OTA-ONA – OILA TAYANCHI
09 июн 2025 й.
149 марта ўқилди.
OTA-ONA – OILA TAYANCHI
Oila – jamiyatning eng muhim ijtimoiy bo‘g‘ini, inson kamoloti va tarbiyasining boshlang‘ich maskanidir. Oila poydevorini tashkil etuvchi asosiy ustunlar esa ota va onadir. Ularning o‘zaro hurmati, sadoqati, sabr-toqati, qalb pokligi farzandlar tarbiyasi va oilaning mustahkamligida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Oila qadimdan muqaddas dargoh sifatida e’tirof etilib, uni asrash har bir insonning vijdoniy va diniy burchi sanalgan. Islom dini oila qadriyatlarini oliy maqomga ko‘targan, ota-onaga ehtirom va farzand tarbiyasiga mas’uliyatni ulug‘ vazifa sifatida belgilagan.
Qur’oni karimda Payg‘ambar Ibrohim alayhissalomning quyidagi duosi keltiriladi:
“Robbim, meni, ota-onamni va mo‘min bo‘lganlarni hisobi ko‘riladigan kunda mag‘firat qilgin.” (Ibrohim surasi, 41-oyat).
Bu oyat ota-onaga bo‘lgan ehtiromning yuksak namunasi bo‘lib, musulmon kishiga har bir amalida, ayniqsa oila doirasida mehr, rahm-shafqat va sabrni ustuvor tutishni eslatadi. Zero, oilaning bardavomligi ota-onaning o‘z o‘rnini anglagan holda harakat qilishi bilan bevosita bog‘liq.
Diniy manbalarda ilk oila – Odam Ato va Momo Havo tomonidan tashkil etilganligi ta’kidlanadi. Bu haqiqat oilaning azaldan borligini, uni yaratishda erkak va ayol teng mas’uliyatda ekanini ko‘rsatadi. Ilmli, odobli, hayoli ayol – jamiyatning tayanchi, sog‘lom avlodning tarbiyachisidir. Shuning uchun ayollarning diniy, ma’naviy va ijtimoiy saviyasini oshirish – bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Oila qadriyatlari – halollik, rostgo‘ylik, or-nomus, sharm-hayo, mehr-oqibat kabi asosiy tushunchalarga tayanadi. Ushbu fazilatlar bor joyda oila mustahkam, farzandlar odobli, jamiyat esa barqaror bo‘ladi. Aynan oilada, inson birinchi tarbiya maktabini o‘taydi. Qayerda tarbiya kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda ijtimoiy muammolar kamroq uchraydi.
Alloh taolo insoniyatni go‘zal suratda yaratgan va ularga oila ne’matini ato etgan. Farzandlar – bu ne’matning eng ulug‘ timsoli bo‘lib, ularni tarbiyalash ota-onaga yuklatilgan og‘ir, lekin sharafli vazifadir. Farzand tarbiyasida loqaydlik yoki mas’uliyatsizlik – katta xatodir. Farzandlar Alloh tomonidan ota-onaga berilgan omonatdir.
Islom dini poklik, halollik, sabr-toqat asosida qurilgan. Nikoh orqali hosil bo‘ladigan oila – bu faqat shaxsiy manfaatlar emas, balki jamiyat barqarorligini ta’minlovchi ijtimoiy institutdir. Nikoh bilan ikki inson emas, balki ikki avlod, ikki nasl bog‘lanadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Sizlar jamoani mol-dunyoyingiz bilan emas, balki muloyimlik bilan o‘z yo‘lingizga qaytara olasizlar.” (Imom Bazzor rivoyati).
Bu hadis tarbiyaning muloyimlik, sabr va muomala madaniyati orqali amalga oshirilishini ko‘rsatadi. Ota-onalar farzandlar tarbiyasiga jiddiy yondashib, salbiy illatlarning oldini olishga harakat qilishlari kerak. To‘y va marosimlarda, ommaviy tadbirlarda yoshlarni nikoh, oila, ma’suliyat haqida xabardor qilish – bu borada muhim vositadir.
Farzand – bu ota-onaning dunyoda qoldirgan izidir. Afsuski, ba’zan oilalar arzimas sabablarga ko‘ra parokanda bo‘lmoqda. Bunday hollarda eng ko‘p aziyat chekadiganlar farzandlar bo‘ladi. Ajrim yechim emas. Balki muammolarni sabr, muomala va maslahat orqali hal qilish – eng oqilona yo‘ldir. Erkak oilaning rahbari sifatida o‘z mas’uliyatini anglamog‘i, ayol esa vafodor, sadoqatli hamroh bo‘lmog‘i lozim.
Qayerda o‘zaro hurmat bo‘lsa, u yerda mehr, baraka va farovonlik bo‘ladi. Ota – xonadon ustuni, onaning esa oila muhitini yumshatuvchi mehri butun qalbi bor. Ularning birligi va mas’uliyati farzandlar kelajagini belgilaydi.
Xulosa qilib aytganda, ota-onaning oiladagi o‘rni beqiyosdir. Ularning o‘zaro sadoqati, sabr-toqati va farzandlarga nisbatan mas’uliyatli yondashuvi jamiyat barqarorligiga xizmat qiladi. Har bir oila – bu kichik bir vatan, har bir ota-ona – bu vatanning ustuni. Shunday ekan, oilani asrash, uni mustahkamlash har birimizning burchimizdir.
Alloh taolo har bir xonadonga baraka, mehr, salomatlik va tinchlik ato etsin. Ota-onalar sog‘ bo‘lishsin, farzandlar kamoli va iqboli butun, yurti, eliga munosib bo‘lib ulg‘aysinlar!
Oyniso Yo‘ldosheva,
Shofitkon tumani Do‘rmon MFY rasmiy otinoyisi
«орқага