ISLOMDA TARBIYA XUSUSIDA
28 январ 2025 й.
«орқага
173 марта ўқилди.
ISLOMDA TARBIYA XUSUSIDA
Qur’oni karimdagi oyatlardan biri madinalik sahobalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga kelib, uylari uzoqlik qilayotgani bois, uylarini sotib, yaqinroq joyga ko‘chib kelishlari haqida shikoyat qilganlarida nozil bo‘lgan. Ya’ni uylarni sotishga hojat yo‘q, uzoqdan kelayotgan bo‘lsalar, har bir bosilgan qadamlariga savob beriladi, mazmunida.
«Biz ular keltirgan qadamlarni, bosgan qadamlarni ham yozamiz va ularning asarini ham yozamiz», – deya marhamat qilingan. Tafsirlarning birida bu oyatdagi «ularning izi» degani – bu asrimiz, avlodlarimizdir, degan fikr bildirilgan.
Allohning bu oyatidan tushunamizki, Alloh nafaqat amalimizni, balki avlodlarimiz amalini ham o‘zimizga yozadi. Shuning uchun tarbiya vojib bo‘ladi.
Orqamizdan yaxshi tarbiyali farzand qoldiraylikki, ortimizdan faqat savob borsin, yomonlik bormasin.
Tarbiya dinimizda vojib amal, deb e’lon qilingan. Biz eng ko‘p ishlatadigan tarbiya, murabbiy so‘zlari Allohning «Rob» ismi bilan bitta o‘zakdan olingani tarbiyachilar mas'uliyatini oshirsa kerak, deb o‘ylayman.
Demak, bu yengil ish emas. Tarbiya – faqat ta’sir, tartib yoki nazorat, taftish emas, u ilohiy narsa. Tarbiya farzandni doim nazoratga olish, kuzatib borish degani, chunki Alloh taolo Fotiha surasining birinchi oyatida olamlarning Robbisi Allohga maqtovlar bo‘lsin, degan.
Bu oyatda Alloh Rob ismini keltirgan. «Robbil a'lamiyn» – butun olamlarning murabbiysi degani. Agar Alloh murabbiyligi, ya’ni nazorati, kuzatuvini lahza to‘xtatsa, olamlar izdan chiqib ketadi.
Agar murabbiy yoki ota-ona farzandiga bir lahza e’tiborsiz bo‘lsa, farzandlar tarbiyasi buzilib ketadi. Rasuli akram sollalohu alayhi vasallam marhamat qilganlarki, har bir tug‘iladigan bola fitratda tug‘iladi, ya’ni har bir chaqaloq pokiza bo‘ladi, u oq qog‘oz kabidir.
Bu hadisni muhaddislarimiz ota-ona bobida keltirmasdan taqdir bobida keltirganlari tarbiyaning taqdirga bog‘liqligini bildiradi. Tarbiyaga kech qolinmasa bo‘ldi.
Tarbiya bolaning otasi, onasini tanlashdan boshlanadi, chunki Rasuli akram alayhissalom aytganlar: «Munosib kelin yoki kuyov tanlanglarki, irq o‘tuvchidir». Ya’ni ota-onaning fe’li bolaga o‘tadi, shuning uchun bola yaxshi tarbiyali bo‘lishi uchun otasi tarbiyali bo‘lishi kerak. Onasi nasl-nasabli, pokiza, din-diyonatli bo‘lsa, otasi ham shunday bo‘lsa, albatta, bola nasl-nasabiga tortadi, undan qochib ketolmaydi.
Bekzod Adizov
“Xo‘ja Orif ar-Revgariy Mohitobon” jome masjidi imom-noibi