Loqaydlik va beparvolik oqibati
02 март 2018 й.
33612 марта ўқилди.

Loqaydlik va beparvolik oqibati
 
    Bir donishmand inson loqaydlik haqida shunday degan edi: “Dushmanlardan qo‘rqma — nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma — nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Loqayd odamlardan qo‘rq — ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi”.
    Loqaydlik degan bir bedavo illat borki, u keltirayotgan ziyon tufayli ko‘plab ko‘ngillarga ozor yetadi. Ko‘plab hayotlar barbod bo‘ladi. Ayni kunda giyohvandlik, OITS, ichkilikbozlik kabi odamzodning kushandasi bo‘lgan illatlar nimadan kelib chiqmoqda? Shubhasiz, buning sabab va omillari ko‘p, inchunin, oila, atrof-muhit kabi. Ammo bularning bosh sababi eng avvalo ota-onaning farzand tarbiyasi, uning yurish-turishiga e’tiborsizligi yoki beparvoligi tufaylidir, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
     To‘qlikka sho‘xlik, oilada nazoratning yo‘qligidan ayrim yoshlar yuqoridagi singari illatlarga chalinib, oxir-oqibatda ba’zi oilalar parokanda bo‘lib ketmoqda. Alloh ko‘rsatmasin, mana shunday loqaydlik oqibatida ayrim yoshlar esa nafaqat jamiyat va davlat uchun, balki insoniyat uchun zararli, yot oqimlar, diniy ekstremistik guruhlarga qo‘shilib qolayotgan hollar ham uchrayapti. Biz esa, bularni ko‘rib ko'rmaganga, bilib bilmaganga oldik. Zero, bunday loqaydlik va beparvolikning to‘lovi shunchalar qimmatki, uni faqat inson umri, or-nomusi, hayoti bilangina o‘lchash mumkin bo‘ladi.
    Afsuski, bolalari kelajagi bilan qiziqmagan, ularning taqdiriga yillar davomida loqayd bo‘lib kelgan ota-onalar g‘isht qolipdan ko‘chgandan keyin ming marta attang, deb boshni changallab o‘tirishadi. Ammo, qani endi, bundan biror-bir naf bo‘lsa. Holbuki, xoh o‘g‘il bo‘lsin, xoh qiz bo‘lsin, oila kattalari avval boshdanoq ularning har bir qadam qo'yishini kuzatib, kerak joyda tanbeh berib, bu yo‘ldan qaytarishi zarur edi. Agar ota-ona ogoh bo‘lib ko‘zining oqu qorasini maktab, kollej yoki ko‘chada kimlar bilan do‘stlashayotganini, darsdan keyin nima mashg‘ulot bilan bandligi-yu, qayoqqa borayotganini so‘rab-surishtirib, tergab turganida, vaqtida nazorat qilganida, shubhasiz, bunday noxushliklarning oldi olingan bo‘lardi.
    Shuni ham bilib qo'yishimiz lozimki, loqaydlik hukm surgan oilada farzandlarning bebosh, bemehr bo‘lib o‘sishi, oxir-oqibatda ota-onani kuydirishi ajablanarli hol emas. Shuningdek, loqayd kimsa rahbarlik qiladigan idorada ishlarning orqaga ketishi, tibbiyot maskanida esa bemorlarning hayoti xavf ostida qolishi turgan gap. Bundan kelib chiqadiki, loqaydlikning miqyosi va darajasining ham, u keltirayotgan zararning o‘lchov-me’yorini ham o‘lchashning imkoni yo‘q. 
    Kechagina yurt, ota-ona bag‘rida yurgan, ko‘ngli orzu-havaslarga to‘la qanchadan-qancha navqiron yigitlar o‘z taqdirlariga loqaydliklari bois chet elda pul topaman deb, qullik iskanjasiga tushib o‘tiribdi. Farzandlarini mo‘may pul topish ilinjida yot yurtga jo‘natib yuborib, keyin esa ulardan pul olish tugul, hatto bir dom-darak va mujda eshitishga mushtoq bo‘lib, qon yig‘lab o‘tirgan ota-onalarni ham ko‘rayapmiz. Holbuki, bu ota-onalar bolalari taqdiriga befarq bo‘lmasdan, vaqtida bu yo‘ldan qaytarib, to‘g‘ri maslahat berganlarida shunday holatga tushmas edi. Boriga qanoat qilmasdan erini chet elga kuzatib qo‘yib, keyin afsus chekib o‘tirgan xotin-qizlarning holatlarini ham ko'ryapmiz. Faqat bir haqiqat shuki, loqaydlikning katta-kichigi, muhim yoki nomuhimi bo‘lmaydi.
    Darhaqiqat, bugungi davr jamiyatimizning har a’zosidan, har bir yoshidan faollik va hushyorlikni talab qilmoqda. Ayniqsa, yuqorida aytganimizdek, bunda ota-ona va maktab, kollej-litsey o‘qituvchilarining roli muhimdir.
    Allohga behisob shukurlar bo'lsinki, Vatanimiz yildan-yilga ravnaq topmoqda, qayoqqa qaramang, obodlik, bunyodkorlikni ko‘rasiz. Mehnat qilgan, intilgan kishilar aslo kam bo‘lmayapti. Kecha amalga oshirishimiz mushkul tuyulgan ishlarni bugun bemalol bajarayapmiz. Yashashimizdan, turmushimizdan nolishga mutlaqo asos yo‘q. Bularning barchasi avvalambor, Vatanimizning tinch-osoyishtaligi, el farovonligi va eng asosiysi yurtboshimizning olib borayotgan odilona siyosatlaridandir.
    Xulosa o'rnida shuni aytmoqchimizki, arzimagan loqaydlik ortidan katta noxushliklar yuzaga kelishi va uning oqibatlarini chuqur o‘ylab ko‘rish fursati yetdi.
 
 
Karimov Olimjon
Peshku tuman "Bobo-Arab" jome'
masjidi imom xatibi
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 04:45
Куёш: 05:35
Пешин: 13:10
Аср: 18:25
Шом: 20:10
Хуфтон: 21:40
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram