Ta’ziya marosimida uchraydigan bid’atlar
03 декабр 2016 й.
«орқага
6667 марта ўқилди.
Ta’ziya marosimida uchraydigan bid’atlar
Bid’at islom dinida aslida qabul qilinmagan amal bo`lib u keyinchalik to’qib chiqarilgan nojoiz yangilik, irim-sirim, urf yoki odat ma’nosini bildiradi. Dinimizda turli irim-sirimlarga, bid’atu xurofotlarga, shuningdek birovlarning soxta fikru mulohazalari-yu, asossiz taxmin, farazlariga hech qanday o’rin yo’q. Bunday noshar’iy ishlar, nodon va dindan yiroq kishilar o’ylab topgan quruq safsatadir. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda “Kimki bizning dinimizda bo’lmagan yangilikni paydo qilsa, u narsa rad qilingandir”, - deyilgan.
Bid’at xurofotlarni dinimizning dushmanlari – missionerlar, chala mullolar, soxta eshonlar, savodsiz otinlar va folbinlar kabi shayton malaylari tomonidan to’qib chiqarilgan va xalq orasida tarqatilgan bo’lmag’ur odat asossiz gaplar hisoblanadi. Dinimizda turli irim-sirimlarga, bid’atu xurofotlarga, asossiz taxminlarga hech qanday o’rin yo’q. Bunday noshar’iy ishlar, irim-sirimlar masalan, musibatxonaga choyni qaytarib ichish mumkin emas degan irim bor. Agar qaytarib ichilsa go’yo musibat yana qaytarilar emish. Ko’rpachani ustma-ust tashlama musibat ustma-ust keladi va hokazolar. Bu albatta noto’g’ri chunki Alloh Taolo bu yorug’ dunyoga kelayotgan har bir insonni umrini ham, rizqni ham belgilab bergan. Hech qanday irim Alloh amrini o’zgartira olmaydi. O’lim vaqti bir soat oldin ham bir soat keyin ham qoldirilmaydi. Musibatxonada, o’lik yuvilgan joyda sham yoqish, bir idishda suv qo’yish, qirq kun nukcha olov yoqish ham islom dinida yo’q. Bu islom dinidan ilgari yurtimizda otashparastlik hukm surgan vaqtlardan qolgan sarqitdir.
Musibatxonada janoza o’qilib o’lik ketgandan so’ng kelgan mehmonlarni darvozadan chiqarib, kul sepish yoki suv sepish dinimizda yo`q.
Yana shunday bid’at borki, boshiga musibat tushgan ayollarning ko’k kiyim yoki maxsus oq kiyim ta’ziya kiyimi deb kiyib yurishlari ham dinimizda bunday tarzda alohida kiyimlar belgilanmagan. Musulmonchilikda aza tutish uch kun xolos. Faqat eri vafot etgan ayolgina to’rt oyi o’n kun ya’ni 139 kun aza tutishi kerak.
Aza tutish deganda ko’k, qora, oq yoki boshqa rangdagi maxsus liboslarda yurish emas, balki zebu ziynat liboslarni, ko’zga tashlanadigan liboslarni kiymaslikdir. Muqaddas dinimiz marhumlar xonadonlarida aza tutishga xos ko’rinishdan chiqib, to’yxonaga o’xshab qolishga yasanib borishga rozi bo’lmaydi.
Islom ko’rsatmalarida “janaza kuni, uchi, yettisi, qirqi, yili, hayiti” deb nomlangan marosimlarda osh tarqatib isrofgarchilik qilish noto’g’ri deb baholangan. Islomda hamdardlik bildirib fotiha o’qishga ruxsat beriladi, ammo o’lim bo’lgan musibatxonada mehmondorchilikka yo’l qo’yilmaydi. Zoyofat va 7 – 20 – 40 – yil marosimlarning islomda yo’q. Yana bir zararli odatlarimizdan biri – aza tutish kunida qishloq yoki mahalla oqsoqollari, vakillari, kayvonilarining o’zboshimchalik bilan ish tutib bud’atlarni qo’llashidir. Musibatxonada marhum uchun dod solib besabr yig’lash bid’at munkardir.
Islom ming yillardan beri yig’lashga, aytib yig’lashni kasb qilib olganlarga kurashib kelgan va kurashmoqda. Marhumga yig’lashni islom dini marhum dafn etilgandan keyingi Qur’on Karim tilovati bilan almashtirdi. Aza tutish davrida marhum xonadonida uch kungacha taom pishirish, dasturxon yozdirish qat’iyan man etiladi. Afsuslar bo’lsinki, aza marosimlarida dasturxonlar bezatilib, to’ylarga o’xshab qolyapti. Bular barchasi bid’atlardir. Aqli-hushli, iymonli odam qimmatli umrini g’animat bilib, beradigan xayru ehsonini o’rinli qilgani yaxshi. Islom dini insonga yengillik beruvchi bag’ri keng va insonparvar dindir. Bid’atlarga berilish, qo’llash Allohga osiy gunohkor bo’lishdir.
Ilm ahli esa bunday osiy bandalarga qilayotgan bu ishlar xato ekanligini tushuntirib, to’xtatib, zalolatdan qutqarib, hidoyat yo’liga boshlaydi, lekin ming afsuski bugun ham ularning ayrimlari o’jarlik bilan “Odatimiz shunday bo’lgan, bobom, buvim unaqa shunaqa, bir yilgacha aza tutmasak, ko’k kiymasak, ta’ziya kiyimi qilmasak, xalq ustimizdan kuladi”, - deyishadi.
Har bir musulmon nokaslarning quruq gap so’ziga emas, Alloh yuborgan din Qur’on – islomga amal qilishi kerak. Chunki erta indin Alloh huzuriga borganda har kim qilgan xatti harakati uchun, aytgan so’zi uchun, bid’at xurofotlar uchun o’zi javob beradi. Har bir banda go’rga yolg’iz kiradi. Go’rda irim sirim o’rgatuvchilar ham, bid’atchilar ham, gap so’zchilar ham yordam bera olmaydi.
Musibatxonada o’tirgan imom yoki otinoyi har bir so’zi uchun ajr yoki jazo oladi. Sof niyatli ilm ahli islom dinini botil bid’at aqidalaridan tozalashdan iborat. Alloh shunday bandalarga savob rahmatini, qabr rohatini beradi.
Bid’at xurofatlardan qochaylik, to’xtataylik, chunki irim sirimlar musulmonlarning dini e’tiqodini buzib, ularning mushriklar qatorida jahannamga kirishlariga sabab bo’ladi. Shu bois ham ummatlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo’lgan suyukli Payg’ambarimiz Muhammad sallallohi alayhi va sallam: “Kimki bid’atchini e’zozlab uyiga chorlasa, o’z himoyasiga olsa, unga joy va taom bersa, so’ziga quloq tutsa, unga islom dinini vayron qilishga yordam bergan bo’lib, Allohning, farishtalarning, payg’ambarlarning va jamiki insonlarning la’natiga qoladi”, - deganlar.
Alloh barchamizni irim sirim qiluvchilar qatoridan tushib qolishdan O’zi asrasin. Islom dinida sobit qadamli, sevikli bandalaridan bo’lishmizni O’zi barchamizga nasib aylasin.
G’ijduvon tuman bosh otinoyisi: Sh.Otamurodova