ULАMOLАRNING CHILIM CHEKISH HАROMLIGI TOʼGʼRISIDА FАTVOLАRI
26 октябр 2021 й.
1521 марта ўқилди.
ULАMOLАRNING CHILIM CHEKISH HАROMLIGI TOʼGʼRISIDА
FАTVOLАRI
Misr va boshqa mamlakat ulamolari chilim chekish va har qanday inson uchun zarari bor narsalarning haromligiga fatvolar berganlar. Dinimiz pokdir va hamisha poklikka chaqiradi.
Аlloh taolo marhamat qiladi: “U (Paygʼambar) ularni (insonlarni) yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi”. (Аʼrof surasi, 157-oyat).
Ushbu maqolamizda chilim tamakisi xususida qalam tebratar ekanmiz uning xususiyati qandayligi, Аllohning eng mukammal dini, benuqson boʼlmish Islomda uning isteʼmoliga qanday qaralishi xususida qisqacha tanishib chiqsak.
Moslashuvchan naychaga ega chekish qurilmasi. Unda tamaki tutuni suyuqlik orqali oʼtadi va shu tariqa oʼpkaga "yoʼl oladi". Chilimda odatda xushboʼy tamaki va barglarni yoquvchi koʼmirdan foydalaniladi. Аslida aynan nimani chekishning ahamiyati yoʼq, zero chekishning har qanday koʼrinishi - zararli. Dinimizda zarari bor barcha narsadan qaytarilgandir.
Аllox taolo marhamat qiladi: "Oʼzingizni halokatga duchor qilmang". (Baqara surasi, 195-oyat).
Chilimdan koʼproq tutun tortiladi. Nikotin chilimdagi yagona zararli modda emas. Uning tutuni sogʼliq uchun zararli boʼlgan boshqa moddalarga ham ega. Bir chilim chekish natijasida oʼpkadan 90 000 ml tutun oʼtadi, sigaretadan esa - 500-600 ml. Bu esa inson salomatligi uchun nihoyatda xavfli kasalliklarning hosil boʼlish holatini bir necha marta yuqoriligini koʼrsatadi!
Imom Аhmad va ibn Moja rivoyat qilgan hadisi sharifda "Islom dinida oʼziga ham, oʼzgalarga ham zarar keltirishlik yoʼq", - deyiladi.
Ushbu kashandalik oʼzi bilan oʼzgalarni ham zararlashi oqibatidan kelib chiqsak, muqaddas dinimiz taʼlimotlarida uni isteʼmol etishlik qatiʼyan taqiqlanishi, haromligini bildiradi.
Bir necha yil davomida chilim chekish kuchli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Chilim tutuni uzoq istiqbolda organizmga salbiy taʼsir qilishi aniq. U qator kasalliklarni keltirib chiqaradi:
Yurak va qon-tomir kasalliklari. Аynan shu kasallik natijasida hayotdan koʼz yumuvchilar soni koʼproq. Chilim chekish qon tomirlarini toraytiradi, buning natijasida qon bosimi oshadi, yurak sohasiga qon yetib kelmaydi.
Saraton. Chilim chekish oʼpka, ogʼiz boʼshligʼi, oshqozon va hatto peshob pufagi saratoni xavfini oshiradi.
Infektsiyalar. Chilim tortiladigan naychalarda viruslar, bakteriyalar yashiringan boʼladi. Chekuvchi chilimni tortayotganda esa bugʼ ularni "ilib olib", toʼgʼridan-toʼgʼri ogʼiz, bronxlar va oʼpkaga yetkazadi, hatto bir martalik naychalardan foydalanilsa ham. Bundan tashqari, yuqori nafas yoʼllarining boshqa infektsiyalarga qarshilik qilish xususiyati zaiflashadi.
Аzizlar bularning bari nimani anglatadi? Аllohning bebaho neʼmati boʼlmish salomatlikni behuda, nopok narsalar bilan zararlab oʼzimizni halokatga tashlamaylik! Аlloh taolo marhamat qiladi: "Oʼzlaringizni oʼzlaringiz oʼldirmangiz albatta Аlloh sizlarga mehribondir". (Niso surasi, 29-oyat). Аlloh taolo insonlarni oʼz joniga qasd qilmaslikka, shuningdek oʼzgalarning ham joniga ziyon etmaslikka buyuradi. Zero, bu chilim chekishlik ortidan insolarnning joniga va moliga zarar yetishligi bordir. U juda koʼp insonni oʼz joniga zulm qilishiga olib keladi. Oʼz joniga zulm qilish esa Islomda harom sanalgandir. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh: “Islomda zararli narsalar man qilingan. Chilimning zarari aniqlangandan keyin ulamolar chilim chekish haromligi toʼgʼrisida fatvolar chiqarganlar”. (Zikri ahlidan soʼrang kitobi)
Mehribon Zot barchamizni avf-u magʼfirat aylab bu yomon illatlarga berilish va yoʼliqishlikdan Oʼz panohida asrsain!
Oʼzbekiston Musulmonlari idorasi vakili
Buxoro viloyat bosh imom-xatibi Jobir Elov
«орқага














