Ko'chat ekish
01 апрел 2026 й.
«орқага
985 марта ўқилди.
Ko'chat ekish
Biron-bir musulmon kishisi bir daraxt o'tqazsa, yoki bir narsa eksa, bas undan qush yoki inson tanovul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishur.
Yildirim Boyazit mulozimlari, muhofizlari (qo'riqchi xos askarlari) bilan sayrga chiqib, bir qishloqdan o'tib borar ekan,bog'ida ishlab yurgan,meva nihollar ekib yurgan soch-soqoli oppoq, beli bukilgan cholni ko'rdi. Cholning bu yoshida shunday g‘ayrat bilan ishlayotgani podshohning kayfiyatini xush etdi.
Podshoh a'yonlari, mulozimlariga shu chol bilan biroz suhbatlashaylik, dedi: “Podshoh qishloqlik cholga yaqinlashib: Hormang ota, nima qilyabsiz, yerni nega chopyabsiz?”- deb aytdi.
Nuroniy chol podshoh salomini olgandan keyin tabassum bilan:
-Salomat bo'l, o'g'lim, mevali daraxt nihollarini ekmoqdaman.
Podshoh:
-Ota, bularning mevalarini yeyish sizga nasib etarmikan?
Nuroniy chol:
-Yo'q umrim yetmaydi
Podshoh:
- U holda nega o'zingizni bunchalik qiynayapsiz, o'zingiz mevasini totib ko'rmasligingizni bilib turib daraxt ekyapsiz?
Chol bu so'zlardan va qiyofasidan podshohni tanib, bunday javob berdi:
- Podshohim! Bizdan oldingilar ekdi, biz yedik. (Ya'ni ota bobolarimiz ekkanini biz yedik va yeymiz). Endi biz ekamiz, bizdan keyingilar yesin.
Tom ma'noda musulmon bu xushxulq cholning javobi podshohga yoqdi va cholga bir hamyon oltin berdi. Chol hamyonni olib:
-Janobi Haqga shukrlar bo‘lsinki, podshohim, bizning daraxtlar niholligidayoq mevasini berdi. Bu go‘zal javob podshohga yana ham xush yoqdi va yana bir hamyon oltin berdi.
Chol:
- Allohga hamdu sanolar bo'lsinki, hamma daraxtlar bir yilda bir marta meva beradilar, bizning daraxtimiz bir yilda ikki marta meva beradi.
Podshoh cholga yana bir hamyon taqdim etdi-da a’yonlariga:
- Tezroq, bu yerdan keta qolaylik, bolmasam bu dono otaxon bor pulimizni olib qo'yadi,- deb otini yo'lga burdi.
Nuroniy chol qo'llarini duoga ochib:
- Yo Rabbiy! O‘zinga hamdu sano bo‘lsin. "Qiyomat qoyyum bo'lsada qo'lida bir ko‘chati bor kishi uni eksib olsin", deb buyurgan Payg‘ambarimizga (s.a.v) salovatlar bo‘lsin deya duo qildi.
Alloh barchamizni xayrli ishlar ustida bardavom qilsin!
"Abdulazizxon" masjidi imom-xatibi
U.Shomurodov















