Istiqlol – har bir millat yutug‘i
03 сентябр 2024 й.
«орқага
59 марта ўқилди.
Istiqlol – har bir millat yutug‘i
Eng avvalo, shuni aytish kerakki, mustaqillik tenglik sari qo‘yilgan birinchi qadamdir. Chunki, tenglik bo‘lmagan joyda kimdir kimgadir tobe bo‘ladi. Mute’lik bor joyda hukmronlik, o‘zgalar hisobida yashash kabi illatlar paydo bo‘ladi. Natijada millatlar onggida mustamlakachilikka qarshi kurashish haqidagi g‘oyalar dunyoga keladi.
Uzoqqa bormasdan, xalqimiz o‘z boshidan kechirgan mustamlaka davrini bir ko‘z oldimizga keltiraylik. Qariyb 150-yil davom etgan, tariximizning tom ma’nodagi qora kunlari bo‘lmish o‘sha zamonda bir paytlar o‘zining qudratli davlatchiligi, buyuk farzandlari, yuksak ilm-u madaniyati, obod shahar va qishloqlari bilan dunyoni hayratda qoldirgan el-yurtimiz qanday og‘ir mashaqqatlarga duchor bo‘lganini yaxshi bilamiz. Lekin ana shunday dahshatli davrda ham har qanday zulm va istibdodga qaramasdan, xalqimiz o‘zining o‘zligini yo‘qotmadi. Tilini va dinini, iymon-e’tiqodini saqlab qola oldi. Nohaqlik va zo‘ravonlik hukmron bo‘lgan shunday zamonlarda ham yurtimizdan millat va xalq qayg‘usi bilan yashagan haqiqiy vatanparvar insonlar yetishib chiqdi. Xalqimizning asrlar sinovida yanada kuchayib, toblanib borgan mustahkam irodasi, iymon-e’tiqodi nafaqat qadimiy ma’naviyatimiz, balki milliy o‘zligimizni saqlab qolishga asos bo‘ldi.
Istiqlol – o‘zaro hurmat, bir-birini tan olish, bir-birini qadrlash asosida mamlakat fuqarolari o‘zaro munosabatida ham, jahon davlatlari o‘rtasidagi aloqalarida ham ana shu umuminsoniylik qadriyatlarga tayanish, umumiy mezonlar asosida yashash demakdir.
Mustaqillik jamiyatdan ajralmagan holda dunyo muammolari va taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan istiqbol haqidagi qarashlardir.
Istiqlol – erkin dunyo qarash, erkin tafakkurga suyanib yashash solohiyatidir.
Mustaqillik inson imkoniyatlarini tobora kengaytirib, uning yaratuvchanlik iqtidorini va bunyodkorlik qobiliyatini yanada kuchaytiradi.
Chunki mustaqillik biz uchun o‘zligimizni anglash, yurt tinchligi va barqarorligi, inson manfaati, erkinligi va farovonligining biz ko‘zlagan demokratik jamiyat barpo etishdagi garovidir.
Sunnatulloh Faxriyev,
Hazrati Bobo jome masjidi imom-xatibi