Johiliyat davrida ayolga munosabat
25 март 2018 й.
5486 марта ўқилди.

 Johiliyat davrida ayolga munosabat

    Alloh taolo er yuziga islom nurini yubora boshlagan vaqtda butun dunyo jaholat botqog‘iga botgan edi. Chor atrofda johillik, adolatsizlik, zulm va jabru-sitam hukum surardi. Ayniqsa, ayollarga tegishli masalalarda bu  ishlar avj olib, eng cho‘qqisiga chiqqan edi. Hatto ayolni odam o‘rnida ko‘rmaydigan toifalar bor edi. Masalan, nasorolar olamida alohida yig‘ilish o‘tkazilib, o‘sha vaqtdagi rahnamolar tomonidan “Ayol erkakni yo‘ldan urush uchun yaratilgan shaytondir, unga ko‘zi tushgan odam ham gunohkor bo‘ladi, ayol havoni bo‘lg‘amasligi uchun og‘ziga to‘siq tutib yurishi kerak”, degan qaror qabul qilingan edi. Ahli kitobki, shu to‘xtamga kelsa boshqa toifalarni qo‘yib tursa ham bo‘ladi. Johiliyat tuzilishida ayol dunyoning matohi sifatida qaralardi. U erkak kishiga matoh edi go‘yo. U erkak kishining shahvati uchun kerak edi. Jinsiy aloqalarda kim nimani xoxlasa, shuni qilardi. Oila masalasi juda og‘ir ahvolda edi. Ayol kishini molu mulkga qo‘shib, meros qilib olish oddiy hol edi. Ayolga qilingan past munosabatlar, unga etkazilgan turli zulmlar misolini boshqa millat va qabilalarda ko‘rishimiz mumkin:
     Islom kelmasidan oldingi johiliyat zamonida Arab jazirasida ham ayolning hech qanday haq-huquqi bo‘lmagan. Erkaklar behisob uylanishar, joriyalarini fohishalik qilib pul topishga majburlashar, ayol zoti bilan bir xonada o‘tirishmas edi. 
       “Nikoh (imkon)ni topa olmaganlar, to Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilguncha, iffatlarini saqlasinlar. Qo‘llaringizda mul bo‘lganlardan (ozodlik) vasiqasini istaydiganlari bo‘lsa, bas, ularda yaxshilik borligini bilsangiz, ular ila vasiqa yozing va Allohning sizga bergan molidan ularga bering. Hayoti dunyoning o‘tkinchi matohini istab, poklikni iroda qilgan (cho‘ri) qizlaringizni fohishalikka majbur qilmang. Kim ularni majbur qilgan bo‘lsa,  bas, albatta, Alloh ular majbur qilganlaridan keyin o‘ta mahfiratli va rahimli zotdir”
Mashhur tafsirchi Suddi bu haqda qo‘ydagilarni aytadilar: “Ushbu oyat munofiqlarning boshlig‘i Abdulloh ibn Ubay ibn Salul haqida nozil bo‘lgandir. Uning Muoza ismli joriyasi bor edi. Uyiga mehmon kelsa, mehmondan biror narsa undirish maqsadida joriyasini unga qo‘shib berar edi. Joriya Abu Bakr roziyallohu anhu oldiga kelib, bu haqida shikoyat qildi. Bas, Abu Bakr roziyallohu anhu bu ishni Rosululloh  sallallohu alayhi vasallamga aytdilar. Ul zot sallallohu alayhi vasallam unga joriyani o‘z huzurida olib qolishlarini amr qildilar. SHunda Abdulloh ibn Ubay: “Muhammaddan menga kim yordam beradi. Joriyalarimizga ham ega chiqmoqda!” deb baqirib-chaqira boshladi. SHunda Alloh taolo mazkur oyatni nozil qildi”. 
Arablar  ichida turli doiralar mavjud bo’lib, ular bir birlaridan ancha farq qilardi. Yuqori tabaqa vakillari o’z ahli ayoliga juda maromiga yetkazib muomala qilardi. Mazkur tabaqa ayollari o’z xohishi va so’zlariga ega bo’lib, zarurat tug’ilsa, muhtarama xonim himoyasi uchun qilichlar qinidan sug’urilib, qonlar to’kilardi. O’zining fazli-karami va shijoati bilan qavm ichida maqtov qozonmoqchi bo’lgan kishi aksariyat holatlarda ayolga murojaat qilardi. Ko’pincha bir ayolning xohishi bilan qabilalar tinch-totuvlikka erishar va ba’zan ayol qo’li bilan qavmlar o’rtasida urush olovlari yoqilardi. Shunga qaramasdan, oila boshlig’i va unda hal qiluvchi so’z egasi, hech shubhasiz, erkak kishi hisoblanar edi. Ayollar valiylari nazorati ostida turmushga uzatilardi. Ular ham valiylarga qarshi chiqmas edilar. Biroq bularning barchasiyuqori tabaqa ichidagi gaplar. Arablar orasidagi ayrim doiralarda ayol bilan erkakning shunday bir aloqalari mavjud ediki, ularga buzuqlik, hayosizlik, sharmandalik va yuzsizlikdan o’zga nom berish juda qiyin. Imom Buxoriy va boshqalarning Oisha roziyallohu anhodan qilgan rivoyatlarida Oisha roziyallohu anho johiliyatdagi nikohning quyidagi to’rt ko’rinishini sanab berganlar: 
       Birinchisi: Bugungi kundagi nikoh kabi nikohlar. 
Ikkinchisi: Kishi hayzdan poklangan xotinini birovning oldiga jo’natib, undan bola orttirishini buyurardi. Xotini o’sha kimsadan homilador bo’lmagunga qadar unga yaqinlashmas edi. Mazkur nikoh turi aslzodalardan farzand ko’rish ya’ni aslzoda naslini olish sababidan bu nikoh turi qo’llanilar edi. 
Uchinchisi: Besh o’n kishi birlashib bir ayolning oldiga kirib, u bilan yaqinlik qilishardi. Ular ayolga nafaqa berib, shahvatlarini qondirishardi. 
To’rtinchisi: Bir ayolning to’shagiga ko’p kishi kirib chiqardi. Ayol ham kirgan kishiga yo’q demasdi. Bunday ayollar foxishalar bo’lib, xohlovchilar uchun belgi bo’lsin, deb eshiklariga bayroq qadab qo’yishardi. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi va sallamni Islom risolati bilan jo’natgach, mazkur johiliyat nikohlarini yo’q qilib, faqat bugungi islomiy nikohni qoldirdi.
Ba’zida ayolning qaysi erkak qo’lida qolishini  qilichlar tig’iyu, nayzalarning o’tkir uchlari hal qilardi. Qabilalar o’rtasidagi urushlarda g’olib tomon  mag’lubning ayollarini cho’ri qilib, ularning to’shagini ham o’ziga halol sanardi. Biroq bu ayollardan tug’ilgan bolalarga bir umrlik nomus tamg’asi yopishgan bo’lardi.
Johiliyat ahli o’rtasida xotinlarini istagan songa yetkazish, opa-singilni bir kishining nikohida jamlash, otalari vafot etsa yoki xotinlarini  taloq qilsa, ularga (o’z onasi bo’lmaganlariga) uylanish ma’lum hol edi. Erkaklar qo’lida bo’lgan taloq huquqi  ham hech qanday son bilan cheklanmasdi4.
Zinokorlik jamiyatning barcha doiralarida keng tarqalgan edi. Bu  yerda biror bir sinfni mazkur illatdan xoli, deb bo’lmas edi. Faqat bunday razolatdan nafrat qilgan ayrim erkak-ayollargina o’zlarini pok tutishardi.  Albatta, ozod ayollarning ahvoli  yaxshiroq bo’lib, musibatning asosiy qismi ayollarda edi. Ma’lum bo’lishicha, johiliyatda juda ko’pchilik o’zining ana shu buzuqlikka mansubligidan or ham qilmagan. 
Xulosa qilib aytish joizki Islom dini bu insoniyatni dunyo-yu oxiratini obod qiladigan to‘g‘ri va adolatli dindir. Bo‘lmasa, ayollarni huquqlari poymol qilinayotgan bir paytda Islom dini kelib insoniyatni zulmatdan nurga olib chiqmasdi. Yoki bo‘lmasa, Alloh taolo O‘zining kalomida: “Islomni sizlarga din deb rozi bo‘ldim”, deb aytmasdi. Haqiqatdan ham ayol o‘z haq-huquqlarini Islomdan boshqa dinda topmadi.  Islom dini kelib, ayol mukarram bo‘ldi. Islom dini kelib, ayol o‘z nafsoniyatini tanidi. Islom dini kelib, onalar qadami ostida jannat borligi aytildi.  Ayol Islom dinida nafaqat o‘z haq-huquqlarini balki yaratgan parvardigorining roziligini topuvchi yo‘llarni topdi. Alloh taolo O‘zi yaratgan xalqiga nima foyda va nima zarar ekanligini O‘zi bilguvchi zotdir.
 
Naimova Zinnura 3-kurs talabasi
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 04:45
Куёш: 05:35
Пешин: 13:10
Аср: 18:25
Шом: 20:10
Хуфтон: 21:40
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram