Масжидда ўтириш одоблари
13 апрел 2017 й.
«орқага
5667 марта ўқилди.
MASJIDDA O'TIRISH ODOBLARI
Albatta yer yuzidagi barcha masjidlar Allohning uyidir. Allohga shukurki, yurtimizdagi ikki mingdan ziyod masjidlarimiz kundan-kunga obod bo'lmoqda. Yangidan-yangi masjidlar qurilmoqda, ko'plari ta'mirlanib, chiroyli holatga keltirilmoqda. Namozxonlar bunday jome' masjidlarda ibodatlarini xotirjam ado etmoqdalar. Bu kabi xayrli ishlar diniy qadriyatlarga bo'lgan ulkan e'tiborning natijasidir.
Alloh taolo o'zining kalomida shunday deb marhamat qiladi: "Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozlarini barkamol o'qiydigan, zakot beradigan va faqat Allohdangina qo'rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o'shalar hidoyat topuvchilardan bo'lishlari mumkin".
(Tavba surasi, 18-oyat)
Demak, masjidlarni obod qilish, yuksak iymon va mustahkam e'tiqodning ko'rinishidir. Bunday ezgu ishga hissa qo'shish esa eng ulug' amallardandir. Zero, masjid qurish, uni obod qilishning savobi buyuk ekanligi haqida dinimizda mukammal bayon qilingan.
Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qilganlar: "Kim Allohning roziligini istab masjid qursa, Alloh unga jannatda qasr barpo qiladi".
Boshqa bir hadisda Payg'ambar alayhissalom: "Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o'sha chiroqning nuri o'chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig'for aytib turadilar", deya marhamat qilganlar.
Darhaqiqat, masjidlar obodligi - yurt obodligidir. Masjidga ibodat qilish uchun kelgan kishilar Vatanimiz tinchligi, xalq osoyishtaligini so'rab, duo qilishadi. Bu mustajob duolarning sharofati bilan Alloh yurtimizni yanada farovon qiladi.
Shunday ekan bizlar avvalo masjidga kirib-chiqish odoblarini ham yaxshi bilib olishimiz lozim.
Masjidga bormoqchi bo'lgan har bir musulmon o'z uyida tahorat qilib, qaysi namozning vaqti bo'lgan bo'lsa, o'sha namozni ado etishni niyat qilib masjidga qarab yuradi. Ketayotib: "Subhanalloh, Alhamdulillah, La ilaha illalloh, Allohu akbar, Astag'firulloh" deb yoki ko'nglida nima niyatlari bo'lsa Allohdan so'rab boradi. Masjid eshigiga yaqinlashgach tavoze' (kamtarlik) bilan duo qiladi.
Rosuli akram sallallohu alayhi vasallam: "Sizlardan qaysi biringiz masjidga kiradigan bo'lsa, shunday desin:
اللهم افتحلى ابواب رحمتك
Ya'ni, "Allohim menga rahmat eshiklaringni ochgin", desin va chiqish paytida:
اللهم انى اسالك من فضلك
Ya'ni, "Allohim men sening fazl karamingdan so'rayman", deb duo qolsin dedilar.
Masjidga o'ng oyoq bilan kirib, chap oyoqda chiqish Payg'ambar alayhissalomning sunnat amallaridandir.
Bundan tashqari madrasalarga, o'quv yurtlarga, xonadonlarga, ilm o'rgatiladigan joylarga va shunga o'xshash pokiza yerlarga o'ng oyoq bilan kirib, chap oyoqda chiqiladi.
Hojatxona, hammon va shunga o'xshash joylarda esa chap oyoq bilan kirilib, o'ng oyoqda chiqiladi.
Masjid ichiga kirganimizdan keyin quyidagi odoblarga amal qilishimiz kerak:
– namoz o'qiyotganlar oldidan o'tmaslik (agar yo'lda biron kishi namoz o'qiyotgan bo'lsa, bundan boshqa o'tish joyi bo'lmasa, kutib turiladi. Aslida mo'min ziyrak va hushyor bo'lishi kerak. Masjidga kelib, hamma o'tadigan joyda namoz o'qishni boshlash yaxshi emas. Balki namozni hech kimga xalaqit bermaydigan joyda ado qilish kerak. Nafl namoz o'qiyman, deb mo'minlarga noqulaylik tug'dirish to'g'ri emas);
– dunyo ishlari bilan mashg'ul bo'lmaslik (bunda masjidga kelishdan maqsad nimaligini unutmaslik talab etiladi);
– dunyo so'zlarini gapirmaslik, balki Allohning zikri bilan mashg'ul bo'lish (xoh birinchi, xoh oxirgi qatorda o'tirgan bo'lsin, masjidda dunyoga tegishli, oxiratga taalluqli bo'lmagan so'zlar tilga olinmaydi. Sababi masjid o'z nomi bilan masjid. Bu yerda namoz o'qiladi, Allohga ibodat qilinadi, namozxonlarga xalaqit berilmaydi. Ba'zilar oxirgi qatorga o'tirib olib, bo'lar-bo'lmas gaplarni gapirib, g'iybatlashib o'tiradi. Bu ibodat qiluvchilarga, ayniqsa, juma kuni xutba qilayotgan imomga qattiq xalaqit beradi);
– masjidga kirgandan so'ng o'tirmasidan avval ikki rakat namoz o'qish (agar nafl namoz o'qish mumkin bo'lgan vaqtda masjidga kirsa, ikki rakat namoz o'qiydi. Qaytarilgan vaqtlarda namoz o'qilmaydi. Eslatib o'tamiz, juma kuni quyosh tikkaga kelgan vaqtda ham namoz o'qisa bo'ladi. Sababi juma kuni jahannam qizdirilmaydi);
– masjidga kirganidan keyin namoz o'qimay chiqib ketmaslik (masjidga kelgandan keyin ikki rakat bo'lsa ham namoz o'qish kerak. Masjidga kirib namoz o'qimagan banda suv havzasiga chanqoq holda kelib, undan bir tomchi ham tatimay ortiga qaytib ketgan kimsaga o'xshaydi);
– tahoratsiz masjidga kirmaslik (masjidga tahorat bilan kirish kerak. Sababi namozga iqomat aytilganida namoz o'qish uchun tayyor holda bo'ladi. Zarurat yuzasidan masjidga betahorat holda kirish mumkin);
– masjidda oyog'ini qiblaga qaratib o'tirmaslik (uzrlilar bundan mustasno);
– masjidni pok va ozoda saqlash (masjidlarni obod qilish, u yerni supurib, pokiza saqlash juda ham fazilatli amallardandir. Agar masjidni tozalashga imkon topolmasak, juda bo'lmasa u yerni iflos qilishdan saqlanish kerak);
– baland ovoz bilan gapirmaslik (masjidda hojat yuzasidan gaplashish mumkin. Shunda ham past ovozda, odob bilan gapiriladi. Ovozini boricha, baqirib gapirish noma'qul ishlardandir. Ayniqsa juma kunlari);
– masjidda hajv, kulgu va be'mani she'r o'qimaslik (bu ishlarning o'rni boshqa yerdir. Masjid bunday bema'ni ishlarni qilish uchun qurilmagan);
– masjidda oldi-sotdi qilmaslik (oxirat eslanadigan pok makonda ham yana dunyo ishlariga sho'ng'ish mantiqqa to'g'ri kelmaydi);
– masjidga kirayotganda qo'l telefonini o'chirib qo'yish (masjid hovlisiga kirishda telefon o'chirib qo'yiladi yoki ovozi o'chiriladi. Sababi kutilmaganda jiringlab qolsa, namozxonlarga xalaqit beradi. Agar banda unutib telefonini o'chirmasa va namozdaligida jiringlab qolsa, o'sha zahoti telefonini o'chirishi kerak. Aks holda imom va namozxonlar namozdan chalg'iydilar);
– avvalgi qatorlarga bo'sh joy bo'la turib, o'tish joylariga o'tirib olmaslik;
– imom xutba o'qiyotganida, ma'ruza qilayotganida nafl namoz o'qimaslik, gaplashmaslik;
– jamoat ko'p bo'lgan juma kunlarida namozxonlar orasini kesib o'tmaslik;
– qiroat va duo qilinayotganda shoshib masjiddan chiqib ketmaslik;
– juma kuni juma namozidan oldin masjidda halqa qilib o'tirmaslik;
– masjid hovlisiga tupurmaslik (tupuk najas narsa emas. Ammo odob yuzasidan masjid hovlisi va binosi ichida tupurmaslik lozim. Bu yerda oddiy tupuk haqida gap ketmoqda. Afsususki, ba'zi kimsalar masjid ichiga, ayniqsa gilam ostiga nos tupurib ketadilar. Bu juda ham eng katta odobsizlik va xunuk holatdir. Musulmon banda bunday nomaqbul ishlardan tiyilishi kerak. Masjidga namoz o'qish, Allohni zikr qilish, ruhiy ozuqa olish uchun kelinadi. Nos chekish, gaplashish, namozxonlarga ozor berish yoki ma'ruza vaqtida oyog'ini qiblaga qaratib uxlash uchun kelinmaydi Allohning uyiga);
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi yo'qolgan eshagimni ko'rgan bormi?, deb masjidga kirdi. Shunda Rosululloh: "Eshaging topilmasin", dedilar va "Kimda kim yo'qolgan narsasini so'rab masjidga kirsa, yo'qolgan narsangni Alloh qaytarmasin, deb javob beringlar, chunki masjid bunday narsalar uchun bunyod qilinmagan", dedilar.
Masjid Allohga munojot etiladigan, gunohlari uchun tavba qilinadigan, farzandlarning baxtu-saodatini, yurtning osoyishtaligini so'rab, Allohga zikru ibodatlar aylab, qalbi orom oladigan muqaddas maskandir. Masjid odamlar bir-birlari bilan gaplashadigan joy emas. Faqatgina imom kishilarning xatoyu-kamchiliklarini isloh qilib, nojo'ya harakatlarni to'g'rilash uchun so'z aytishi mumkin xolos.
Said ibn Musayyab: "Kimki ibodat niyatida masjidga kirib o'tirsa, Robbisi bilan birga o'tirgan bo'ladi. Robbisi bilan o'tirgan kishi esa faqatgina yaxshi so'zlarni gapirishga haqlidir", deganlar.
Payg'ambar alayhissalom: "Jannat bog'chalaridan o'tsangizlar, Allohni zikr qilib o'tinglar", dedilar. Shunda sahobalar: "Ey Allohning rosuli, jannat bog'chalari nima?" deb so'rashdi. Rosululloh: "Masjidlar jannat bog'chalaridir, undan o'tilganda qilinadigan zikrlar esa "Subhanalloh, Alhamdulillah, La ilaha illalloh, Allohu akbar", dedilar.
Shunday ekan, jannat bog'chalari bo'lgan masjidlarni obod qilish barchalarimizning vazifamizdir. Alloh o'zining baytini obod qilishlikni hammamizga nasibador aylasin.
Olim Karimov
Peshku tuman “Bobo-arab” masjidi imom xatibi