QUR’ONI KARIM – ALLOH TAOLO BANDALARIGA HAQ ILA YUBORGAN KITOB
01 сентябр 2024 й.
«орқага
35 марта ўқилди.
QUR’ONI KARIM – ALLOH TAOLO BANDALARIGA HAQ ILA
YUBORGAN KITOB
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar hamda
Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.
Qur'oni karim Alloh taoloning kalomi ekanligiga dalillar:
Qur'on Alloh taoloning kitobi ekanligiga oid bo’lgan nima dalil bo'lsa ularni Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni o'jarlik va takabburlik ila yolg’onchi deb ayblagan mushriklarlar inkor qilganlar. Ularning bu boradagi bayonoti, hamda qilgan iddaolari puch ekanligiga ko'plab dalillar bilan javob berilgan. Jumladan;
- Alloh taolo Qur'oni karimda insonlar va jinlarga ochiq-oydin xitob qilib unga o'xshash to’liq bir kitobni keltirishini aytib bahsga chorlagan, ular esa ushbu ishni qilishga qodir bo'lmagan. So’ngra ularni faqatgina o'nta sura keltirishga chaqirgan, ammo ular bunga ham qodir bo'lmagan. Keyinchalik esa Qur'oni karimning eng kichik surasi hajmidagi bitta sura keltirishni so’ragan. Ular har safargidek bunga ham qodir bo’lmagan. Holbuki, o’sha davrning arablari barcha davrlarga nisbatan eng balog’atli va fasohatli kishilari bo'lganlar. Qur'on esa aynan ularning tillarida nozil bo'lgan edi. So’ngra ushbu chaqiriq to qiyomat kunigacha saqlanib qoldi. Hech bir kishi bunga o'xshash narsani o'ylab yoza olmagan. Agar bu insonlarning so'zlari bo'lganida edi, ba'zi odamlar shunga o'xshash yoki unga yaqin narsalarni o'ylab topishlari mumkin edi. Bu chaqiriqqa Qur'ondan ko'plab dalillar keltiriladi, jumladan; Alloh taoloning: “Agar insu jinlar to'planib, ushbu Qur'onga o'xshash narsa kеltirmoqchi bo'lsalar, bunda ba'zilari ba'zilarga yordamchi bo'lsalar ham, unga o'xshashini kеltira olmaslar.”, (Isro surasi, 88-oyat)., degan so’zi so’zimizga dalillardan biri hisoblanadi. So’ngra Alloh taolo ularni faqat o'nta sura keltirishini so’rab bahsga chorladi: “Yoki: “O'zi to'qib oldi”, dеrlarmi? Sеn: “Bas, agar rostgo'y bo'lsalaringiz, Allohdan boshqa kimni chaqirishga qodir bo'lsangiz, chaqirib, bunga o'xshash o'nta to'qilgan sura kеltiring-chi”, dеgin”. (Hud surasi, 13-oyat.) Alloh taolo ularni faqat bitta sura keltirishga undab dedi: “Va agar bandamizga tushirilgan narsamizga shakingiz bo'lsa, unga o'xshash bir sura kеltiring va rost so'zlovchilardan bo'lsangiz, Allohdan o'zga guvohlaringizni chaqiring”, (Baqara: 23-oyat.)
- Inson zoti bilim va taraqqiyotda qanchalik yuksak cho’qqilarni zabt etmasin, ularda doimo xatolik, kamchilik hamda nuqsonlar bo'lishi muqarrar. Agar Qur'oni karim Allohning kalomi bo'lmaganida, unda turli xil ixtiloflar va kamchiliklar bo'lishi kundek ravshan edi. Bu borada Alloh taolo Niso surasining 82-oyatida marhamat qilib: “Agar u (Qur’on) Allohdan o‘zga tarafdan bo‘lganida edi, unda juda ko‘p ixtilof topgan bo‘lur edilar”, deb marhamat qilgan. Voqelikda esa Qur’oni karim har qanday kamchilik, xato va ziddiyatdan pokdir. Balki uning barchasi hikmat, rahmat va adolatga limmo-lim to’lgandir. Kim bunda ziddiyat va qarama- qarshilik bor deb hisoblasa, bu faqat uning xasta aqli va noto'g'ri tushunchasidandir. Agar bu borada ilm ahliga murojaat qilinsa albatta ular uchun haqiqatlar oydinlashib, o’zlariga mushkil bo’lgan har qanday muammolarni yechgan bo’lar edilar. Bu haqida Alloh taolo bayon qilib aytadi: “Albatta, o'zlariga Zikr kеlganda unga kufr kеltirganlar... Albatta, U aziz kitobdir. Uning oldidan ham, ortidan ham botil kеlmas. U o'ta hikmatli va o'ta maqtalgan zotning tushirganidir”, derlar”. (Fussilat surasi 41,42-oyatlar).
- Alloh taolo Qur’oni karimni to qiyomat kuniga qadar o’zgarmay saqlanishini o‘z zimmasiga oldi: “Albatta, Biz eslatma (Qur’on)ni nozil qildik va albatta, Biz uni saqlaymiz”. (Hijr surasi: 9-oyat) Qur’oni karimning har bir harfi tarix davomida minglab, minglab kishilar tomonidan yetkazilgan. Holbuki ular Qur’onning bitta harfi bo'yicha ham ixtilof qilishmagan, hatto kimdir uni buzib ko'rsatishga urinish uchun bitta harf ziyoda qilishni yoki kamaytirishni qasd qilsa uning qilgan bu qabih ishi to'g'ridan-to'g'ri osongina fosh bo'lgan. Buning yagona sababi Alloh taolo uni saqlab turganligidir. Bundan oldingi Payg'ambarning qavmlariga vahiy qilgan boshqa samoviy kitoblardan farqli o'laroq, Alloh taolo avvalgi samoviy kitoblarni insoniyatning barchasiga emas, balki faqat kitob yuborilgan Payg'ambarning qavmiga xos ravishda vahiy qilgan hamda ularni saqlashni va asrab-avaylash kafolatiga olmagan. Balki ularni saqlashni payg'ambarlarning izdoshlariga topshirdi. Ular esa buning uddasidan chiqa olmadilar. Balki ularning ichiga oʻzgartirishlar kiritib, uning koʻp maʼnolarini buzib yuborishdi. Qurʼoni karimga kelsak, Alloh taolo uni butun vaqt davomida barcha insoniyatga nozil qildi. Boisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning risolati yakuniy risolat bo’lib, ushbu risolat barcha insoniyatga qaratilgan edi. Shunga binoan Qur'oni karim qalblarda yod holatda, satrlarda esa yozilgan holatda saqlanib qoldi. Zotan tarix ushbu voqealarni to’liq tasdiqlaydi. Qanchadan-qancha buzg’unchi odamlar Qur'on oyatlarini o’zgartirib, musulmonlar orasida uni tarqatish uchun nechog’lik harakat qilmasin ularning bu maqsadlarini musulmonlarning bolalariga ham oshkor bo'lib, bu borada ular bir qadam ham oldinga qadam tashlay olmadilar. Yuqoridagi keltirib o’tgan dalillarimizdan Qur'oni karim Muhammad alayhissalomning so'zlari emasligi, balki u Alloh taoloning Muhammad alayhissalomga nozil qilgan ilohiy kalomi ekanilini har qanday salomat aqlga ega bo’lgan kishilar uchun ma’lum bo’ladi.
- Qur’onni karim o’z ichiga hukmlar, qissalar, e’tiqodlar hamda o’ziga xos bo’lgan nizomlarni o’zida jamlagan bo’lib, inson ilmda qay cho’qqiga yetishi, aqli qanchalar yetuk bo’lishi va hikmat borasida eng yuksak darajani qo’lga kiritishidan qat’iy nazar, hech bir inson bunday har zamon va har makonga mos keluvchi, qissalari avvalgi o’tganlarning hayotiga to’la-to’kis muvofiq bo’luvchi hatto ulardagi ma’lumotlarni to’ldirib keluvchi, ayniqsa e’tiqod borasida o’ta aniq va ravshan hamda murosasiz holatda yoritilgan kitobni to’qib yozishdan ojiz bo’ladi. Insonlar bugunlik kunda shariat belgilagan qonunlardan tashqari boshqa qonunlarni qancha-qancha mablag’lar, ko’plab yig’ilishlar va har qancha ko’p kishilar ishtirokida qabul qilmasin, ular biroz vaqt o’tar-o’tmas yangi zamonaga mos kelmaydi. Hatto biroz oldin qabul qiligan ba’zi qonunlarni ijro qilishi mutlaqo noto’g’ri ekanligini insonlar tan oladi. Qur’oni karimni nozil bo’lganiga o’n to’rt asr bo’lgani va u kitob hali hamon amal qilish uchun ayni zamonga avvalgi zamonlarda bo’lgani kabi mos bo’lib turishi ushbu kitobni ilohiy kitob ekanligiga hamda nafaqat bir inson, balki biror bir insonlardan tashkil topgan jamoa qo’li bilan ham yozilmaganiga kuchli dalil bo’ladi.
- Quroni karimning g‘ayb, o‘tmish va kelajak haqida ma’lumot berishi, hech bir inson qanchalik bilimli bo‘lmasin, ayta olmaydigan, ayniqsa, texnologiya va zamonaviy qurilmalar yo’q bo’lgan o’sha ibtidoiy sanalgan zamonda biror inson bu darajada aniq va yorqin ayta olmaydigan ma’lumotlarni berib o’tganligi ushbu kitob ilohiy kitob ekanligining yana bir dalillari sirasidan hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda bu haqda bizga xabar bergan va Rasululloh sallallohu alayhi va sallam buni qariyb o’n besh asr oldin zikr qilganlar. Masalan, eng so'nggi texnologiya va qurilmalar bilan uzoq va qiyin tajribalardan keyin kashf qilingan homila paydo bo’lishi, uning rivojlanish bosqichlari hamda dengizlarning holatlari va bundan boshqa ma’lumotlar bizlar uchun misol bo’la oladi. Ushbu sanab o’tkanlarimiz ba'zi imonsiz kishilarni ham bu ish faqat Alloh tomonidangina bo'lishi mumkinligini tan olishga majbur qildi.
Qur'ondagi zikr qilinagan homilaning bosqichlariga kelsak, bundan bor-yo‘g‘i 60 yil avval tadqiqotchilar insonning bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lmasligini, aksincha, asta-sekin bosqichma-bosqich bir shakldan boshqa bir shaklga o’tib bir nechta bosqichlarni bosib o‘tishini tasdiqladilar. Faqatgina 60 yil oldin fan Qur'on haqiqatlaridan biriga erishgan. Bu davrgacha esa fan nuqtai nazaridan insonlar bundan mutlaqo bexabar bo’lishgan. Shayx Az-Zindoniy aytadi: “Biz bir marta amerikalik professorlar ichida eng buyuk olimlaridan biri professor Marshall Jonson bilan uchrashib, unga shunday dedik: “Qur’onda inson bosqichma-bosqich yaratilgani aytilgan”, u bu gapni eshitganida o'tirgan holatda edi. So’ng u o’rnidan turib: "Bosqichma-bosqich?!”, deb aytdi. Biz unga: “Bu milodiy VII asrda edi! Va unda: "Inson bosqichma-bosqich yaratilgan!”, deb aytilgan”. U “Bo’lishi mumkin emas”, deb aytdi. Bizlar unga: “Hukm chiqarishga shoshilmang, ushbu kitobda shunday deyilgan: “U sizni onalaringiz qornida uch zulmat ichida, bir yaratishdan kеyin yana boshqa yaratishga o'tkazib, asta yaratadir”, (Zumar surasi 6-oyat) va boshqa oyatda shunday deyilgan.: “Sizlarga nima bo'ldiki, Allohning azamatini o'ylab ko'rmaysizlar? Holbuki, u sizlarni bosqichma-bosqich yaratdi”, (Nuh surasi: 14-oyat) Shunda qaytib u kursiga oʻtirdi hamda chuqur o’ylab aytdi: “Menda bu borada javob bor. Buning faqat uchta imkoniyat bor; birinchisi. Muhammadning qo’lida ulkan mikroskopi bo’lgan, u yordamida bu narsalarni o'rgangan hamda odamlar bilmagan boshqa bilimlardan ham xabardor bo’lgan bo’lishi mumkin. Shunga ko’ra u yuqoridagi xabarlarni aytib o’tgan! Ikkinchisi: Bu tasodifan sodir bo'lgan. Hamda bu tasodifdan boshqa narsa emas. Uchinchisi: U haqiqatda Allohning elchisi va payg’ambari bo’lgan. Biz unga aytdik: “Birinchi ehtimolga kelsak: siz uning ulkan mikroskopi bo’lgan dedingiz. Bilasizki, mikroskopga linzalar kerak, ya'ni shisha kerak, texnik tajriba kerak, mashinalar kerak, bu ma'lumotlardan ba'zilari faqat elektron mikroskoplar bilan bilinishi mumkin, bu uchun esa elektr kerak, elektr esa fanni talab qiladi, bu fanlar faqat oldingi avloddan keladi va hech bir avlod buni birdaniga qila olmaydi, shuning uchun undan oldingi avlod fan bilan shug'ullangan bo'lishi kerak, keyin esa u bu ishlarni davom ettiradi. So’ngra keyingi avlodga, keyin esa shunga o'xshash bo’lib davom etadi... Balki u bitta bo'lgan bo’lishi mumkinligiga kelsak. Undan oldin ham, undan keyin ham, o‘z mamlakatida ham, qo‘shni mamlakatlarda ham, jumladan, na Rimliklar va na forslar va arablar ham bunday qurilmalarga ega bo‘lmagan! Faqat bir kishida bunday qurilma bo’lib, boshqa hech kimda bunday qurilma bo’lmasligi uni borligidan barcha o’sha zamon odamlari bexabar bo’lganligi so’ngra o'zidan keyin hech kimga bermay uni yo’q qilib yuborgani bular hech ham mantiqiy emas! U aytdi: “Bu juda qiyin”. Biz aytdik: bu ish tasodifiy bo’lgan degan gapizga kelsak, Agar Qur’on bu haqiqatni bir oyatda zikr qilmay, balki bir nechta oyatlarda zikr qilgan va ushbu haqiqatni bitta oyat bo’lsin yoki bir nechta oyat bo’lsin ularni umumiy holatda tafsilotlariga kirishmasdan aytilganda edi bu tasodifni oz bo’lsada tasavvur qilsak bo’lar edi. Holbuki Qur’on bu haqiqatni umumiy aytib o’tmay balki ularning har bir bosqichiga alohida to’xtalib ularni batafsil bayon qilgan. Siz nima deb o’ylaysiz bir paytda shuncha tasodifni tasavvur qilish mumkinmi?! So’ng unga tafsilotlarga, va homilani bosqichlariga oid oyatlarni aytib o’tganimizda u shunday dedi: “Tasodif deb aytish ham noto'g'ri gap!”. Yuqoridagi o’zi aytgan uch ehtimolning ikkitasini o’zi inkor qilgach biz unga aytdik: “Senda hech qanday izoh yo'q”. Shunda u aytdi: “To’g’ri, bu ishni vahiydan boshqa ish bilan imkoni yo'q!”.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, Qur’onda kelgan ilmiy faktlarni tasodifga yo’yish sog’lom aqlga to’g’ri kelmaydi, va haqiqiy ilmiy yondashuvga zid bo’ladi. Batahqiq, Qur’ondagi ilmiy daqiqlikni Qur’onning o’zi baralla e’lon qilib qo’ygan: “Biz ularga ham ufqlardagi, ham o’z nafslaridagi oyat-bеlgilarimizni ko’rsatamiz. Toki ularga Uning haqligi ravshan bo’lsin. Sеning Robbing har bir narsaga shohid ekanligi kifoya qilmasmidi?!” (Fussilat surasi 53-oyat). Qur’on quyidagi oyatda, barcha insonlarni koinotning yaratilishi haqida bir tafakkur qilib ko’rishga chorlaydi: “Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida va kеcha-kunduzning almashinishida aql egalari uchun bеlgilar bor.” (Niso surasi 190-oyat). Qur’ondagi ilmiy dalillar uning Ilohiy ekanini tasdiqlamoqda. O’n to’rt asr ilgari, bu darajada salmoqli ilmiy dalillarni o’zida mujassam qilgan mana shunday bir kitobni yozishga hech bir odam bolasi qodir bo’lmagan.
Jondor tumani “Raboto’g’lon” jome masjidi
imom-xatibi Sherov Shuxrat