ISLOMDA BAG’RIKENGLIK
08 июн 2020 й.
1184 марта ўқилди.
ISLOMDA BAG’RIKENGLIK
Allohga behisob shukrlar bo’sinki, yurtimiz osmoni tinch, ertasi bugunidan go’zal, bag’rida kelajak avlod erkin kamol topaуарdi. Albatta bunday bo’lishiga sabab xalqimizning ahilligi hamjihatligidadir.
Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, qaysi jamiyatlarda ahillik, birodarlik o’zaro hamjihatlik joriy bo’lsa, taraqqiyot ravnaq va el osoyishtaligi-yu, xalq farovonligi hukm surgan. Aksincha, qay bir jamiyatda murosasizlik o’zaro xusumat kuchaysa, bunday jamiyatlarda urush va mojarolar avj olgan yurt vayron el esa parokanda bo’lgan. Alloh taolo bandalarini bir-birovini qon to’kishiga mojarolar chiqarishga emas, qanday din va e’tiqod bo’lishidan qat’iy nazar ahillikda bir-birlariga bag’rikenglikda o’zlarining haq-huquqlarini hurmatlagan holda yashashga buyurgan.
O’tgan asr davr mobaynida har millat vakili o’z iste’dodi va salohiyatini to’la namoyon etib, Vatan ravnaqi, Yurt tinchligi, xalq farovonligi kabi ezgu maqsadlar sari safarbar etib kelgan. Islomda bag’rikeng bo’lishning bir qancha ko’rinishlari mavjuddir.
1. Islomda musulmon kishi boshqa din vakillari bilan yaxshi muomala va munosabatda bo’lishi kerak. Bu haqida Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan: “Din to’grisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o’z yurtingizdan chiqarmagan kimsalarga yaxshilik qilishingiz adolatli bo’lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas albatta Alloh adolatli kishilarni sevar”. (Mumtahana surasi, 8-oyat).
2. Islom dinimiz oldi-sotdi va qarz talab qilishda ham bag’rikeng bo’lishga chorlaydi. Bu haqida Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday degan: “Sotganda ham olganda qarzni talab qilganda ham bag’rikeng bo’lgan kishini Alloh taolo rahm qilsin”. (Imom Buxoriy rivoyatlari).
3. Islom dinimiz qiynalgan kimsadagi haqni kechishda bag’rikeng bo’lishga targ’ib qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar. “Alloh taolo qiyomat kunidagi mashaqqatlardan qutqarishi kimni xursand qilsa, kambag’al bo’lib qolgan qarzdorlardan qarzining barchasini yoki bir qismini kechsin”. (Imom Muslim rivoyatlari).
4. Islom dinimiz hatto yomonlik qilgan qarindoshga ham yaxshilik qilishga va silai rahmni uzaman degan bilan silai rahmni bog’lash yo’lida bag’rikeng bo’lishga chaqiradi”.
“Bir kishi “Ey Allohning Rasuli! Mening qarindoshlarim bor, men ularga silai rahm qilaman ular uzadilar. Men ularga yaxshilik qilaman ular menga yomonlik qiladilar. Men ularga hakimlik qilaman ular menga johillik qiladilar”, - dedi. Shunda Rasullulloh alayhissalom “Agar siz o’zingiz aytganingizdek bo’lsangiz xuddi ularga issiq qo’lni yedirayotgandeksiz. Modomiki, shu holda bardavom bo’lar ekansiz, Alloh tomondan siz bilan birga ularning qarshisiga bir yordamchi bo’ladi”. (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadisi sharifda qarindoshlar hatto senga yomonlik qilganda ham ularga marhamatli bo’lib, yaxshilik qilishga dav’at qiladi.
O’z dinining talablarini chuqur anglagan ajdodlarimiz tarixini o’rganadigan bo’lsak, Islom o’lkalariga har bir din vakillariga erkinlik ta’minlangan, birorta shaxs tomonidan o’z aqidasining boshqalarga majburlab singdirilishiga yo’l qo’yilmagan, bag’rikenglik borasida o’zbek xalqi azaldan namuna bo’lib kelgan.
Alloh taolo aziz va mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha mo’min-musulmonlarni millat va elatlarni tinch - totuv o’zaro hurmat va e’tiborda istiqomat qilishlarida madadkor bo’lib, ona vatanimizni turli balo va ofatlardan hifzu himoyasida saqlasin! Amin!
Shofirkon tumani “Axad hoji Qilich o’g’li” jome’ masjid
imom - xatibi Rajabov Sadriddin
«орқага