboni bo‘lgan 1-aprelni oddiy bir hazl kuni deb, bir birlarini aldab ishontirishga harakat qilishib, ulkan gunohi kabiralar bilan mashg‘ul bo‘lishmoqda.
Shuni yaxshi bilaylikki tilimizdan chiqgan yolg‘on emas, balki rost so‘z uchun ham qiyomatda boshimiz bilan javob beramiz.
Robbim barchamizni tilimizni isloh qilsin. Omin.
Mustaqim Isoyev,
Shofirkon tuman "Qori Fazliddin" masjidi imomi
Shofirkon tuman "Qori Fazliddin" masjidi imomi
«орқага