Birovning haqqiga tajovuz qilmang
26 март 2018 й.
4632 марта ўқилди.

Birovning haqqiga tajovuz qilmang
 
 
    Darhaqiqat, hayot taqozosi bilan insonlar doimo bir-birlari bilan turli xil moliyaviy muomala qilishga muhtojdirlar. Lekin bu aloqada maqsadni halol yo'l bilan amalga oshirish, harom yo'llardan va o'zgalarni haq-huquqlariga hamda mol-mulklariga tajovuz qilmaslik shartdir.
    Hayotda o'zgalarning moliga ko'z olaytirib, ularga xiyonat qiladigan kimsalar qiyomatda Allohning huzurida hisob beradilar va albatta haqlar Alloh tarafidan o'z egalariga olib beriladi. Dunyoda qilgan tajovuzlari, xiyonatlari ularga alamli azobning kelishiga sabab bo'ladi.
    Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday deb marhamat qiladi: "Ey imon keltirganlar, mol-mulklaringizni o'rtada nohaq yo'llar bilan yemanglar. O'zaro rozilik asosidagi tijorat bo'lsa, bundan mustasnodir".
    Hayotda o'zgalarning haqqiga tajovuz qiladigan, o'zgalar molini o'zlashtirib oladigan kimsalar, garchi ko'zga uddaburon kishilar bo'lib ko'rinsa-da, nochor va bechora kishilar aynan o'shalardir.
    Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: "Ey sahobalarim, sizlar muflisni hech vaqosi yo'q, nochor inson deb bilasizlarmi?", dedilar. Sahobalar: "Bizning nazdimizda muflis shundayki, biror narsasi yo'q, hatto, biror dirhami ham bo'lmagan kishi muflisdir", deyishdi. Shunda Rosululloh sallallohu alayhi vasallam: "Mening ummatimdan haqiqiy nochorlar shunday kishilarki, qiyomat kunida namoz, ro'za, zakotlari bilan Allohning huzuriga kelishadi, shu bilan birga, dunyo hayotida insonlarni so'kib haqorat qilgan, yana birini ayblagan, boshqa birining molini harom yo'llar bilan yegan va birovning haqqiga tajovuz qilgan, boshqasining qonini to'kkan, yana birini nohaq urgan. Bas unday kishining yaxshi amallari qiyomat kunida ana o'sha haqdorilariga olib beriladi. Agar haqdorlarning har biriga haqlari olib berilgunga qadar yaxshi amallari tugab qolsa, ularning xatolari olinib bunga yuklanadi so'ngra do'zaxga hukm qilinadi", deb marhamat qildilar.
    Payg'ambar alayhissalom aytgan haqiqiy nochorlar mana shu toifadagi kishilardir. Agar yaxshiligi bo'lsa ham o'zgalarni aldab, molini o'zlashtirgani bois o'sha yaxshiligidan ham mahrum bo'luvchilardir.
    O'tmishda ajdodlarimiz birovning haqqidan qattiq hazar qilishgan, o'zganing haqqini olish u yoqda tursin, o'zlari bilmagan holda tasodifan kelib qolsa ham undan zudlik bilan qutilishgan.
    Mazhabboshimiz Imom A'zam rohmatullohi alayhning taqvolari, halolliklari, o'zganing haqqidan astoyidil qochganlari tarixda ma'lum va mashhurdir. Bu zot savdogarlik bilan shug'ullanib yurganlarida molning aybini aytishni unutib sotib yuborgani uchun savdogarchilikdagi o'ttiz yillik sheriklari Hafs ibn Abdurrohman bilan sheriklikni uzganlar va o'sha moldan kelgan daromadning hammasini sadaqa qilib yuborganlar. Hattoki, shubha aralashgan moldan o'zlarini shu qadar ehtiyot qilganlar.
    Islom dini insonning jonini qanchalik himoya qilgan bo'lsa, uning molini ham shunchalik himoya qiladi. Ya'ni birovning joniga tajovuz qilish katta gunoh bo'lganidek, uning moliga ham tajovuz qilish ulkan gunohdir. Firibgarlik qilib molni o'zlashtirgan yoki qarz olib uni egasiga qaytarmayotgan kishilar yoki omonatga xiyonat qilganlar qiyomatda Allohning rahmatidan mahrum kishilardir. Demak, bunday ishlarni qilayotgan kishilar, avvalo, o'zlariga o'zlari zulm qilayotgan kishilardir.
    Boshqalarning haqqini nohaq yeguvchilar sirasiga xoin, aldoqchi, o'g'ri, battol, foiz oluvchi ya'ni sudxo'r va foiz beruvchi, yetim molini yeyuvchi, yolg'on guvohlik beruvchi, qarz olib undan tonuvchi, poraxo'r, o'lchov va tarozidan urib qoluvchi, molining aybini yashirib sotuvchi, qimorboz, sehrgar, munajjim, fohisha, azada dod solib yig'lovchi, sotuvchidan so'ramay haqqini olib qoluvchi dallol, hur-ozod odamni sotib pulini yeydiganlar kiradi.
    Birovni haqqini yeyish ikki xil yo'l bilan bo'ladi: birinchisi – zulm orqali. Bunga zo'rlik bilan tortib olish, xiyonat, o'g'irlik, talonchilik bilan yeyish kiradi. Ikkinchisi hazil – o'yin orqali. Bunga qimor va turli ermaklar kiradi.
    Payg'ambar alayhissalom: “Kim qayerdan mol topayotganiga e'tibor bermasa, Alloh ham uni do'zaxning qaysi eshigidan kirishiga e'tibor bermaydi”, deganlar.
    Harom taomdan ulg'aygan bola, albatta, buzuq, zulmkor, axloqsiz bo'lib ulg'ayadi. Unga hech qanday pandu-nasihat, ta'lim-tarbiya kor qilmaydi. Chunki haromda shayton bor, harom luqma bilan birga bolaning tanasiga shaytoniy tabiat ham kirib, singib boradi. Bejizga Allohning kalomi bo'lmish Qur'oni Karim o'rtadagi molni nahaqlik bilan, botil yo'llar bilan yeyishdan qaytarmagan. Bekorga Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom ummatlarini faqat halol rizq topishga, o'zganing haqqidan hazar qilishga chaqirmaganlar. Harom do'zaxga yetaklaydi, halol esa jannat kafolatidir.
    Rosululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kim halol yeb-ichsa, sunnatga muvofiq amal qilsa, odamlarga zarar yetkazmasa, albatta, jannatga kiradi”, deganlar.
    Xulosa o'rnida shuni aytmoqchimizki, o'zganing haqqiga tajovuz qilishdan tiyilgan inson islom ummatiga munosib solih insonlardan bo'la oladi. Alloh taolo barchamizni birovning haqqidan hazar qiladigan, halol va haromni farqlaydigan, insofli, diyonatli va taqvodor bandalardan qilsin.
 
 
Karimov Olimjon
Peshku tuman "Bobo-Arab" jome'
masjidi imom xatibi
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 04:45
Куёш: 05:35
Пешин: 13:10
Аср: 18:25
Шом: 20:10
Хуфтон: 21:40
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram