Ramazon baraka oyi
31 март 2023 й.
«орқага
346 марта ўқилди.
Ramazon baraka oyi
Ramazoni sharif oylarning sultonidir, chunki bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘lgan, unda bir kecha bo‘lib, bu kechadagi ibodatlar, yaxshi savobli ishlar ming oydan afzal deyilgan. Bu oy Qur’on oyi, taqvo va tavba oyi, rahmat va shafqat oyi, baraka va savob oyi, mag‘firat va do‘zaxdan ozod bo‘ladigan oy, gunohlar yuviladigan oydir. Bu oyning oxiriga yetib tamom bo‘lishi ummatning musibatidir.
Ramazon oyi ro‘zasini tutmoqlik oqil, bolig‘ va boshqa shartlarni o‘zida mujassam qilgan har bir mo‘min-musulmon uchun farzi ayndir. Alloh taolo tomonidan ro‘za ibodatining bandalariga farz qilinishi juda ko‘p hikmatga ega:
Ro‘za tutgan banda, eng avvalo, Allohga taqvo qilgan bo‘ladi, taqvodorligi oshadi. Alloh taolo Qur’onda «Shoyadki, taqvo qilsangiz» — degan.
Ro‘za tutgan kishi Alloh taolo oldidagi qarzini bajaradi. Tutmagan kishining qarzi ko‘payib boraveradi.
Ro‘za Alloh taologa qilinadigan toat-ibodatdir. Ro‘za tutgan banda hadsiz- hisobsiz ajr-u savoblarga ega bo‘ladi. Bu ibodatning mukofoti oxiratda «Rayyon» nomli jannat eshigidan kirish uchun hujjat bo‘ladi.
Ro‘za ulkan odob-axloq maktabidir. Unda mo‘min kishi ko‘pgina xislatlarga ega bo‘ladi. Ro‘za nafs balosiga qarshi jihoddir. Ro‘za tufayli inson o‘zidan man qilingan narsalarga sabr qilishga o‘rganadi. Ro‘za sabr maktabi bo‘lib, kishi ro‘za orqali hayotida duch keladigan mashaqqatlarga chidashga odat qiladi.
Ro‘zaning eng muhim hikmatlaridan biri ro‘za tufayli ro‘zador sog‘lik- salomatligini tiklab oladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Ro‘za tutinglar, sog‘lom bo‘lasizlar», — deganlar.
Ro‘za har xil kasalliklardan halos etish bilan birga kishi badanida to‘planib qolgan turli keraksiz moddalar, yog‘lar, tuzlar va boshqa narsalarni ham ketkazadi. Butun dunyoda hozir eng ko‘p foyda berayotgan davolash usuli ochlik bilan davolanish usuli ekanligini musulmon bo‘lmagan olimlar baralla aytishmoqda. Ochlik va parhez bilan davolash birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Ro‘za tutish orqali mo‘min kishi har qanday omonatga xiyonat qilmaslik va maxfiy hamda oshkora holatlarda ham Alloh taolo uni kuzatib turishini his etishga erishadi.
Ro‘za tutgan kishi o‘z ro‘za ibodati tufayli farishtalar sifati bilan sifatlanadi. Ma’lumki, yemaslik, ichmaslik, shahvoniy hirsning yo‘qligi, doimo toat-ibodatda, itoatda bo‘lishlik farishtalar sifatidir. Ro‘za tutgan inson erta tong sahardan quyosh botguncha shu farishtalar sifatlari bilan sifatlanib turadi. Ro‘za tutgan kishining irodasi mustahkam bo‘ladi, rahm shavqat sifatlari kuchayadi, sabr bardoshga o‘rganadi, qalbi musaffo bo‘ladi.
Ro‘zaning foydalaridan biri shaytoni la’inga qahr ko‘rsatishdir. La’nati shayton inson bolasini yaxshilikdan qaytarib yomonlikka boshlab turadi. Inson bolasi yomonlikka yursa, shayton alayhilla’na xursand bo‘ladi. Inson bolasi yaxshilikka yursa, Alloh taoloning amrini bajo keltirsa, shaytoni la’in xafa bo‘ladi. Ro‘za ibodatini qilgan inson yomonliklardan qaytishi va Alloh taologa taqvo qilishi bilan shaytonga qahr ko‘rsatadi.
Bundan tashqari siz-u bizlar bilgan bilmagan hikmatlar bor, uni aytib adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Alloh taolo barchalarimizni bu muborak , qutlug‘ oyda ojizlik bilan tutayotgan ro‘zalarimizni qabul aylasin.
Bu oyni g‘animat bilib, komil inson fazilati bilan mohi ramazoni sharifni oxiriga yetkazmoqlikni nasib etsin. Alloh bu muborak kunlarni ro‘za, toat-ibodat, Qur’oni karim tilovati, xatmi Qur’onga some’ bo‘lishlik, kishilar qalbiga xursandchilik solishini nasib etsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, rizqimiz but bo‘lib, kelasi yilgi ramazonga barchamizni salomat yetib borishimizni nasib etsin.
Shofirkon tuman "Xoja Orif Mohitobon Revgariy" jome' masjidi
imom-noibi Bekzod domla Adizov.
imom-noibi Bekzod domla Adizov.