Islomda sehr-joduga qanday qaraladi.
Sehrgar Quroni Karimda qattiq qoralangan. Alloh taolo Toho surasining 69-oyatida bunday marhamat qiladi:
“Sehrgar qayerda bo’lsa ham, zafar topmas”
Sehr va sehrgarlik hadisi shariflarda ham qoralangan va mo’min–musilmon bandalarning bu harom ishga mutlaqo yaqinlashmasliklari lozimligi qayta-qayta ta’kidlangan. Abu Hurayra r.a rivoyat qilinadi:“Rasululloh s.a.v : “Kim tugun tugib, unga dam ursa, sehr qilgan bo’ladi. Kim sehr qilsa, Shirk keltirgan bo’ladi”, deb aytganlar”. Kim sehr bilan shug’ullansa shirk keltirgan bo’lishini yuqoridagi hadisda ta’kidlanmoqda, Alloh taologa shirk keltirish esa gunohi kabiralardan hisoblanadi.
Qay bir jamiyatda dindan bexabarlik, ilmsizlik, johillik ko’paysa, turli irim-sirimlar, xurofotlar va zararli illatlarga yo’l ochiladi. Mana shunday taraqqiyot tobora rivojlanib ilm-fanga e’tibor kuchayib keng imkoniyatlar qilib berilayotgan bir vaqtda, odamlar orasida folbinga boradiganlar, folbinning aytganini qiladiganlar va folbinlarga oid savollar beradiganlar ko’payib qoldi. Shuningdek, sehr va sehrgarlar mavzusiga oid turli mish-mishlar, asossiz gap so’zlar ham tobora xalq orasida urchib bormoqda.
Bemorlarni hech kim davolay olmayotgan dardlardan turli noan’anaviy yo’llar vositasida “xalos qilayotganlar” to’g’risidagi mashmashalarini eshitmagan odam bo’lmasa kerak. Kimdir odamlari orqali kishilar ustida amaliyot o’tkazgani, Farg’onalik bir xonim hatto farishtalarni ishga solib, dardlarga malham bo’layotgani, yana birov ilgirlik bilan hamma dardga shifo topayotgani, boshqa birov qamchi bilan urib davolayotgani va hokazolarni aytib, hammani hayratda qoldiradigan bo’lib ketdi.
Lekin o’sha folbin, sehrgar, munajjim yoki bashoratchilarning ishqibozlari bir oz aql ishlatib, qilayotgan ishlarining mohiyati haqida chuqurroq fikr qilib ko’rsalar edi! O’zlari e’tiqod qilib, ko’tar-ko’tar qilayotgan shaxslar kimlar, ular sodir etayotgan “mo’’jiza”larning haqiqati nimadan iborat bu haqda uylab ham ko’rmaydilar. Qiziga sovchi chiqmayotganidan folbinga kelgan ona negadir o’sha folbinning o’zi beva ekanini, yoki oilasi buzilganini, yohud uning farzandlari va yaqin kishilarida xuddi shu muammoning borligini uylab ham ko’rmaydi. Tuzukroq mansab ilinjida yurgan amaldor “Bu odamning qo’lidan mansabga ko’tarish kelsa, mening o’rnimga o’zi o’tib olmasmidi yoki o’g’lini, qarindoshini yaxshiroq bir mansabga ko’tarib qo’ymasmidi”, deb o’ylab ham ko’rmaydilar.
Ilm-ma’rifat, taraqqiyot da’vo qilib turilgan davrda bunday ishlarning sodir bo’lishi ilohiy ta’limotdan uzoqlashgan insonning nima to’g’ri kelsa, o’shani qilaverishini ko’rsatib turibdi. Albatta, folbinlar ko’proq kelajakda ro’y beradigan ishlarni bilishini da’vo qiladilar. Bu esa shariat hukmi bo’yicha kufr hisoblanadi. Chunki g’aybni faqat Alloh taoloning O’zigina biladi. Kim uni bilishini da’vo qilsa, kofir bo’ladi. Ana shunday bir paytda Islom aqidasidek ochiq, aniq va ravshan aqidaga ega bo’lmaslik har bir inson, har bir jamiyat uchun juda xavflidir. Mustahkam va ravshan aqida bo’lmaganidan keyin turli bidat, xurofot va safsatalarga ishonib ketilaveradi. Oqibatda bitmas-tuganmas musibatlarga duchor bo’linadi. Alloh taoloning mukammal dini nazdida folbinlar sariq chaqaga ham arzimaydigan kimsalardir. Lekin bu haqiqatni tushinib yetmagan odamlar ularning qandaydir qiymati bor, deb yuradilar. “Nabiy s.a.v: “Kim arrofga borib, undan biror narsa haqida so’rasa, uning namozi qirq kechagacha qabul bo’lmaydi”, dedilar”. Boshqa bir hadisda Rasululloh s.a.v: “Kim folbinga borib, uning gapiga ishonsa Muhammad s.a.v ga nozil bo’lgan narsadan ajrabdi. Kim uning huziriga kelsa-yu gapiga ishonmasa qirq kecha namozi qabul bo’lmaydi”, dedilar.
Ozgina fikr qilib o’ylab ko’radigan bo’lsak haqiqiy mo’min uchun qirq kunlik emas, bir mahal namozining qabul bo’lmay qolishi ulkan musibatdir. Bu musibat faqatgina folbinga borib, undan bir narsa haqida so’rashning jazosidir. Uning aytganiga ishonadimi-yo’qmi, bining farqi yo’q. Ammo kim folbinga borib, uning aytganini tasdiqlasa, kufrga ketgan bo’ladi. Bunday holga tushib qolishda Allohning O’zi barchamizni asrab, o’zining to’g’ri hidoyat yo’lidan adashtirmasin.
Buxoro viloyati Peshko' tuman
“Malishoyak” jome' masjidi
imom xatibi Sh.Rahmonov
«орқага