ISLOM - BAG
15 ноябр 2024 й.
49 марта ўқилди.
ISLOM - BAG'RIKENGLIK DINI
Allohga hamdlar bo'lsinkim, bugun o‘ttiz yetti milliondan ziyodni tashkil etayotgan yurtimizdagi har bir inson o’z oilasida tinchlik, osoyishtalik, to’kin-sochinligu xotirjamlikda farovon hayot kechirmoqda. Albatta, buning asosiy negizi millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik, ijtimoiy hamkorlik g’oyalari asosida xalqni yakdillikka, birdamlikka boshlaydi. O’lkamizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari ahil-inoqlikda, shu yurtning ertasi uchun kamarbasta bo‘lib, yashayotgani har birimizning ko‘zimizni quvontirmoqda. Islom o‘zining ilk davrlaridayoq bag‘rikenglik dini sifatida namoyon bo‘ldi. Jahon dinlarining ichida faqat Islomda e'tiqod erkinligi ochiq-oydin e'lon qilingan. Baqara surasining 256-oyatida: «Dinda majburlash yo‘q»,-deyilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada islom ummatigagina emas, butun insoniyatga ibrat-namuna bo‘ldilar. U zot Madinaga hijrat qilganlarida davlat ishlaridagi birinchi ishlari o‘sha yerlik yahudiylar bilan ularning aqidalarini hurmat qilishga asoslangan ahdnoma tuzish bo‘ldi. Janob Rasululloh ahli kitobdan bo‘lgan qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatda bo‘lar, hadya berib, ulardan ham qabul qilardilar. Madinaga Habashiston nasroniylarining vakillari kelganida, ularni masjidga tushirib ziyofat berdilar va xizmatlarini qildilar. Hattoki Najron nasroniylari kelganida, ularga masjidning bir tomonida ibodat qilishga ijozat berdilar. Rasululloh o‘zlari namuna bo‘lgan holda butun ummatni insonlar o‘rtasidagi munosabatda halimlikka, bag‘rikenglikka, xushmuomalalikka chaqirdilar.
Islomda bag‘rikenglik masalasi juda muhim o‘rin tutadi. Islom kishilarni birdamlikka, yaxshilikka, ahillikka chorlaydi. Alloh taolo Qur'oni Karimning «Hujurot» surasi 13-oyatida: “Ey insonlar, men sizlarni har xil elatlar, xalqlar qildim, bir-birlaring bilan tanishinglar, ma'rifat hosil qilinglar deb”,-deya marhamat qiladi. Darhaqiqat, Islomda zo‘ravonlik, o‘zgaga zulm yetkazish yo‘q. Hattoki insonlarni dinga zo‘rlik bilan chaqirish ham mumkin emas. Qur’oni karimning Baqara surasi 256-oyatida “Dinda zo’rlash yo’q”, – deyilgan. Haqiqiy musulmon, o‘zini Islomda deb bilgan kishilarning shiori tinchlik bo‘lishi kerak. Musulmon odam, hadisga muvofiq, o‘zgalarga tili bilan ham, qo‘li bilan ham ozor yetkazmasligi kerak. Aksincha, mo‘min odam atrofdagilarga faqat manfaat yetkazishi zarur. Payg‘ambar alayhissalom: “Din bu - husni xulqdir”, deganlar. Ya'ni din bu odobdir, axloqdir, insoniylikning go‘zal tajassumidir. Xulosa qiladigan bo‘lsak, bag‘rikenglik inson tabiatiga bog‘liq narsadir. Alloh insonni xuddi shu tabiat ila yaratgan. Insonning sof tabiati shiddat va qiyinchilikni yoqtirmaydi. U doimo osonlik va yumshoqlikka moyil bo‘ladi. Alloh taolo: «Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganing-da, atrofingdan tarqab ketar edilar», degan (Oli Imron. 159-oyat).
E'tirof etish kerakki, bag‘rikenglik borasida o‘zbek zamini azaldan namuna bo‘lib kelgan.
Buxoro shahar "Xo'ja Tabband" jome' masjidi
imom-xatibi Muhammadjon Ahmadov
«орқага