Har bir jon o‘limni totguvchidir
07 октябр 2022 й.
«орқага
2009 марта ўқилди.
Har bir jon o‘limni totguvchidir
O‘lim har bir jon boshida bor haqiqat. Bundan hech kim qochib qutulolmaydi. O‘limni eslab yurish kishiga uning o‘zligini anglashga yordam beradi, uni turli tug‘yonlardan, insoniyligiga yarashmagan har xil tajovuzli qilmishlardan saqlaydi. O‘limni ko‘p eslagan odam o‘z gunohlariga istig‘for aytish bilan, yig‘lash bilan mashg‘ul bo‘lib, birodarlarining aybini izlashga unda vaqt ham, toqat ham qolmaydi. Xullas, o‘lim yodi juda ko‘p yaxshiliklarni qilishga, juda ko‘p yomonliklardan saqlanishga garovdir. Balki, barcha yaxshiliklar boshi o‘limni eslashda, barcha yomonliklar debochasi o‘limni yoddan chiqarishda, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
Shu sababli Payg‘ambar alayhissalom: "Lazzatlarni kesuvchi o‘limni tez-tez eslab turinglar", deganlar.
Payg‘ambar alayhissalomga ergashgan sahoba va tobe’inlar esa doim bu haqiqatni o‘zlarining hayot tamoyili qilib o‘tdilar.
Quyida ulardan kelgan ba’zi naqllarni keltirsak. Bu naqllarning ayrimlari o‘lim haqida bo‘lsa, yana birlari o‘sha ulug‘ zotlarning o‘lim asnosidagi holatlarini hikoya qiladi.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu shunday deydilar: "Men orangizda Umar roziyallohu anhuning oxirgi lahzalarini ko‘rgan odamman, u mehrobda pichoqlanganlaridan so‘ng kirganimda boshlari o‘g‘illari Abdulloh ibn Umar quchog‘ida edi. "Boshimni yerga qo‘y", dedilar. "Yer bilan sonim bir emasmi, nima farqi bor?", dedi o‘g‘illari. "Boshimni yerga qo‘y deyapman bola", deb ovozlarini ko‘tardilar bir-ikki bor. Boshlari yerga qo‘yilganidan keyin oyoqlarini cho‘zib: "Agar Alloh gunohimdan o‘tmaydigan bo‘lsa, holimga voy, onamning holiga voy", deya jon berdilar.
Oisha roziyallohu anho bunday hikoya qiladilar: "Otam Abu Bakr o‘lim to‘shagida nafaslari kalta-kalta bo‘la boshlaganda dedim: "Otajon, bu endi shoir aytganidek, ya’ni nafas kalta bo‘lib, yurak siqib kelgan kunda, o‘lim talvasasida na pul, na boylik foyda beradi", degan baytiga ishora qilmoqchi bo‘ldilar. Abu Bakr: "Yo‘q, balki bu Alloh taolo aytgan lahzadir: "Mana, o‘lim talvasasi ham haq-rost yetib keldi. Sening qochib yurgan narsang ham shu edi" (Qof surasi, 19-oyat), dedilar", otam.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu shunday deydilar: "Nasihatga o‘limning o‘zi kifoya qiladi".
Abu Dardo roziyallohu anhu esa bunday deydilar: "Kim o‘limni ko‘p eslasa, behuda xursandchiligi kamayadi, hasadi ozayadi".
Tobe’inlardan Said ibn Jubayr aytadilar: "Agar o‘limni eslash qalbimni tark etadigan bo‘lsa, qalbim buzilib qoladimi, deb qo‘rqaman".
Xalifa Umar ibn Abdulaziz Anbasa ibn Saidga shunday nasihat qiladilar: "Ey Anbasa! O‘limni ko'p esla. Chunki, agar ishing yurmay, hayotingda tanglik bo‘lib turgan bo‘lsa, o‘limni yodlash orqali diling yorishadi, orom olasan. Hayot lazzatiga masrur bo‘lib, kenglikda yurgan bo‘lsang, o‘limni eslash orqali bu holinga tang bo‘lasan".
Tobe’inlardan Sobit al-Bunoniy aytadilar: "Janoza ortidan yurar ekanmiz, faqat yuzini to‘sib yig‘lab ketayotgan yo yuzini to‘sib bir nuqtaga tikilgancha o‘yga tolgan odamnigina ko‘rar edik ya’ni, odamlar shu ikki holatdan boshqacha bo‘lmas edilar".
Xalifa Sulaymon ibn Abdulmalik tobe’inlardan biri Abu Hozimdan so‘radilar: "Nega biz o‘limni yomon ko‘ramiz?". U kishi: "Chunki sizlar dunyoni obodonlashtirib, oxiratingizni xarobazorga aylantirdingiz. Kim ham obod yerdan xaroba yerga o‘tgisi kelardi?".
Alloh taolo biz bandalarini ham o‘limni tez-tez eslab turuvchi, gunohlariga yig‘lovchi bandalaridan qilsin, qiyomat kunida yuzimizni yorug‘ etsin.
Karimov Olimjon
Peshku tuman "Xo'ja Peshku"
jome' masjidi imom xatibi.