QURBON HAYITI
05 июн 2025 й.
85 марта ўқилди.
QURBON HAYITI
Alloh taologa beadad shukurlar bo‘lsinki, yana bizni shunday ulug‘ kunlarga tinchlik osoyishtalikda salomatlikda yetkazdi. Bu kunda hamma boyu kambag‘al barobar xursand bo‘ladigan kundir. Bu kunda Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari ustiga yog‘iladi. Zero, musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri Qurbon hayiti nishonlanadi. Dinimiz buyurgan moliyaviy ibodatlardan biri zulhijja oyining o‘ninchi, o‘n birinchi, o‘n ikkinchi kunlaridan birida qurbonlik kilishdir. Qurbonlik Alloh yo‘liga jonliq so‘yish bo‘lib uning zamirida boy-badavlat kishilar o‘z tasarruflaridagi mol-dunyodan boquvchisini yo‘qotgan yetim-yesir, qarzdorlar qo‘ni-qo‘shnilar va kam taminlangan oilalarga xayr ehson qilish yotadi. Bu bilan jamiyat a’zolari o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik, mehr-oqibat rishtalari yanada mustahkamlanadi.
Qurbonlik qilish Ibrohim xalillullohdan qolgan amal bo‘lib, hanafiy mazhabimiz bo‘yicha zakot nisobiga yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan kishilar uchun vojibdir. Qurbonlikka hech qanday aybu nuqsoni yo‘q tuya, qoramol, qo‘y va echki so‘yish mumkin. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida “Qurbonliklaringizni kattaroq qilinglar, chunki ular sizga sirot ko‘prigida ulov bo‘ladi deb aytganlar”. Qurbonlik qilgan kishi qurbonligining go‘shtidan yeydi, istagan kishilariga hadiya qiladi va bir qismini keyin yeyish uchun olib qo‘yadi. Agar oilasi katta bo‘lsa, kurbonlik go‘shtining hammasini oila uchun olib qolishi mustahabdir. Alloh taolo siz-u bizga qalbimizdagi niyatimizga ko‘ra muomala qiladi. Alloh taolo marhamat qiladiki “Allohga qurbonlik go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat kilgani sababli – u zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysindirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering. (Haj surasi 37-oyat)”. Haqiqatdan ham Alloh qurbonlikka so‘yilgan hayvonlarni go‘shtlariga ham, qonlariga ham muhtoj emas. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning yaratuvchi amriga itoatini va taqvosini namoyon etishdir. Banda ixlos bilan qurbonlik qilib, Alloh yo‘lida jonliq so‘ymoqdami demak usha bandaning Alloh taologa taqvosi bor ekan. Shu bilan birga qurbonlik qilish banda uchun Allohni ulug‘lashga bir fursatdir.
Shunday ekan, Alloh taolo bergan ne’matlariga doimo shukur aytishimiz lozim. Bu kunlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarga yaratgandan minnatdor bo‘lishning alomatidir. Alloh taolo ushbu Qurbon hayitini barchalarimizga muborak qilsin. Uning savobidan hammamizni bahramand aylab, gunohlarimizni mag‘firat etsin. Bu bayram barokatidan barcha mo‘min musulmonlarini ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin.
Abdurahmon Baqoyev,
Buxoro tuman bosh imom-xatibi
Buxoro tuman bosh imom-xatibi
«орқага