Tarbiya ta
30 октябр 2017 й.
2755 марта ўқилди.

Tarbiya ta'limdan ustundir
 
    Tarbiya har qanday jamiyat va har qanday mamlakat hayotida hal qilguvchi ahamiyat kasb etadi. Yosh avlodning, umuman jamiyat aʼzolarining tarbiyasi bilan yetarlicha shugʻullanmagan mamlakat inqirozga mahkumdir. Negaki, oʻsishi va rivojlanishi uchun har qanday jamiyat maʼnaviy yuksalib borishi lozim. Buning uchun yosh avlodning maʼnaviyatini yuksaltirish kerak bo'ladi. Yosh avlodda ana shunday maʼnaviy qobiliyatlarni shakllantira bilish uchun esa, jamiyat uzluksiz ravishda samarali faoliyat koʻrsatadigan tarbiyaviy tizimiga ega bo'lishi lozim bo'ladi.
    Bola tarbiyasi ustida olimlar qiziq tajriba o’tkazishdi. Ota bola tug’ilshiga besh, olti oy qolganida har kuni ma’lum bir vaqtda bitta ertakni uning yonida so’ylayveradi. Go’dak tug’ilganidan keyin ham ertakni aytishda davom etadi. Bola tili chiqqanda ota o’sha ertakni yana ayta boshlagan ekan, ertakning davomini bolaning o’zi so’zlab ketadi. Albatta, bu hodisa oddiy tajriba emas, balki bola tarbiyasi qachondan boshlanishi lozimligini ko’rsatuvchi ilohiy bir hikmat isboti hamdir.
    Insonni tarbiyasi qandayligi uning ota-onasining tarbiyasi qandayligidan dalolat beradi. Ota-onasi badxulq odamlar bo'lsa, kelagakdagi farzandiga ham ularning nuqsoni urib, ta'siri bo'ladi.
    O’g’il qizning xulqi yaxshi yoki yomon bo’lsa, uning asl sababchisi ota-onadir.
    Ota-ona bolani qarovsiz qo’ymasligi, unga ilm, hunar va yaxshilikka chorlaydigan yo’llarni o’rgatishi lozim.
    Farzandning fe’li, axloq-odobi mukammal bo'lishi, yo’l-yo’riqlari yaxshi bo’lishi, xizmatga loyiq bo’lishi, mukofotlarga sazovor bo’lishi ota-onaning mehri, duosi va tarbiyasiga bog’liqdir.
    Behuda va bo’sh qo’yilmagan, tiyib-tergab turilgan farzandlar baxt topadilar, inshaAlloh.
    O’g’il-qiz yoshligida nimani o’rgansa, umrining so’ngigacha uni unutmaydi. Ammo ba’zi ota-onalar bolani jazolamaslikning mutlaqo iloji yo‘q, deb hisoblashadi. To‘g‘ri, u gohida gapingizga quloq solmasligi, xarxasha qilib, tinchlik bermasligi mumkin. Lekin borliqni endigina o‘rgana boshlagan murg‘akni bilib-bilmay qilgan yoki qilmagan ishi uchun jazolash shartmikan? Axir, go‘dak ko‘ngliga ozor bermay, yaxshi tarbiya berayotgan ota-onalar ham bor-ku?
    Ko'pincha ota-ona farzandiga: "Mana bunday qilgin", deb o‘rgatadi. Bola esa qaysarlik qilib, o‘z bilganidan qolmaydi. Bunday vaziyatda nima qilish kerak? Bir o‘ylab ko‘ring. Biz kattalar ham biror muammo bilan yuzma-yuz kelganda ko‘pincha keksa avlodning tajribasini inkor etib, o‘z yo‘limizni tanlashga harakat qilamiz. Bunday quloqsizlikni esa o‘zimizcha "shaxsiy fikr" deb baholaymiz. Biroq mana shu "quloqsizlik" tufayli biz bebaho tajriba orttirib, mustaqil bo‘lishni o‘rganamiz, hayotda o‘z yo‘limizni topamiz.
    Ota-onalar jigarbandlarini o‘z boshlaridan o‘tkazgan qiyinchiliklardan, azobu-uqubatlardan asrashga harakat qiladi. Ularning maqsadi ezgulikdan o‘zga narsa emasligiga shak-shubha yo‘q. Biroq oqibatda ota-ona bolasini zarur erkinlikdan cheklab qo‘yadi. Tajriba orttirishga intilish bola va ota-ona o‘rtasidagi tushunish va ishonchga putur yetkizsa yomon bo‘ladi.
    Ko‘p ota-onalar jazolamasdan tarbiya qilib bo‘lmaydi, deb qattiq adashadi. Ular bolani to‘g‘ri yo‘lga solish uchun o‘ziga xos aqidaga amal qiladi: "Avval ogohlantiraman. Keyin talab qilaman. Shunda ham aytganimni qilmasa, jazolayman". Jazolashning turlari ham ko‘p: tarsaki tushirish, burchakka turg‘azish, xonada yolg‘iz qoldirish, tasma bilan qo‘rqitish, shirinlik yoki mult­filmdan judo qilish. Endi vaziyatga bolaning ko‘zi bilan qaraylik. Nima deb o‘ylaysiz, u ayni chog‘da nimani his qilarkin? Qilgan ishidan afsuslanadimi? Yo‘q, aslo. Bu yoshda bola qilib qo‘ygan ishining oqibatlarini deyarli anglamaydi. Lekin unga ko‘rsatilayotgan qahr-g‘azabni juda yaxshi tushunadi. Natijada, bolaning xayolidan "Meni hech kim yaxshi ko‘rmaydi, menga e’tibor ham bermaydi", degan o‘y kechadi. Bunday tuyg‘u bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zida jazolash yomon xulqqa barham berib, bola siz taqiqlagan ishlarni qilmaydi. Chunki u jazolanishdan qo‘rqadi. Shuning uchun mabodo siz taqiqlagan narsa maxfiy tarzda amalga oshirilsa, bundan ajablanmang. Endi siz bolani yolg‘on gapirish hamda mug‘ombirlik qilgani uchun ham jazolashga tushasiz. Bu ketishda bunday boshi berk ko‘chadan chiqishingiz dargumon.
    "Bolamni jazolashga umuman hojat yo‘q", deydigan onalar ham topiladi. Baxti bor ekan, unga kamtar, bosiq farzand nasib qilibdi, deb o‘ylamang. Bunaqa bolaning o‘zi yo‘q. Faqat uning oilasida muhabbat va hamfikrlikka asoslangan iliq munosabatlar hukm­ron, xolos.
    Ota-ona farzandini yoshligidan nobakor qilib qo’ysa, fe’l-atvori yomon bo’lsa, bolada umuman ayb yo’q, barcha ayb ota-onaning o’zidadir. Qachonki ota farzandini tergab tarbiyalasa, ular ulg’ayganda o’g’lim-qizim deb sevilishga arziydilar.
    Payg'ambar alayhissalom aytganlaridek: "Otaning farzandiga beradigan eng yaxshi merosi bu - uning farzandiga bergan ta'lim-tarbiyasidir".
    Darhaqiqat, tarbiya ta'limdan ustun turadi.
    Bugungi kunda jamiyatimizning yuzini qora qilguvchi pastkashlar, yomonlar, beboshlar, o’g’rilar, giyohvandlar va nashavandlar yoshligidan tarbiyalariga e'tibor berilmagan bolalardir. Shunday ekan, farzandlar Alloh tomonidan bizlarga berilgan eng katta omonatdir. Bu omonatga esa hech qachon xiyonat qilmaylik.
    Xulosa o'rnida Abdulla Avloniyning so'zlarini keltirmoqchimiz: "Bolalarni pisand qilmagan millatlar albatta inqirozga uchraydi. Ularni yot qo’llarga va yot madaniyatlar ixtiyoriga berib qo’yganlari sababliki, ulardan ayrilishga mahkumdirlar".
 
    Karimov Olimjon

Peshku tuman "Bobo Arab jome'"

masjidi imom xatibi

«орқага

Бухоро -
Бомдод: 05:00
Куёш: 05:48
Пешин: 13:10
Аср: 18:00
Шом: 19:40
Хуфтон: 21:20
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram