Qo‘shnichilik odoblari va haqlari
25 январ 2025 й.
110 марта ўқилди.
Islomda qo‘shnichilik haqlari va odoblari
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo O‘zining kalomi sharifida quyidagicha marhamat qiladi: “Allohga ibodat qilingizlar va Unga hech narsani sherik qilmangizlar! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingizlar! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shniyu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”.
Ushbu oyat tafsirida aytiladiki: “Agar qo‘shni musulmon hamda qarindosh bo‘lsa, uning musulmon qo‘shnisida 3 ta haqqi bordir: 1) islom haqqi; 2) qarindoshlik haqqi; 3) qo‘shnichilik haqqi. Agar begona bo‘lsa 2 ta haqqi bo‘ladi: qo‘shnichilik haqqi va islom haqqi. Bordiyu g‘ayri din bo‘lsa, bitta haqqi bo‘ladi, ya’ni qo‘shnichilik haqqi”.
Qo‘shnilar uchga bo‘linadi: 1. Bir haqqi bo‘lgan qo‘shni. 2. Ikki haqqi bo‘lgan qo‘shni. 3. Uch haqqi bo‘lgan qo‘shni.
Uch haqqi bo‘lgan qo‘shni, musulmon va qarindosh qo‘shnidir; bir - qo‘shnilik haqqi, ikki - Islom birodarligi haqqi, uch - qarindoshlik haqqi.
Ikki haqqi bo‘lgani - qarindosh bo‘lmagan musulmon qo‘shnidir. Bunisining, qo‘shnilik haqqi bilan Islom birodarligi haqqi bor. Bir haqqi bo‘lgan qo‘shni butparast qo‘shnidir. Buning faqatgina qo‘shnilik haqqi bor, xolos. Ko‘rinib turibdiki, Rasululloh, bor-yo‘g‘i qo‘shni bo‘lgani uchun, musulmon bo‘lmagan qo‘shnining haqqini ham taniganlar. Musulmon kishi qo‘shnisiga yaxshilik qiladi, chiroyli muomalada bo‘ladi. Uning fe’lidan, tilidan, amalidan qo‘shnisiga zarar yetmasligi lozim. Xayr-ehson, hadya, sadaqa berishda avvalo eng yaqin qo‘shnidan boshlanadi. Hovlining old tomonidan qirq hovli orqasidan qirq, o‘ng va chap tomonlaridan qirqtadan hovli qo‘shni hisoblanadi
Qo‘shnichilikning haq-huquqlari na qadar muhim ekanligiga ishorat qilib, janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan ekanlar: “Jabroil alayhissalom menga qo‘shnichilikning haq-huquqlari to‘g‘risida shunchalik uzoq uqdirdilarki, men hatto qo‘shnilar bir-biridan meros olishni ham tayinlasalar kerak, degan xayolga bordim”.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu rivoyat qilib aytadilarki: “Habibim (Rasululloh sallollohu alayhi vasallam) buyurdilarki, qachon uyingda biror sho‘rva kabi taom pishirsang, suvini ko‘proq quy va qo‘shningni oila a’zolariga ham bir miqdor ulush berib, yo‘qlab turgin, deganlar”. Kimki o‘zining qorni to‘q bo‘lib, qo‘shnisi och o‘tirsa u chin mo‘min bo‘lolmaydi. Qaysi bir kishi o‘z qo‘shnisiga zulm yoki yomonlik qilib, uni o‘z hovlisidan chiqib ketishga majbur qilib qo‘ysa, u albatta halokatga uchraydi. Qo‘shningiz ayoli bilan zino qilishga yoki uning uyiga o‘g‘irlikka tushinga qasd qilgan kimsa eng ablah odam hisoblanadi. Yana payg‘ambarimiz buyurdilar: “Qo‘shniga yaxshilik qil, tinch-salomat bo‘lasan”. “Jabroil menga qo‘shnichilikka oid shu qadar ko‘p tavsiyalar berardiki, men qo‘shnini voris qilsa kerak, deb o‘ylardim”. “Kimning Allohga va qiyomat kuniga imoni bo‘lsa, qo‘shnisiga nisbatan izzat-ikromda bo‘lsin”!
“U qo‘shni bu qo‘shnining begunohligiga amin bo‘lmasa, bu qo‘shnining imoni shubha ostida bo‘ladi”. “Qiyomat kuni birinchi bo‘lib, yovlashib qolgan qo‘shnilar muhokamaga qo‘yiladi”.
Qo‘shnining itini injitgan bo‘lsang, qo‘shnini azoblagan bo‘lasan. Alloh rozi bo‘lgur ibn Mas’ud huzuriga bir odam kelib dediki: Mening bir qo‘shnim bor. Menga azob beradi, so‘kadi, meni behalovat qiladi: Ibn Mas’ud shu javobni berdi: - Ket. Agar u, sen tufayli Allohga osiylik qilayotgan bo‘lsa, sen u tufayli Allohga itoat et. Payg‘ambarimizga dedilarki: “Falon xotin, kunduzi ro‘za tutadi, kechasi namoz o‘qiydi, ayni paytda qo‘shnilariga azob beradi”.
Rasululloh buyurdilar: -“U jahannamga tushadi”.
Payg‘ambarimiz huzuriga bir odam keldi. Qo‘shnisidan shikoyat qildi. Rasululloh unga:
-Sabr qil! — dedilar.
Yana uchinchi, to‘rtinchi marta kelganida: -Ashyolaringni yo‘lga chiqarib tashla! — deb buyurdilar.
U odam shunday qildi. Kelib-ketuvchilar: “Senga nima bo‘ldi?” deb so‘rashar, u: “Qo‘shnim sig‘dirmay azob beryapti!” der edi, shunda ular: “Qo‘shning Allohning la’natiga uchrasin!” deya boshladilar. Bu ahvoldan noqulay bo‘lgan qo‘shni uning oldiga kirdi va: “Ashyolaringni yig‘ib ol. Allohga qasamki, endi notinch qilmayman!” dedi. Imom Buxoriy va imom Muslim rohmatullohi alayhimlar rivoyatlari ila yana ushbu hadisi sharif voridkim:
“Har kimning Alloh taologa va oxiratga imon keltirgani rost bo‘lsa, qo‘shnisiga yomonlik qilmasin, ozor bermasin, mehmonga ikromu izzat ko‘rsatsin. Haqiqiy mo‘min bo‘lsa, gapirganda foydali gaplardan gapirsin yoki sukut saqlasin!”
Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga sahobalar bir ayolni madh qilib, maqtabdilar: “Bir ayol borki, kechalari bedor bo‘lib namozlar o‘qiydi, kunduzi ro‘za tutib, sadaqa va ehsonlar qiladi. Ammo qo‘shnilariga tili bilan ozor berib turadi” – debdilar. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Unday ayol maqtovga sazovor emas, balki u do‘zax ahlidandir” – degan ekanlar.
Zahariy rivoyat qiladi: Payg‘ambarimiz oldiga bir odam keldi. Qo‘shnisidan shikoyat qildi. Rasululloh, jarchi chaqirtirib, jome’ darvozasidan “Qirq uy qo‘shnidir! Qirq uy qo‘shnidir!” deb jar solishni amr etdi.
Zahariy derki: -Qirq uy qo‘shni, qirq uy qo‘shni, qirq uy qo‘shni, qirq uy qo‘shni! — deb to‘rt tomonga ishora qildilar.
Rasululloh buyurdilar: -Barakat va barakasizlik xotinda, maskanda va otda bo‘ladi. Xotinning barakati maxrining yengilligi, nikohining osonligi va axloqining go‘zalligidir (Maxriga og‘ir narsa talab qilmaydi, nikoxda kelajakni o‘ylab, ishning oson ko‘chishiga qulaylik yaratadi, yana buning ustiga-ustak axloqi ham go‘zal bo‘lsa, xotin uyga qut-baraka keltiradi). Xotinning baxtsizligi aksar hollarda mahrining og‘irligi, nikohining qiyinligi va axloqining yomonligi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Maskanning barakati turar joyining kengligi va qo‘shnilarining yaxshi insonlar bo‘lishidir. Bebarakaligi turar joyining torligi va qo‘shnilarining yomon fe’l-atvorli insonlar bo‘lishi bilan bog‘liq. Otning barakati uning yumshoq va yaxshi tabiatli bo‘lishidir. Asov va yomon tabiatli otlar ishning barakasini qochiradi. Qo‘shnichilik burchi, faqatgina qo‘shniga azob bermaslikdan iborat emas. Qo‘shni uchun qandaydir qiyinchilikni zimmaga olish ham kerak bo‘ladi. Chunki, qo‘shniga azob bermaslikning o‘zi, hali burch o‘taldi, degani emas. Buning uchun hatto ma’lum bir qiyinchilik yo noqulay ahvolga chidash ham kamlik qiladi. Chunki shu bilan birgalikda qo‘shniga yaxshi (mehr bilan) va muloyim muomala qilish, unga xayr-sadaqa qo‘lini uzatish ham kerakdir. Aytadilarki: -Qiyomat kuni kambag‘al qo‘shni boy qo‘shnining yoqasiga yopishadi va deydiki: -Ey Rabbim, o‘zing so‘ra bundan! Nechun, shariatga ko‘ra menga berishi lozim bo‘lgan narsani bermadi, menga eshigini yopdi?
Bir odam, uyida sichqon ko‘payganidan shikoyat qiladi. Unga: “Bir mushuk topsang bo‘larkan!” deyishadi. U, o‘ziga bunday deganlarga shu javobni beradi: -Sichqonlar mushuk kelganini sezib qo‘shnimizning uyiga qochishlaridan va shu tariqa o‘zim xohlamagan narsani qo‘shnimga xoxlaganday bir ahvolga tushib qolarmikanman, degan andishadaman. Quyidagilar qo‘shnichilik burchlari jumlasiga kiradi:
• Qo‘shni bilan uchrashganda salom bilan so‘z boshlamoq,
• gaplashganda gapni cho‘zmaslik,
• ko‘p savol bermaslik,
• kasal bo‘lganda ko‘rgani borish,
• boshiga musibat tushganda ta’ziyasida bo‘lish, uning bilan birga sabrli bo‘lish,
• sevinchli onlarida qutlash, uning sevinchi bilan sevinish,
• xatolarini ko‘rmaslikka olish,
• uyini josuslarcha kuzatmaslik,
• devoriga bir narsalar qo‘yib yoki osib g‘ashini keltirmaslik,
• unga tegishli joydan suv olmaslik,
• uyining oldiga axlat va supurindi to‘kmaslik,
• haqroha (o‘tish yo‘llari)ni toraytirmaslik,
• biron bahona bilan uyiga qaramaslik,
• quloqqa chalingan oilaviy sirlarini yoymaslik,
• keragida, uning mardligiga so‘z tekkizayotganlarning so‘zini bo‘lish,
• o‘zi yo‘qligida uyini qo‘riqlash,
• unga qarshi aytilgan so‘zga quloq solmaslik,
• mahramiga oid xususlarda ko‘z yummoq,
• xizmatchisiga qaramaslik,
• bolasiga shirin so‘zlar aytish,
• diniy va dunyoviy masalalarda bilmaganlarini irshod qilish.
Hasan Basriy aytadilarki: “Husnul jivor” ya’ni yaxshi qo‘shnichilik deb faqat qo‘shniga zarar yetkazmaslikligina emas, balki mabodo qo‘shnilardan zarar yoki ozor yetsa, unga toqat qilib, janjal ko‘taravermaslikni ayturlar”.
Qo‘shning ustida qo‘shnining hurmati xuddi onasining hurmati kabi bo‘ladi. Agar qo‘shni qarz yoki biror narsa so‘rasa darrov beriladi. U chaqirib kelsa, shu zahoti javob qilinib, arziga quloq solinadi. Qo‘shni faqir bo‘lsa, ehtiyojini qondirib yordamlashiladi. Bordiyu qo‘shni kasal bo‘lib qolsa, chiqib ko‘riladi va qo‘ldan kelganicha yordam ko‘rsatiladi. Unga musibat yoki balo yetsa qayg‘uriladi, unga sabr tilab, tasalli-dalda beriladi. Mojarolar odatda, ko‘proq qo‘ni-qo‘shnilarning yosh bolalari o‘rtalarida sodir bo‘lib turadi. Shunday paytda, bolalarning o‘rtasiga tushib ota-onalar aybni bir-birlariga ag‘daravermasdan, har birlari o‘z farzandlariga tanbeh berib, odobga chaqirib borsalar, ayni savob ish qilgan bo‘ladilar. Tushunmovchilik orqali qo‘shnilar o‘rtasiga ba’zan xafachiliklar tushib qoladi. Bunday hollarda ular bir-birlari bilan uzoq vaqt arazlashib, gaplashmay, balki salomlashmay yuradilar. Bu to‘g‘rida Janobi Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytadilarki:
“Musulmon kishiga uch kundan ortiq gina saqlab, gaplashmay, aloqani uzib yurish haromdir. Uchrashganda yuzlarini boshqa tomonga burib, ko‘rmaganga olib yurgan bir paytda, qaysi biri aloqani qaytadan boshlab yuborish niyatida birinchi bo‘lib salom bersa, shu kishi ularning yaxshisidir” – deganlar.
Qo‘shnilarning bir-birlardagi haqlarini bayon qilishdan Islom dinining maqsadi va g‘oyasi shuki, musulmonlar, balki yer yuzidagi barcha xalqlar o‘zaro tinch-totuv, osoyishta, bir-birlarini izzat hurmat qilgan holda yashab borishga undashdir. Chunki “Islohi zotil boyn” ya’ni o‘rtalariga gina-adovat tushganlarni yarashtirib qo‘yishning na qadar muhim va zarurligiga Qur’oni karimda juda ko‘p oyatlarda ishorat qilingan. Masalan: “...Allohdan qo‘rqingiz va oralaringizni tuzatingiz! Agar mo‘min bo‘lsangizlar, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingizlar!”
Rasul alayhissalom buyurdilar: -Bilasizmi, qo‘shnining haqqi nima? Yordam so‘rasa yordam berasiz. Qarz so‘rasa qarz berasiz. Kambag‘allashsa ro‘zg‘origa madad berib turasiz. Xastalansa ziyoratiga borasiz. Vafot etsa janozasiga qo‘shilasiz. Omad kulib boqsa uni qutlang. Boshiga musibat tushsa ta’ziyasida birga bo‘ling. Undan ruxsat bo‘lmasa uyingizni uning uyidan baland qilib qo‘rmang. Chunki uyingizni baland qilib qursangiz uning nimasigadir to‘sqinlik qilgan bo‘lasiz. Unga azob bermang. Biron meva olgan paytingizda unga ham bering. Agar bermoqchi bo‘lmasangiz, uyga olib kelganingizni ko‘rmasin. Bolangizning qo‘liga biron meva berib tashqariga chiqarib yubormangki, qo‘shnining bolasi shunday narsaga ega bo‘lmaguncha bundan o‘pkalanib yurmasin. Qozoningizda qaynatgan et hidi bilan ularni notinch qilmang. Agar keltirgan etingizdan bir parchasini unga kesib bergan bo‘lsangiz, et hidi taralishining aybi yo‘q.
Bilasizmi, qo‘shnining haqqi nima? Borlig‘im qudrat qo‘lida bo‘lgan Allohga qasamki, qo‘shni haqqini faqat Allohning marhamatiga noil bo‘lgan kimsalargina o‘tay oladi.
Mujohid hikoya qiladi: -Bir kuni Hazrati Umarning o‘g‘li Abdullohning yonida edim. O‘g‘li ham bor edi. U qo‘y so‘yib, terisini shilayotgan edi. Otasi dediki: -Qo‘yni so‘yib bo‘lganingdan keyin, qo‘shnilarga berishni yonimizdagi yahudiy qo‘shnidan boshla!
Abdulloh bu so‘zni o‘g‘liga bir necha marta takrorladi. Oxiri o‘g‘li: “Necha marta aytasiz, ota?” dedi. Shunda Abdulloh dediki: -Rasululloh qo‘shnichilik haqqida shu qadar ko‘p o‘git berardilarki, biz qo‘shnini qo‘shniga voris qiladilar shekilli deb o‘ylardik!
Hishom deydiki: -Hasan Basriy, qurbonlik etidan yahudiy va nasroniylarga berilishini xatarli deb bilmasdi. Abu Zar — Alloh undan rozi bo‘lsin — hikoya qiladi: Do‘stim Rasululloh menga vasiyat qilib, dediki: -Qozon qaynatgan paytingda suvini ko‘p qil, keyin qo‘shni uydagilarga qara. Ularning sanog‘iga qarab, bir miqdor ular uchun ajrat. Agar qo‘shni safarga ketsa, oilasidan xabar olib turiladi, uy-joyi, mulki, xonadon ahli himoya qilinadi. O‘zi ruxsat bermasa imoratni unikidan baland qilib qurilmaydi yoki boshqa yo‘sinda unga zarar yetkazilmaydi. Biroq tansiq taom, daraxt yoki namoz hosilidan unga tortiq qilinadi, imkoni bo‘lmasa maxfiy qilib yeyiladi. Qo‘shnining bolasi xarxasha qilmasligi uchun bolalarning qo‘liga biror narsa berib, ko‘chaga chiqarilmaydi. Qo‘shnining hovlisiga qaralmaydi, iznsiz kirilmaydi. Bir odam vafot etsayu uning uch qo‘shnisi baravar undan rozi bo‘lishsa, u odamning gunohlari kechiriladi.
Alloh taolo dunyodagi barcha xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik-birodarlik rishtalarini mustahkam qilsin. Qo‘ni-qo‘shnilar bilan samimona aloqalarimiz yanada yaxshilanib borishini Alloh taolo barchalarimizga nasibu ro‘ziy aylasin.
Odiljon Sadilloev,
“Xalifa Xudoydod” jome’ masjidi imom-xatibi
«орқага