Alloh taolo isrof qilguvchilarni sevmas!
14 декабр 2022 й.
445 марта ўқилди.
Alloh taolo isrof qilguvchilarni sevmas!
MA’RIFAT SABOQLARI
Alloh taolo oxirzamon ummatini ummatlar ichida eng afzali qildi. Ularning afzalligi har bir ishda vasatiy bo‘lganlaridandir. “Vasatiy” so‘zi “o‘rta”, “moʻtadil” va “afzal” kabi ma’nolarni anglatadi. Alloh taolo bu haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “...sizlarni o‘rta ummat qildik” (Baqara surasi 143-oyat).
Darhaqiqat, bu ummatning har bir ishi moʻtadillik ustiga qurilgan. Isrof – ijtimoiy illatlardan biri. Bu so‘z “haddidan oshish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa har bir narsada Alloh taolo belgilab bergan chegaradan chiqib, U Zot bergan ne’matlarni o‘z o‘rniga sarf etmaslik isrofdir. Urfda esa mol-davlatni zoye qilishga isrof deyiladi. O‘zbek tilida “isrof” so‘zi bilan birga “uvol qilish” va “ne’matni qadrlamaslik”, “nest-nobud qilish” kabi ifodalar ham qo‘llanadi.
Isrofning katta-kichigi bo‘lmaydi! Lekin uning ma’nosini tushuntirish uchun olimlardan biri quyidagi misolni keltiradi: “Kosa tagida ortib qolgan taomni toza yemaslik ham isrofdir”. Endi bir o‘ylab ko‘raylik, kosa tagida ortib qolgan ozgina taomni yeb qo‘ymaslik isrofgarchilikka kirsa-yu, hayotimizdagi keraksiz dabdababozliklarni nima deb baholash mumkin?!
Barcha ulamolar isrofning harom va gunohi kabira ekaniga ittifoq qilganlar.
Alloh taolo isrofgarni suymaydi.
Bu haqida Alloh taolo O‘z Kalomi majidining An’om surasi 141-oyatida bunday marhamat qiladi: “Va isrof qilmanglar. Albatta, U isrof qilguvchilarni sevmas”.
Isrofgar shaytonning do‘stidir.
“Isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi” (Isro surasi 27-oyat).
Isrof deganda, ko‘pchilik yemoq-ichmoqning ortib qolishini tushunadi, xolos. Lekin isrofning juda ko‘p turlari bor. Ularning eng ko‘p tarqalgan ko‘rinishlaridan biri oziq-ovqatdagi isrof.
Alloh taolo yemoq-ichmoqda isrofga berilishdan qaytaradi. Bu haqida O‘z Kitobida bunday marhamat qiladi: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (A’rof surasi 31-oyat).
Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Isrof va takabburlik qilmagan holda yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar!” dedilar” (Imom Nasoiy rivoyatlari).
Yemoq-ichmoqdagi isrof nafs xohlagan har narsani yeyaverish, harom va shubhali narsalarni iste’mol qilish hamda to‘ygandan keyin yeb-ichish bilan bo‘ladi.
Miqdom ibn Ma’diykariba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini tutadigan luqmalar yetarlidir. Agar juda lozim bo‘lsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va nafasi uchun uchdan bir”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Tibbiyot olimlarining ta’kidlashicha, aksariyat kasalliklar noto‘g‘ri va ko‘p ovqatlanishdan kelib chiqadi.
Shu o‘rinda suv isrofi haqida ham bir oz to‘xtalsak. Suv Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biri bo‘lib, inson hayotini suvsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Yer yuzida chuchuk suv zaxirasi juda oz. Dunyoda ichishga yaroqsiz qariyb 98 foiz suvni ummon va dengizlarning sho‘r suvi tashkil qiladi. Shundan ichishga yaroqlisi faqatgina 2 foiz chuchuk suvdir.
O‘z bandalariga o‘ta mehribon Parvardigori olam Qur’oni karimda butun insoniyatga qarata bunday marhamat qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (Voqea surasi 68-70-oyatlar).
Ko‘cha-ko‘yda ichimlik suv isrof bo‘layotganiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Uyda ba’zan ehtiyojimizdan ortiqcha suv sarflaymiz, tejamaymiz. Shuni unutmaslik kerakki, hatto tahoratda bo‘lsa ham, suvni isrof qilish yaramaydi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan Sa’d roziyallohu anhuning oldidan o‘tdilar va: “Bu qanday isrofgarchilik?!” dedilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ha, garchi oqar daryo oldida bo‘lsangiz ham, isrof bo‘ladi!” dedilar” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Janobi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tahoratlariga bir mudd (0,688 litr), g‘usllariga esa bir so’ (2,752 litr) suv ishlatardilar. Biz ham mana shularga amal qilsak, suv bilan bog‘liq muammolar yechimiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Kelajak avlodga bebaho ne’matni yetkaza olamiz.
Isrof masalasi kiyim-kechakka nisbatan ham qo‘llanadi. Inson o‘ziga kerakli liboslarnigina kiyishga odatlanishi lozim. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish ham isrof.
Muhtoj kishilarga ehson va sadaqa qilish marg‘ub amallardan va buning uchun bandaga ulkan savoblar va’da qilingan. Ammo bu borada ham me’yordan oshilsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi. Saxovat go‘zal fazilatlardan biri bo‘lsa-da, bu borada xasislik va isrofgarchilik o‘rtasidagi me’yorni tutish muhimdir.
“Qo‘lingni bo‘yningga bog‘lab olma! Uni bir yo‘la yozib ham yuborma! Yana malomat va hasratda o‘tirib qolmagin!” deyiladi Qur’oni karimning Isro surasi 29-oyatida.
Ushbu oyati karimada mol-davlatning sarfi aslida qanday bo‘lishi kerakligi bayon qilinmoqda.
“Qo‘lingni bo‘yningga bog‘lab olma!”, ya’ni baxil bo‘lma! Oyati karimada baxillik juda ham ajoyib o‘xshatish bilan vasf qilinmoqda. Qo‘lini bo‘yniga bog‘lab olgan odam hech qachon hamyoniga qo‘l sola olmaydi va undan pul olib, birovga ehson qilmaydi. Shuning uchun baxil qo‘lini bo‘yniga bog‘lab olgan kishiga o‘xshatilmoqda.
“Uni bir yo‘la yozib ham yuborma!”, ya’ni qo‘lingni bir yo‘la yozib, bor-yo‘g‘ingni boshqalarga berib, tugatib ham qo‘yma!
“Yana malomat va hasratda o‘tirib qolmagin!” O‘ylamasdan, borini behuda sarflab, sariq chaqasiz qolgan odam malomatga uchraydi. Uni hamma malomat qiladi. Noto‘g‘ri va noo‘rin tasarrufini qoralaydi. Shuningdek, vaqt o‘tgandan keyin uning o‘zi ham qilgan ishiga pushaymon bo‘lib, hasrat-nadomat chekadi.
“Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, tutgan yo‘llari buning o‘rtasida – moʻtadildir”, deyiladi Qur’oni karimning Furqon surasi 67-oyatida.
Xayr-ehsonda isrofgarchilik qilib, turli tadbir va marosimlarda kimo‘zarga, dabdabalarga berilish ortida kibr va riyo illatlari yotadi. Bunday illatlar insonni dunyo va oxiratda halokatga olib boradi.
Yuqorida moddiy ne’matlar isrofi haqida eslab o‘tildi. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi ma’naviy isrofgarchilikdir. Ulardan biri ibodatdagi isrofdir.
Buni qarangki, hamma narsani tartib-intizom bilan ado etishga chaqirgan dinimiz ibodatlarda ham moʻtadil bo‘lishga va isrofga yo‘l bermaslikka chorlaydi!
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Darhaqiqat, bu din – yengildir! Biror kishi dinni qiyinlashtirsa, uni mag‘lub qiladi. Shunday ekan, to‘g‘ri bo‘ling, yaqinlashing, bashorat bering, yengillashtiring va ertalab, zavoldan keyin hamda tunning bir qismida ibodat bilan yordam so‘ranglar!” deb marhamat qildilar” (Imom Nasoiy rivoyatlari).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga kirganlarida ikki ustunga tortilgan arqonni ko‘rdilar va “Bu nima arqon?” dedilar. “Bu Zaynabning arqoni. Agar u ibodat qilib charchasa, unga osiladi”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Uni yechinglar! Har kim o‘z quvvatiga qarab namoz o‘qisin. Agar charchasa, yotsin!” dedilar” (Muttafaqun alayh).
Bugungi kunda ba’zi insonlar haddan oshib, shaxsiy imkoniyatlarini hisobga olmay, ibodatga qattiq kirishishi natijasida o‘zini mashaqqatga qo‘ymoqda. Bu holat dinimiz ko‘rsatmalariga ziddir. Tananing ham haqqi bor. Har bir haq egasiga o‘z haqqini berish lozim. Ibodatlarda moʻtadillikka amal qilmaslik ortida shaytonning o‘sha ibodatlardan bezdirib, ularni tark qildirish rejasi yotadi.
Bu borada yuqoridagi hadisi sharif bizlarga dasturulamal bo‘ladi.
Umr Alloh taoloning bandaga bergan eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. Umrning boshqa ne’matlardan farqi shundaki, boshqa barcha ne’matlar qo‘ldan ketgach, yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Umr insonga bir marotaba beriladi. O‘tib ketgach, ortga qaytmaydi. Umr shu darajada ulug‘ ne’mat bo‘lishiga qaramay, afsuski, uni behuda ishlarga sarflab, juda ham ko‘p isrof qilib yuboramiz.
Ilm va iste’dodning ham isrofi bor. Ilm-ma’rifat hosil qilish – eng ulug‘ fazilatlardan. Ilm sohibi bo‘lgach, avvalo, ilmiga amal qilish va uni boshqalarga ham o‘rgatish har bir ziyo ahlining zimmasidagi vazifasidir. Aks holda, amal qilinmagan va o‘zgalarga o‘rgatilmagan ilm isrof hisoblanadi. Buning oxiratdagi javobgarligi og‘ir bo‘ladi.
Alloh taolo bergan har bir ne’matni qadrlab, shukrini ado etuvchi xalqlardan bo‘lishimizni nasib aylasin! Isrof va shunga o‘xshagan nojoiz illatlardan O‘z panohida asrasin!
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 14-dekabr, 254-son
«орқага