Istiqlol — shukr bilan asraladigan ne’mat
25 август 2026 й.
160 марта ўқилди.
Istiqlol — shukr bilan asraladigan ne’mat
Mustaqillik — xalqimizga berilgan ulug‘ ne’matlardan biridir. Zero, inson uchun o‘z Vatanida erkin va emin-erkin yashash, farzandlarini tinch-totuv tarbiyalash, dinu diyonatini xotirjam ado etishdan buyuk baxt bo‘lmasa kerak.
Bu yil jonajon O‘zbekistonimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini qarshi olmoqda. Bu qutlug‘ sana bizni nafaqat bayram qilishga, balki bosib o‘tgan yo‘limizni shukr bilan yod etishga, bugungi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetishga undaydi.
Dinimizda ham tinchlik va osoyishtalik eng ulug‘ ne’matlardan biri sifatida qadrlanadi. Tinchlik hukm surgan yurtda ilm-ma’rifat rivojlanadi, oilalar farovon yashaydi, farzandlar kelajakka katta orzu va ishonch bilan intiladi. Shu bois Vatanimiz tinchligi — har birimizning ezgu duoyimiz, uni asrash esa muqaddas mas’uliyatimizdir.
Bugun, ayniqsa, yosh avlod qalbiga Vatanga muhabbat, kattalarga hurmat, kichiklarga mehr-oqibat, halollik, mehnatsevarlik va ezgulik kabi fazilatlarni singdirishimiz muhim. Zero, mustaqillikni asrash faqat yurt sarhadlarini qo‘riqlash bilangina emas, balki ma’naviyati yuksak, iymon-e’tiqodli, bilimli va vatanparvar avlodni tarbiyalash bilan ham chambarchas bog‘liq.
Mustaqillikning 35 yilligi — tariximizning muhim bir davri. Uning mazmun-mohiyati esa kelajak avlodlar uchun katta hayotiy saboqdir. Biz bugungi tinch va farovon kunlarimiz uchun Alloh taologa hamisha shukr qilib, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, xonadonlarimiz obodligi va farzandlarimizning baxtli kelajagi uchun doimo duo qilaylik.
Istiqlolimiz mustahkam, osmonimiz musaffo, xonadonlarimiz tinch va fayzli bo‘lsin! Ona Vatanimiz — O‘zbekistonning mustaqilligi abadiy bo‘lsin!
Vobkent tuman bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi
N.Hamroyeva
«орқага















