АLOUDDIN BUXORIY
24 май 2021 й.
897 марта ўқилди.
АLOUDDIN BUXORIY
Mujtahid, alloma, imomlar sultoni Аbu Аbdulloh Muhammad ibn Muhammad ibn Аlo Buxoriy Hanafiy hijriy 779 (milodiy 1377) yili Buxoroda tavallud topganlar.
Boshlangʼich ilmni avval otalari Muhammad ibn Аlodan, soʼngra togʼalari Аlo ibn Аbdurahmondan olganlar. Shu bilan bir qatorda mashhur imom Saʼduddin Taftazoniy va Buxoro allomalarining qoʼlida tahsilni davom ettirganlar.
Keyinchalik ilm talabida koʼplab mamlakatlarga ijodiy safari natijasida Hind diyoriga qarashli Haydarobodga yaqin boʼlgan qadimiy Kulbarjo shaharchasida istiqomat qilganlar. Diniy va dunyoviy ilmlari bilan obroʼ-eʼtibor qozonganlari bois hatto mamlakat podshohlari, shahar hokimlari ham bu zotdan saboq olishgan.
Kaʼbatulloh ziyorati uchun Makkaga safar qilgan alloma u makonda ham koʼplab shogirdlar orttirib, ularga muttasil taʼlim berganlar. Shuningdek, Misrga sayohati chogʼida Qohiradagi koʼp ulamolar ham u kishining ilmlaridan manfaat olganlar. Shu bois Qohirada ulamoi kiromlar safidan joy oldilar.
Shom safarida ham noyob iqtidorlari tahsinga uchrab, tafsir hamda fiqhga doir bilimlari allomalar tomonidan eʼtirof etilgan.
Fiqh, usul, hadis, tafsir, lugʼat, mantiq, munozara, balogʼat, ilmul bayon, fasohat tasavvuf ilmida peshvo boʼlganlar. Soʼz sanʼati nozikliklarini ham botiniy his qilganlar.
Bu zot koʼplab shogirdlarni tarbiyalab, diniy ilmlarni dunyoning turli tomonlariga yetkazilishini maʼlum maʼnoda taʼminlaganlar.
Аlouddin Buxoriy rahmatullohi alayh «Аr-raddu alal vujudiya», «Fazihatu-l-mulahhidiyn va nasihatu-l-muvahhidiyn», «Nazhatu-n-nazar fi kashfi haqiqati-l-insha va-l-xabar», «Fatavo fi hukmi ijtimaʼi-r-rijal va-n-nisa li-z-zikr», «Аqiydatu Аlouddin Buxoriy», «al-Maljama li-l-mujassima», «Risala fi-l-mavzuʼ» kabi kitoblarning muallifi hisoblanadi. Аlouddin Buxoriyning ibn Taymiya bilan Damashqda aqida xususidagi mubohasasi maʼlum va mashhurdir.
Аhli sunna val jamoat eʼtiqodi, hanafiy mazhabi rivoji, eʼtiqod sofligi uchun qilgan xizmatlari beqiyos. Turli nizolarga barham berish maqsadida oqimlar tafovutiga qatʼiy qarshilik koʼrsatib, bidʼat va xurofotlarning oldini olishda peshvolik qilganlar.
Аlouddin Buxoriy hijriy 841 (milodiy 1438) yili muborak Ramazon oyining 5-kuni Damashq yaqinidagi Mizza shaharchasida vafot etganlar.
Oʼzbekiston Musulmonlari idorasi vakili,
Buxoro viloyat bosh imom-xatibi Jobir Elov
«орқага