Sabrlilik – yaxshi odat
03 январ 2025 й.
52 марта ўқилди.

 Sabrlilik  – yaxshi odat

Mo’min kishi barcha ishlarda, barcha holatlarda – erta-yu kech, yurganda ham, turganda ham, xullasi kalom, doimo vazmin bo’lmog’i lozimdir. Vazminlik Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xislatlaridan biri bo’lgan. U zot orqali ummatlari – mo’min-musulmonlarning barchasining xislati, sifati bo’lmog’i kerak. Haqiqiy mo’min sabrli, avfli hamda ozorlarga chidab, vazmin bo’ladi. Mana shu yerda sabr va u to’g’risida kelgan hadislar bilan tanishib chiqsak. 
Sabr so'zining ma'nolaridan biri tanglik ila o'zini tutib turishdir.
Sabrning istilohiy ma'nosi haqida ulamo ahli bir-birini to'ldiruvchi bir necha ta'riflarni aytganlar:
Rog'ib: «Sabr nafsni aql va shariat taqozo qilganidek tutib turishdir yoki ikkisi taqozo qilgan narsadan tutib turishdir», degan.
Munoviy: «Sabr hissiy va aqliy og'irlik va alamlarga chidashdir», degan.
Sabrning ta'rifida aytilgan gaplardan:
- Sabr nafsni qayg'u va achchiqlanishdan, tilni shikoyatdan va a'zolarni tashvishdan tutib turishdir.
- Sabr nafsning fozil axloqlaridan biri bo'lib, qilinishi yaxshi va go'zal bo'lmagan narsalardan saqlanishdan iboratdir.
- Sabr Qur'on va Sunnat ahkomlarida sobit turishdir.
- Sabr balo yetganda go'zal odob ila turishdir.
- Sabr iztirob paytida qalbning sobit turishidir.
Sabrning turlari:
Hilmiy aytadi:
«Sabr uch turlidir: Jabborning toatiga sabr qilish. Jabborning ma'siyatidan sabr qilish. Jabborning imtihoniga sabr qilish».
Ibn Qayuyum aytadi:
«Sabr o'zi bog'langan narsa e'tiboridan uch qismga bo'linadi: Amr va toatlarni ado etishga sabr. Nahyi va xiloflarni qilmaslikka sabr. Qazoi qadarlarga rozi bo'lishga sabr».
Feruzobodiy aytadi:
«Sabr uch turlidir: Allohga sabr. Alloh bilan sabr. Alloh uchun sabr»
Avf so'zi lug'atda tark qilish, o'chirish va yo'q qilish ma'nolarini ifoda etadi.
Ulamo axdi avfni quyidagicha ta'riflaydilar:
Munoviy: «Avf bir narsani tanovul qilishni qasd etish va gunohni o'tib yuborishdir», degan.
Kafaviy: «Avf qudrati yetib turib, zarar yetkazmaslikdir. Kim uqubat berishga haqdor bo'la turib, uni tark qilsa, avf qilgan bo'ladi», degan.
Avf bilan mag'firatning orasidagi farq.
Mag'firat iqobni soqit qilib, savob berishdan iboratdir. Bunga faqat Alloh taoloning O'zi qodir. Mag'firatga faqat mo'min bandagina sazovor bo'ladi.
Avf malomat va mazammatni soqit qilsa ham, savobga erishishni taqozo qilmaydi. Avfni banda ham qilishi mumkin. Avf uqubatdan oldin ham, keyin ham bo'laveradi. Mag'firatda esa, uqubat umuman bo'lmaydi. Avf faqat qodir bo'lgan shaxs tarafidan bo'ladi. Avf uqubatni soqit qiladi. Mag'firatda esa, gunoh berkitiladi.
Alloh taolo:
«Shubhasiz, kim sabr qilib, kechirsa, albatta, bu mardlik ishlaridandir», degan (Shuro, 43).
Bu oyati karimada sabr qilishga da'vat bor. Yana kechirimli bo'lishga da'vat bor. Yaxshilar sifati bo'lgan ushbu sifatlarga takror-takror da'vat bejiz emas. ABvalo, bu ishlarni amalga oshirish oson emas. Qolaversa, yaxshi sifatlarga qancha targ'ib qilinsa, shuncha oz. Dunyodagi holatlar boshqacha bo'lishi mumkin. Ba'zan jinoyatchi, zolim va tajovuzkorlarga omad kulib boqqandek ko'rinadi. Bunday qarasangiz, pichoqlari moy ustida, kunlari shod-hurramlikda va aysh-ishratda o'tayotgandek. Ular dunyoning yarmiga, balki hammasiga ega bo'lsinlar, ammo besh kunlik o'tkinchi dunyo matohlarining qimmati qancha? Unga erishganlar aslida nimaga erishadilar o'zi?
Ammo sabr qilganlar mardlik ishlarini amalga oshirgan bo'ladilar va uning ajrini to'la-to'kis oladilar.
Alloh taolo yana:
«Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, to'liq berilur», degan (Zumar, 10).
Sabr ham har bir mo'min-musulmon erkak-ayolga lozimu lobud sifatdir. Bu ulkan xislatsiz inson mo'min-musulmonlik takliflarini, buyruqlarini ado eta olmaydi. Inson boshiga tushgan musibatlarga bardosh berishi kerak. Orzu qilgani oliy maqomlarga yetish yo'lidagi ishlarda sabrli bo'lishi lozim. Turli sinovlardan, mashaqqatlardan faqat sabr ila o'tiladi.
Alloh taolo yana:
«Va Ismoil, Idris va Zulkiflni esla. Ularning har biri sabr qilguvchilardandir», degan (Anbiyo, 85).
Ushbu oyatda eslatilgan zotlardan Ismoil alayhissalom ma'lum va mashhurdirlar. U kishining qissalari boshqa suralarda batafsil kelgan. Bu oyatda u zotning sabr-toqatlariga alohida urg'u berilmoqda. Ismoil alayhissalom haqiqatda yuqori darajada sabr namunalarini ko'rsatganlar. U kishi o'simlik o'smaydigan sahrolarda sabr qilib o'sganlar. Baytullohni qurishda otalari Ibrohim alayhissalomga sabr va matonat bilan yordam berganlar. O'zlarini qurbonlik uchun so'yish amri kelganida ham sabr qilganlar. Idris alayhissalom haqida ma'lumotlar oz. Maryam surasida ham zikrlari o'tadi. Unda qavmlarining kirdikorlariga sabr qilganlari haqida so'z ketgan. Ushbu oyatda esa, u kishining sabr sifatlari yod etilmoqda.
Zulkifl alayhissalom haqida ma'lumotlar yana ham oz. Hatto ba'zilar u zotni Payg'ambarlar safiga qo'shmaydilar ham. Lekin Anbiyo surasida mashhur Payg'ambarlar bilan birga zikr etilishi u zotning Payg'ambarlardan bo'lganini ko'rsatadi. Shu bilan birga, ushbu oyatda u kishi ham sabr qilguvchilar qatoriga qo'shilmoqdalar.
Alloh taolo yana:
«Ular Robbilari yuzini ko'zlab, sabr qilarlar», degan (Ra'd, 22).
Ya'ni, aql sohibi bo'lgan bandalar Allohning rizosini umid etib, sabr qiladilar. Ularning sabrlari faqat Allohning roziligi uchun bo'ladi. Xo'jako'rsinga, riyo uchun bo'lmaydi. O'ziga o'zi maqtanib yurish uchun ham bo'lmaydi.
Sabr turli xil bo'ladi. Eng ulug'i Iymon-Islom talablarini bajarish yo'lidagi qiyinchiliklarga sabr qilish. Odamlarning noo'rin tasarruflariga sabr qilish. Yetgan musibatlar va ne'matlarga sabr qilish va hokazolar.
Alloh taolo yana:
«Albatta, Biz sabr etganlarni qilib yurgan amallarining eng go'zaliga beriladigan ajr ila mukofotlarmiz», degan (Nahl, 96).
Ya'ni, axdiga vafo qilib, qasamiga rioya etish yo'lidagi mashaqqatlarga chidab, sabr qilgan odamlarni eng yaxshi ajrlar bilan mukofotlaymiz. Eng yaxshi amaliga tegishli ajru savobimizni umumlashtirib, hamma ishlariga beramiz deb aytib o`tilmoqda.
Alloh taolo yana:
«Sabr va namoz ila yordam so'rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir», degan (Baqara, 45).
Biz, yordam so'rang, deb tarjima qilgan ibora arab tilida «ista'iynu» deb kelgan. Bu so'zning ma'nosi bir ishga urinib turib, yana qo'shimcha yordam so'rashni anglatadi. Demak, musulmon kishi har bir ishga astoydil urinadi va shu urinish bilan birga, Allohdan yordam so'raydi.
Sabr ham, ko'pchilik xayol qilganidek salbiy ma'noda, ya'ni, nima bo'lsa ham sabr qilyapman, deb jim-harakatsiz turish emas, balki Allohning aytganini bajarish jarayonida duch keladigan mashaqqatlarni yengishdagi sabrdir.
Eng bosh sabr havoi nafsni, rohat-farog'atni, mansabni tark qilib, Allohning aytganiga yurishga chidamdir.
Namoz esa, bandani Allohga bog'lab turuvchi narsa bo'lib, inson namoz orqali quvvat, matonat, chidam va bardoshga erishadi. Payg'ambar alayhissalom qachon boshlariga qiyin ish tushsa, namoz o'qishga shoshilar edilar.
Qur'oni Karimda sabrga da'vat ko'p takrorlanadi. Chunki Allohga toatda ham, gunohdan saqlanish, yo'ldagi to'siqlarni yengish uchun ham, zaiflik kelib qolganda ham, havoi nafsni jilovlash uchun ham sabr kerak va hokazo. O'tgan ulamolarimizdan birlari sabrni umumiy tarzda uchga bo'lganlar:
Birinchisi: Alloh harom qilgan narsalardan va gunohlardan saqlanishga sabr.
Ikkinchisi: toat va qurbat hosil qilish uchun sabr.
Uchinchisi: yetadigan musibat va qiyinchiliklarga sabr.
Demak, mo'min-musulmon banda mazkur qiyinchiliklarni yengish uchun katta mikdordagi sabrga ega bo'lishi kerak. Ammo hamma narsaning chegarasi bo'lganidek, gohida sabr ham tugashi, susayishi mumkin, bunday holatda namoz yordamga keladi. Namoz bitmas-tuganmas yordamchi, kuchga kuch, quvvatga quvvat baxsh etuvchi, qalbga madad beruvchi, sabrga sabr qo'shuvchi, sokinlik va xotirjamlik manbaidir. U ojiz, zaif odamni quvvat va yordamning asl manbai bo'lmish Alloh taologa bog'lovchi vositadir.
Shu bois Alloh taolo qiyinchilik va mashaqqatlar ostonasida turgan Islom ummatini sabrga va namozga chaqirmoqda. Va ortidan:
«Albatta, Alloh sabrlilar bilandir», deb ta'kidlamoqda.
Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom hadislaridan birida:
«Mo'minning ishi ajoyib, Alloh unga nimani qazo qilsa ham, yaxshilik bo'ladi. Xursandlik yetsa, shukr qiladi, yaxshi bo'ladi. Musibat yetsa, sabr qiladi, yaxshi bo'ladi», deganlar.
Shunday ekan har bir mo`min musulmon boshiga keladigan tadbiri ishda sabrda bo`lmoqligi o`zi uchun yaxshiligini bilgan xolda Alloh taologa itoat qilmoqligi durust bo`larkan. Bu amali yuzasidan oladigan ajru savoblari amal daftarini bezab turushi qandayinkim go`zal ishlardan xisoblanarkan. Barchalarimizni go`zal sabr qilishlikda qoim qilib qo`ysin.
Yaxyoyev Nurulloxon,
Buxoro shahar "Said po Bandi Kusho" masjidi imom-xatibi
 
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 06:45
Куёш: 07:40
Пешин: 13:10
Аср: 16:40
Шом: 18:20
Хуфтон: 19:55
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram