NAMOZDA “OMIN” NI MAXFIY AYTISH MASALASI
03 апрел 2024 й.
«орқага
581 марта ўқилди.
NAMOZDA “OMIN” NI MAXFIY AYTISH MASALASI
“Omin”ni namozda jahriy yoki maxfiy aytish masalasiga kirishishdan oldin, namoz o‘quvchi “Fotiha” surasidan keyin “omin”ni aytishining hukmi va fazilati haqida to‘xtalib o‘tamiz. Hanafiy mazhabiga ko‘ra “omin”ni “Fotiha” surasidan keyin aytish sunnat amal hisoblanadi. Bunga dalil:
Imom Nasoiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon imom: “G‘oyril mag‘zduubi alayhim va lazddoooolliin”, dеsa: “omin”, dеnglar. Chunki (ushbu vaqtda) Farishtalar ham imom ham “omin” deb aytishadi. Kimning so‘zi farishtalar so‘zi bilan muvofiq kеlib qolsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deb aytganlar.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa hadisda Nabiy alayhissalom: “Qachonki imom “omin”ni aytsa, sizlar ham aytinglar. Chunki kimning “omin”i farishtalar “omin”i bilan muvofiq kеlib qolsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deb marhamat qilganlar.
Yuqoridagi hadislardan ma’lum bo‘ldiki, “omin”ni aytish sunnat ish bo‘lib, kishi ushbu amalni qilish orqali ko‘plab fazilatlarga ega bo‘lishi qatorida gunohlaridan ham forig‘ bo‘lar ekan. Endi bevosita “omin”ni maxfiy yoki jahriy aytish masalasiga kelsak. Avvalo maxfiy o‘qiladigan namozlarda to‘rt mazhab ulamolari ham “omin”ni maxfiy aytish lozim ekanligiga ittifoq qilishgan, ular orasida bu borada biror ixtilof yo‘q. Jahriy o‘qiladigan namozlarda esa hanafiy va molikiy mazhabi ulamolari hamda imom Shofe‘iydan kelgan bir rivoyatda “omin” lafzi maxfiy holatda aytiladi, deyishgan bo‘lsa, Imom Shofe‘iydan kelgan boshqa bir rivoyatda hamda hanbaliy mazhabida jahriy namozda imom ham unga ergashuvchilar ham “omin”ni jahriy aytadi, deyilgan.
Quyida “omin”ni maxfiy aytish borasidagi hanafiy va molikiylarning ba’zi bir dalillarini keltirib o‘tamiz:
Birinchi dalil Qur’oni karimdan bo‘lib, Alloh taolo “A’rof” surasi 55-oyatida aytadi:
ادْعُواْ رَبَّكُمْ تَضَرُّعاً وَخُفْيَة
“Robbingizga tazarru’ ila va maxfiy duo qiling”.
“Omin” so‘zi suryoniy tildan olingan bo‘lib keyinchalik arablashgan lug‘atlar turkumidan sanaladi. U arabiy iborada اللهم استجب دعائي ya’ni “Ey Robbim duoyimni ijobat ayla!”, degan manoni anglatadi. Ma’lum bo‘ldiki, omin duo ma’nosida ekan. Alloh taolo esa yuqoridagi oyatda duoni maxfiy qilishga buyurgan. Shunga binoan kishi uni namozda ham, namozdan tashqaridagi holatida ham maxfiy aytmog‘i lozim bo‘ladi. “Omin”ni aynan duo ma’nosida ekanligini Ato ibn Abu Rabohning: “Omin duodir”, deb aytgan so‘zi ham qo‘llab quvvatlaydi. Aziziy sahih sanad bilan keltirgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Birgina maxfiy qilingan duo jahriy qilingan duoning yetmishtasiga teng kelur”, deganlar. Ibn Hibbon o‘zining sahih to‘plamida keltirgan hadisda esa: “Duoning eng afzali maxfiy qilinganidir”, deyilgan.
Ikkinchi dalil, Imom Buxoriy Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda, Nabiy alayhissalom bir qavmning oldidan o‘tib qoldilar. Ular ovozlarini ko‘tarib duo qilishayotgan edi. Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam ularga: “Sizlar kar yoki g‘oibdagi Zotga duo qilmayapsiz! Siz duo qilayotgan Zot sizlarga qon tomiringizdan ham yaqinroq Zotdir!”, dеb aytganlar”.
Ushbu hadisda Nabiy alayhissalom ovoz chiqarib duo qilayotgan kishilarni koyib, ushbu ishdan qaytarganlari balki, jon tomiridan ham yaqinroq bo‘lgan Zotga duo qilishda ovozni ko‘tarmaslikka ko‘rsatma berganlaridan bilish mumkinki, kishi duoni hamda duo ma’nosidagi “omin” lafzini maxfiy holatda aytmog‘i lozim bo‘ladi.
Uchinchi dalil, Imom Doraqutniy o‘zlarining sunanlarida keltirgan hadisda A’mash rahimahulloh aytadi: “Abu Solih roziyallohu anhu aytdi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Imom “g‘oyril-mag‘dubi ‘alayhim va lad-dooolliiyyn” dеganda sizlar jim turinglar!”, deb aytganlar.
Yuqoridagi “omin”ni aytishga targ’ib qilingan hadislardan ergashuvchilar ham “omin”ni aytishlari lozim ekanligini tushungan bo‘lsak, ushbu o‘rindagi jim turishga bo‘lgan buyruqdan uni maxfiy holatda ovoz chiqarmay aytish lozim ekanligi tushuniladi.
To‘rtinchi dalil, Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Hasan roziyallohu anhu aytadi: “Samura ibn Jundub bilan Imron ibn Husayn (muzokara qilib) eslashib o‘tirishdi. Samura roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan ikkita saktani (ya’ni biroz muddat ovoz chiqarmay turish holatini): takbiri tahrimani aytganda sakta qilishlarini va “g‘oyril mag‘zubi alayhim valazdoooolliin” ni o‘qishdan forig‘ bo‘lganlaridan keyin sakta qilganlarini yodlab qolganini aytdi. Imron ibn Husayn roziyallohu anhu buni inkor qildi. So‘ngra ikkovlari ushbu holat haqida so‘rab Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga xat yozdilar. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning ikkovlariga yozgan maktubida yoki ularga yozgan javobida: “Darhaqiqat, Samura yodlab olibdi”, deyilgan edi”.
Demak, Samura roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan takbiri tahrima va fotihadan keyin ovoz chiqarmay sanoni o‘qiganlari va “omin”ni ham maxfiy holatda aytganlari tushuniladi. Qolaversa, mujtahid sahobalardan biri bo‘lmish Ubay ibn Ka’bning ham Samura roziyallohu anhuni qo‘llab quvvatlaganlari “omin” maxfiy holatda aytilishiga qo‘shimcha dalil bo‘ladi.
Beshinchi dalil, Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Bas, sizlar mеning sunnatimni va to‘g‘ri yo‘ldan boruvchi hamda to‘g‘ri yo‘lga soluvchi xalifalarning sunnatini o‘zingizga lozim tuting! Ularning yo‘llarini mahkam ushlang va oziq tishlaringiz bilan “tishlab” oling!”, deb marhamat qilganlar.
Nabiy alayhissalomdan keyin ummatning eng yaxshi kishilari to‘rt xalifa: Abu Bakr, Umar, Usmon va Aliy roziyallohu anhumlar ham “omin”ni maxfiy aytganlar. Demak, bizlar yuqoridagi hadisning mazmuniga ko‘ra har jabhada, xususan, “omin”ni maxfiy aytish borasida ham ummatning afzali bo‘lgan mazkur zotlarga ergashmog‘imiz, ularning yo‘llarini mahkam tutmog‘imiz lozim bo‘lar ekan.
Oltinchi dalil, Imom Tabaroniy Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: “Umar va Ali roziyallohu anhumolar “Bismillahir rohmanir rohim”ni, ta’avvuzni (A‘uzu billahi minash-shaytonir-rojim), va “omin”ni jahriy aytmas edilar”, deb keltirilgan.
Yettinchi dalil, Abdurazzoq o‘zining “Musannaf” asarida keltirgan rivoyatda hazrati Umar roziyallohu anhu: “To‘rt narsa imom tarafidan maxfiy aytiladi: ta’avvuz, "Bismillahir rohmanir rohim”, “omin” va Allohumma Robbana va lakal hamd”, deganlar.
Imom Tabaroniydan keltirilgan yuqoridagi hadis bilan ushbu o‘tgan hadisni mustaqil holatda dalil sifatida qabul qilish ham yoki xulafoi roshidinlarni yo‘llarini mahkam tutish borasida keltirilgan hadisning davomi sifatida e’tiborga olsak ham bo‘ladi. Har ikki holatda ham imom va muqtadiy “omin”ni jahriy qilmasligi lozim ekanligi tushuniladi.
Sakkizinchi dalil, “omin” lafzi duo bo‘lishi bilan bir qatorda, u zikrlar jumlasidan hisoblanadi. Ya’ni, “omin”ning Qur’ondan emasligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Shunga ko‘ra, namozdagi xuddi shunga o‘xshash boshqa zikrlarning qay holatda aytilishiga e‘tibor bersak, sano, ta’avvuz, basmalalarning barchasi Qur’on bilan ular o‘rtasi ajrab turishi uchun maxfiy aytilar ekan. Shundan bilamizki, “omin”ni ham xuddi ular kabi maxfiy aytmoq lozim bo‘ladi…
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, “Omin”ni maxfiy aytish yuqorida o‘tgan dalillarning tafsilotlariga ko‘ra hukmning asli hisoblanadi. Qolaversa, bugunlik kunda hanafiylarni hukmlarga dalilsiz ergashadi, deya da’vo qiluvchilarning so‘zlari qanchalar puch da’vo ekanligi, ular ushbu so‘zlarni aytishda qanchalar johil bo‘lganlarini bilish mumkin bo‘ladi. Agar qilayotgan amallarimizning dalillaridan bexabar bo‘lgan holimizda unday toifadagi kimsalar tomonidan fitna qo‘zg‘ash holati kuzatilsa, “johilga sukut eng qattiq jazo” qabilida ularning so‘zlariga parvo qilmasligimiz, balki bu borada bizlarga ming yillardan buyon namuna bo‘lib kelayotgan mujtahid ulamolarimiz va ularning izdoshlari bo‘lgan hanafiy mazhabi olimlariga ergashmog‘imiz lozim bo‘ladi. Ana shunda Qur’on va sunnatga to‘g‘ri amal qilgan bo‘lamiz.
Asrorxon domla Mahmudov,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi