Kasal bilan kar
01 апрел 2016 й.
«орқага
3091 марта ўқилди.
Kasal bilan kar
Anchadan beri kasal yotgan odamning bir kar qo'shnisi bor edi. U shu paytgacha bemorni ko'rmagan edi. Bir kuni boshqa bir ko'shnisi karga: "Bemor qo'shningni ko'rgani bormadingmi?" dedi. Bu gap karga ta'sir qilib darhol qo'shnisini ko'rgani ketdi. Yo'lda o'z-o'ziga:"Ha,menda karlik, qo'shnimda esa kasallik bor. U sekin gapiradi ,men esa hech eshitmayman. U bilan qanday gaplashman" deb o'ylardi. So'gra " Kasalning gaplarini yuz ifodasidan bilib olaman" dedi.
Masalan, unga" Qandaysan?" deyman. U esa " Yaxshiman" deb tabassum qiladi. Men ham unga:" Alhamdulillah, juda ham xursand man" deyman. Yoki kasal menga " Qiynalayapman,og'riq azob beryapti"deydi, men ham " Alloh shifo bersin" deyman. Keyin yana aytaman: Nima yeyapsan, nima ichyapsan". U ham:"Sho'rva yoki sut" deydi. Men ham unga:"Osh bo'lsin" deyman. Yana so'rayman: "Qaysi tabib qarayapti?" . Aniqki, kasal ham javob beradi: "Falonchi tabib qarayapti" . Men yana aytaman: "U tabib g'oyatda qo'li yengil, yaxshi davolaydi deyman" deb o'ylay-o'ylay qo'shnisinikiga kirdi. Yotoqning bosh tamoniga yaqinlashib, kasalga salom berdi:
Qalaysan qo'shnim,dedi. Kasal og'ir qimirlab tabassum qilib:
- Kasal og'ir, qo'shnijon, o'lyapman, dedi. Kar bu gapni eshitmasdan, uning tabassumiga qarab:
- Oh oh!Juda xursandman. Xudoga shukr, dedi. Kasal karning kutilmagan bu so'zidan ranjidi. O'z-o'ziga: " Bu odam dushman ekan-da bunday deyapti" deb ming'illadi. Shu payt kar xastaga yana dedi:
- Nima yeb, nima ichyapsiz?
Kasal g'azablanganidan:
- Zahar yeb, zahar ichyapman, dedi.
Kar bu so'zni eshitmasdan, uning yuziga boqib:
- osh bo'lsin, - dedi.
Qo'shnisi juda g'azablandi. Kar so'ziga davom etdi:
- Qaysi tabib kelib turibdi?
Kasal jahl bilan javob berdi:
- Azroil kelib ketyapti, - dedi.
Kar davom etdi:
- Oh, oh. Uning qo'li yengil, yaxshi davolaydi. U shunday deb kasalning yonidan chiqib ketdi. Ketayotib o'z-o'ziga: " Xudoga shukr, kasalning ham holini so'rab qo'ydim", dedi.
Kasal g'azablanib:
- Bu odam dushman, xoin! Qayerdan keldi bu, nega keldi?- deb baqirdi.
Bundan hikmat shuki. Jaloliddin Rumiyning bu qissasi kishilar o'rtasidagi ba'zi anglashillmovchiliklarni ko'rsatib beradi. Odamlar bu dunyoning mashaqqati ostida ayni kasal odamga o'xshaydilar. Ba'zilari ilmdan, odob-axloq va fazilatdan juda uzoq bo'lganlari tufayli mazkur hisobdagi nozik tuyg'ularni anglab, haqiqatni tushunib yetmaydigan karga o'xshaydilar. Ularning suhbatlari, hatto, mehribonligi ham haqiqiy emas. Bunday kishilar har qanday gapni o'z tushunchasiga ko'ra anglab, shunga qarab, sen bilan do'st yoki dushman bo'ladilar. Bu qissa suratga emas, siyratga qarab ish tutsang to'g'ri bo'ladi, degan mazmundagi saboqdir. Chunki yaxshi tushunmagan so'zlar har ikki tamonni ranjitadi.
Manbalar asosida Muhammad Boboi Samosiy
imom xatibi A.Shirinov tayyorladi.