Qashshoqlikka qarshi eng yaxshi chora
08 июл 2021 й.
711 марта ўқилди.
Qashshoqlikka qarshi eng yaxshi chora
Kitob oʼqish orqali inson halol va haromni, yaxshilik va yomonlikni, ezgulik va yovuzlikni, haq va nohaqni, adolat bilan zalolatni ajratib oladi. Yaxshiliklar natijasi rahmat, yomonliklar oqibati esa mazammat ekanini anglab yetadi. Kitob insonning ikki dunyosini obod qiladigan xazinadir.
Ulamolarimiz kitob oʼqishning bir qancha foydalarini sanab oʼtganlar. Jumladan:
– kitob mutolaasi kishini tinchlantiradi (olti daqiqa kitob oʼqish asabiylashishga barham berar ekan);
– kitob oʼqish qalbni yumshatadi (tadqiqotlarga koʼra, badiiy asar oʼqigan inson hayotda ham boshqalarning his-tuygʼularini yaxshi tushunar ekan);
– mutolaa miya faoliyatini yaxshilaydi (kitobxonning aqliy salohiyati bir necha kun yuqori holatda boʼlib, miyadagi asab tolalari koʼpayadi);
– kitob oʼqish uyqusizlikdan qutulishga yordam beradi (televizor va telefondan tarqaladigan nur miyaga bezovtalik haqida signal bersa, kitob, aksincha, tinchlanish va dam olishga taʼsir koʼrsatadi);
– mutolaa tushkunlikka qarshi kurashishga yordam beradi (tushkunlikka tushgan bemorlar kitob mutolaasidan keyin sogʼayishgan. Qorongʼida qolgan kishining yoʼlini chiroq yoritgani kabi kitob jaholatga barham berib, qalbni munavvar qiladi, koʼngilga huzur bagʼishlaydi);
– kitob oʼqish insonning xulqini goʼzallashtiradi;
– mutolaa hayotdagi maqsadni anglashga, qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi;
– kitob oʼqish xotirani kuchaytiradi. Fikrlash qobiliyatini yaxshilaydi;
– mutolaa bilan soʼz boyligimiz oshadi, dunyoqarashimiz kengayadi;
– ota-ona farzandlari bilan birgalikda kitob oʼqishsa, oʼrtada mehr, yaqinlik paydo boʼladi;
– mutolaa moliyaviy qiyinchiliklarni bartaraf etishda yordamchi (statistik maʼlumotlarga koʼra, kitob oʼqimaydiganlarning 43 foizi qashshoqlikda yashar ekan).
Paygʼambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Kimning ajali ilm talab qilayotgan vaqtda yetib qolsa, Аlloh taoloning huzurida u bilan paygʼambarlar oʼrtasini faqat paygʼambarlik darajasigina ajratib turadi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Аjdodlarimiz kitobga muhabbatli edilar. Ulugʼ zotlar yuqoridagi hadisga amal qilib kun kechirganlar. Ularning aksariyat vaqti ilm olish, bilim berish, kitob oʼqish va kitob yozish bilan oʼtgan.
Ibn Rushddan qancha kitob oʼqigani haqida soʼralganda, bunday degan: “Ikki kecha kitob oʼqiy olmaganman, xolos. Nikoh kecham va otam vafot etgan kecha”.
Imom Qatoda bir tuya kitobni yod olgan ekan. Imom Gʼazzoliy, Imom Faxriddin Roziy, Imom Suyutiy kabi olimlar kuniga oʼrtacha 15–20 bet asar bitishgan. Imom Tabariydek buyuk olim 86 yil umr koʼrgan boʼlsa, yozib qoldirgan kitoblari 358 000 varaqni tashkil qiladi. Taxminan, balogʼat yoshlari 14 yil deb, umrlaridan ayirsak, 72 yil qoladi. Shunda u zotning yozgan kitoblari umrning har bir kuniga 14 varaqdan toʼgʼri keladi.
Bugun xalqimiz, yoshlarimiz qalbida kitobga muhabbat uygʼotish maqsadida juda xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir mahallada kutubxona tashkil etilib, “Eng yaxshi kitobxon” tanlovlari oʼtkazilayotgani fikrimiz isbotidir.
Jasurbek LАTIPOV,
G’ijduvon tumani «Soktari»
jome masjidi imom-xatibi
«орқага