Islomda sog’lom turmush tarzi
Islom dinini faqat butun insoniyat hayoti va yashash tarzi bilan bog’liq muammolar yechimini hal qiladi, balki ularning shaxsiy hayoti bilan bog’liq ruhiy va jismoniy ehtiyojlariga qaratilgan chora-tadbirlar hamda ko’rsatmalarga ham jiddiy e’tibor beradi. Bunga har bir insonning ovqatlanish, kiyinish, yashash va o’zaro muomala tarzini ilohiy ko’rsatmalardan chetga buradigan, orzu va havaslarga taalluqli holatlarni misol keltirish mumkin. Shu bois inson hayotini bezaydigan oliy janob axloq-odob me’yorlari unutilib, ochko’lik va baxillikka olib boruvchi dunyoparastlikka ham moyillik kuchayadi. Shundan inson bora-bora o’rtaxollik va mo’tadillik bilan yo’g’rilgan islomiy me’zon va odob-axloq me’yorlaridan uzoqlashib yashashga ko’nikma hosil qiladi.
Islom dini ta’limoti jism va nafs ehtiyojini muvofiqlashtirish, biri ikkinchisiga tajovuz qilmaslikka chaqiradi. Jism va nafs ehtiyoji belgilangan suratda qondirilsa, insonga bu dunyo va oxirat uchun bajarish lozim bo’lgan vazifalarni ado etish masalasi yengilashib boradi. Inson uchun badaniy ehtiyojlar va ruhiy- ma’naviy talablar yechimlar to’g’ri hal etilmas ekan, o’zaro muvofiqlik yo’li tutilmas ekan, dunyo hayoti ham, oxirat saodati ham birday bor beriladi.
Islom ta’limotiga ko’ra inson yashashi uchun jismoniy va ruhiy-ma’naviy ehtiyoj bir xil zarurat bo’lib, tarki dunyolikni ham, hoyu havaslarga qo’l bo’lib yashashni ham inkor etadi.
Hayot mazmunini faqat yeb-ichish va aysh-ishratdan iborat deb tushunadigan toifalar o’z maqsadlari yo’lida butun jon-jaxti bilan harakatga tushib, maqsadlariga erishganda esa kayf-safo va lazzat-farog’atga umrini sovuradilar. Alloh taolo bunday toifalarni aql va fahm-farosatdan ayrilgan chorv hayvonlarga tenglaydi. Alloh azza va jalla ular haqida shunday deydi:
إِنَّ اللَّهَ يُدْخِلُ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِن تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ
وَالَّذِينَ كَفَرُوا يَتَمَتَّعُونَ وَيَأْكُلُونَ كَمَا تَأْكُلُ الْأَنْعَامُ وَالنَّارُ مَثْوًى لَّهُمْ
“Alloh taolo iymon keltirgan solih amallarni qilgan zotlarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritur. Kofir bo’lgan kimsalar esa (dunyo lazzatlaridan) foydalanib, chorva hayvonlari yeganiday yeb-ichurlar va do’zax ularning joylaridur”1
Otamiz hazrati Odam va onamiz hazrati Havo bilan boshlangan insonlar jamiyati oilalardan tashkil topgan. Oila - jamiyat poydevori. Poydevor sog’lom bo'lmasa, jamiyatning sog’lom bo'lishi mumkin emas. Odam aqlini millat va ummat qilgan, ma'naviy qadriyatlarning nasldan naslga o'tishini ta'minlaydigan eng asosiy vosita oiladir. Bajarilishi lozim bo'lgan vazifalar borasida oilaning o'rnini bosa oladigan boshqa bir tashkilot yo'q.
Inson hayotning turli xil qiyinchilik va dardlarini bir o'zi ko'tarishi dushvor, qayg’u va quvonchlariga sherik bo'ladigan boshqa kishilarga ehtiyoji bo'ladi. Kishining eng yaqin hayotiy do'sti turmush o'rtog’idir. Eru xotin bir-birlari uchun Allohning buyuk iltifoti hisoblanadi. Haq Taolo o'z kalomi sharifida bu xususda shunday marhamat qiladi:
وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُم مِّنْ أَنفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِّتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُم مَّوَدَّةً
وَرَحْمَةً إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِّقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
"Uning oyatlaridan (yana biri) - U zot sizlar hamdam bo'lishlaringiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratdi..."1
Oila jannat go'shalaridan bir go'shadir. Haqiqiy baxtga faqat oilaning sog’lom muxitida erishmoq mumkin. Sevgi, hurmat, birdamlik va bir-birini tushunish asosiga qurilgan oila jamiyatning moddiy va ma'naviy sug’urtasidir.
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotdagi ulkan o'zgarishlar, boshqa sohalar kabi, oila hayotida ham bir qancha yangi tushuncha va o'zgarishlarga yo'l ochmoqda.
Islomda oila diniy mohiyatga ham ega. Oila qurish haj kabi ham moliyaviy, ham badan ibodatdir. Ba'zi olimlar oila qurish nafl namozlaridan fazilatliroq deganlar.
Uylanishning shar'iy, aqliy va tabiiy sabablari mavjud. Oila qurishga undaydigan bir qancha oyat va hadislar bor. Bundan tashqari inson o'zidan so'ng naslining davom etishini istaydi. Bu esa faqat turmush qurish yo'li bilan bo'ladi. Boshqa tarafdan oila qurish tabiiy ehtiyojdir. Ayol va erkak tabiatida mavjud bo'lgan jinsiy maylni shar'iy yo'l, ya'ni nikoh bilan qondirish shart. Islomda nikohdan tashqari bo'lgan jinsiy aloqalar harom qilingan. Islomiy oila din va nasl-nasabga tayanadi.
Insonning bo'ynida bir talay mas'uliyatlari bor. Qur'on ta'biri bilan aytganda "Omonat" yuklangan. (Ahzob 72) Inson borliqning bezagi, maxluqotlarning eng sharaflisi va Allohning erdagi xalifasidir. Inson bo'ynidagi omonatini ado etishda yordamga muhtoj bo'ladi. Bu madad markazdan uzoqqa - oila, qo'shni, millat, ummat shaklida bo'ladi. Markaz, ya'ni oila bir vaqtning o'zida poydevordir. Inson jamiyatlarini millat va ummat qilgan, ma'naviy qadriyatlarning nasldan naslga o'tishini ta'minlaydigan, bu oiladir. Uning o'rnini bosa oladigan boshqa hech qanday tashkilot yo'q.
Oilalarning arzimas sabablar tufayli buzilib ketishi, jamiyatni halokat yoqasiga olib kelishi muqarrar. Oila naqadar sog’lom bo'lsa, jamiyat ham shunday baquvvat bo'ladi. Oila bizni hayotning qiyinchiliklaridan, iztiroblaridan tortib chiqaradigan, ichki olamimizni oydinlatadigan, bizga hayot kurashida kuch va jasorat beradigan ishonch manbaidir.
Hayotda birgina yurakning o'zi ko'tara olmaydigan g’amu tashvishlar bisyor. Ba'zan chidash qiyin bo'lgan, qalbni ezuvchi tog’day dardlarni ko'ngilga yaqin odamga aytsangiz, o'z kuchini yo'qotadi - ariydi. Kishi hasratlarini eng yaqin va sevgan insonlarigagina ayta oladi. Insonga eng yaqin odam esa aksariyat xollarda uning umr yo'ldoshi bo'ladi.
Mamlakatimiz qonunlarida ham, mavjud diniy tashkilotlarning faoliyatida ham oila masalasiga jiddiy ahamiyat qaratilgan. Xususan, davlatimizning Bosh qomusida "Oila jamiyatning asosiy bo'g’inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo'lish huquqiga ega" deb belgilab qo'yilgan.
Ulamolarimizning fatvolari asosida esa yurtimiz musulmonlari barcha diniy muammolari qatori oila, nikoh, taloq kabi shar'iy masalalarni bemalol hal qilish imkoniyatiga egadirlar.
Yurtimizda oilaga jamiyatning asosiy negizi sifatida qaralib, sog’lom oila muhitini yaratish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog’lom avlodni shakllantirish borasida juda ko'p xayrli ishlar amalga oshirilgan va oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz tomonidan sog’lom avlodni shakllantirish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog’lom bola tug’ilishi, jismoniy va ma'naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator qaror va dasturlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. Mustaqillikka erishganimizdan buyon Yurtboshimizning tashabbuslari bilan oila mustahkamligi va farovonligiga dolzarb masala sifatida qaralib, yillarga "Oila", "Ona va bola", "Sog’lom avlod", "Yoshlar" va "Barkamol avlod yili" degan nomlar berilib, maxsus dasturlar qabul qilinyapti.
Albatta, bularning barchasi, bugungi kunda mamlakat aholisining 64 foizini tashkil etadigan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlarning ilmli va kasb-hunarli bo'lishlari, jamiyatda o'z o'rnini topishlari uchun hukumatimiz yuksak e'tibor berayotganining yorqin dalilidir.
Shu o'rinda ta'kidlash kerak, davlatimiz va jamiyatimiz sog’lom hamda mustahkam oila masalasida, birinchi navbatda, yangi qurilayotgan yosh oilalarga g’amxo'rlikni ustuvor vazifa deb biladi. Yosh oilalar ijtimoiy himoyaga olinib, moddiy va ma'naviy jihatdan qo'llab-quvvatlanadi.
O'zbek xalqi tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, eng qimmatli an'analar: halollik, rostgo'ylik, or-nomus, sharmu hayo, mehru oqibat, mehnatsevarlik kabi barcha insoniy fazilatlar, eng oldin oilada shakllanishining guvohi bo'lamiz.
Bugungi kunda ham ana shu an'analarni davom ettirib, ota-onalarimiz oilaning sog’lom iqlimi, bir-biriga mehr va hurmat sharoitida, oila bag’rida farzandlarini el-yurtning munosib o'g’il-qizlari, Vatanning haqiqiy sodiq fuqarolari bo'lib voyaga yetishlari uchun jon kuydirishmoqda. Xalqimiz "Qush o'z uyasida ko'rganini qiladi", deb bejiz aytmagan, bu gapda chuqur ma'no-mazmun bor.
Oila hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta'minlaydigan, ezgu urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllar qanday inson bo'lib etishishiga bevosita ta'sir ko'rsatadigan tarbiya o'chog’i ekanini unutmasligimiz kerak.
Muqaddas Islom dini ta'limotlariga tayangan holda o'zbek oilalari o'z farzandlariga diniy va dunyoviy bilimlar berish bilan bir qatorda, axloq-odoblarini ham chiroyli qilishga intilishyapti. Zero, Payg’ambarimiz (solallohu alayhi va sallam) o'zlari: "Men insonlardagi axloq-odobni takomiliga etkazish uchun yuborilgan payg’ambardirman" - deganlar. Demak, Alloh taolo ul zotni aynan shu maqsadda yer yuziga elchi qilib yuborgan, U zot bu borada hammamizga namunadirlar.
Mirshod Rahmonov
Mir Arab o`rta maxsus
islom bilim yurti kotibi
1 “Muhammad”surasi 12-oyat.
1 “Rum” surasi 21-oyat.
«орқага