Neʼmat qadri
03 август 2020 й.
1186 марта ўқилди.

 
Neʼmat qadri
 
Hayot kechirishimiz uchun Аlloh taolo ato etgan neʼmatlar shunday behisobki, ularni sanab adogʼiga yetib boʼlmaydi. Bularning shukrini ado etish esa har bir kishining bandalik burchidir. Shukronalik eng avvalo, Аlloh azza va jallaga taqvo qilishda, Unga toat va iltijoda boʼlishdadir.  
Teran fikr yuritib koʼrsak, bizga ato etilgan neʼmatlarning zavol topishiga isrofgarchilik, yolgʼon soʼzlash, gʼiybat, tuhmat kabi amallarimiz sabab boʼladi. Zero, bu borada Qurʼoni Karimda shunday marhamat qilinadi: “Yana Robbingiz eʼlon qilgan (bu soʼzlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”. (Ibrohim surasi, 7-oyat). 
Neʼmatlar shukri, uni qay tarzda ado etish borasida Paygʼambar alayhissalom hadisi shariflarida quyidagicha bayon qilganlar: “Toʼrt narsa kimga berilgan boʼlsa, dunyo va oxirat yaxshiligi berilibdi: zikr qilguvchi til, shukr qilguvchi qalb, sabr qilguvchi badan va soliha jufti halol”. Ibn Аbbos roziyallohu anhumodan. (Tabaroniy rivoyati).
Hukamolar shukrni ikki turga boʼladilar: umumiy va xususiy. Umumiy shukr til bilan hamd aytish, Аllohning neʼmatlarini eʼtirof etishdir. Xos shukr esa, til bilan hamd aytish, qalb bilan tanish va solih amallarni qilish hamda nopok narsalardan saqlanishdir.
Moʼmin kishi xos shukrni oʼziga kasb etmogʼi lozimdir. Аgar kishi qaysi kasb-hunar sohibi boʼlishidan qatʼiy nazar shukronai xosda boʼlsa, albatta, Parvardigor unga va xonadoniga baraka yogʼdiradi. Umriga, rizqiga kengchilik beradi va u kutmagan tomondan bandasini rizqlantirib turadi. Аlloh taolo barchamizni shukr qilguvchi qalb sohiblaridan qilsin!

Kogon shahar bosh imom-xatibi

Afzal Kamolov 

«орқага

Бухоро -
Бомдод: 04:40
Куёш: 05:30
Пешин: 13:10
Аср: 18:30
Шом: 20:15
Хуфтон: 21:45
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram