TINCHLIK VA OSOYISHTALIK – OLIY NE’MAT
22 январ 2025 й.
109 марта ўқилди.

TINCHLIK VA OSOYISHTALIK – OLIY NE’MAT

Tinchlik – bu insoniyatga Alloh taolo tomonidan berilgan eng oliy ne'mat hisoblanadi. Tinchlikning qadriga yetish, uni asrab avaylash bizning zimmamizdagi burchimizdir. Bu barcha payg‘ambarlarning sunnati hamdir. 
Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Ikki eng aziz ne'mat boru, ko'plar buning qadriga etishmaydi, bular salomatlik va tinchlik-xotirjamlikdir” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati).
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro'y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur'oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ'ib qilishini, shaytoniy yo'llarga ergashmaslik lozimligini ta'kidlab, bunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara, 208).
Islom dini inson uchun tinchlik va omonlik dinidir. Alloh taoloning ismlaridan biri “As-Salom”dir. Qur'on nozil bo'lgan kecha ham salom kechasidir. Bu haqda Alloh taolo kalomi sharifida: “U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir”, deydi (Qadr, 5).
Dinimizning tinchlikka bo'lgan e'tibori nechog'lik katta bo'lishi bilan bir qatorda bag'rikenglik uning negizidir. Inson o'zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne'matdan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o'ylab ko'rish bilan his etadi.
Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro'yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir.
Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga etib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur etkazishdan ham saqlanishlari lozim. Zero, tinchlik va xotirjamlikning ulug' ne'matligi doimo kundalik xayriyatlarimizning boshida zikr qilinadi. Shuning uchun ham Payg'ambar alayhissalom, eng avvalo, inson dunyo va oxiratda tinch-omon bo'lishlikni so'rab, duo qilishlik to'g'risida Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ey, Parvardigor! Dunyo va oxiratda tinch va omonda qilgin” deb qilingan duodan ko'ra afzalroq duo yo'qdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Aynan shu mazmunni Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “(Ey, Anas!) Alloh taolodan dunyo va oxiratda tinch va omonda bo'lishlikni so'ragin. Zero, senga dunyo va oxiratda tinch va omonda bo'lishlik berilsa, najot topibsan”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Shunday ekan, Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, xotirjamlik tilaylik! Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror, yurtimizni tinch, mehnatsevar xalqimiz hayotini farovon aylasin!
Tinchligini yo‘qotgan yurt xuddi yulduzini yo‘qotgan osmon kabi bo‘ladi. Yulduzi yo‘q osmon esa zimistondir. Qolaversa, bu yurtning qanchalar unumdor yerlari, go‘zal manzarali go‘shalariyu anhorlari bo‘lmasin, u xuddi birovga manfaati tegmaydigan va foyda ololmaydigan sahroga o‘xshab qoladi. Bunday yurtda na rohat va na xotirjamlik bo‘ladi.
Aksincha tinchligi bor yurt esa agarda u sahro bo‘lib, undan giyoh unub chiqishi qiyin bo‘lsa ham, u yerning aholisiga o‘zining ana shu tinch vatani xotirjam hayot kechirishi uchun eng qulay maskan hisoblanadi. Demak, har bir jon, u kim bo‘lishidan qat'iy nazar, qanday kasb, qanday martaba, qancha obro‘ga ega bo‘lmasin, tinchlikda hayot kechirishga muhtoj hisoblanadi. Allohga beadad hamdu sanolarimiz bo‘lsinki, bugun bu mustaqil yurtimiz tinch, farovon, osmoni musaffo. Shunday ekan, insonlar nafaqat bu tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishlari lozim.
Uning shukrini ado etish barchaning zimmasidagi burch hisoblanadi. Bu shukrona esa yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimizning xayrli duolari, yoshlarimizning halol mehnatlari va fidokorliklari bilan amalga oshadi. Bu mustaqil yurtimizda hukm surayotgan osuda hayotni asrash, uning barqarorligiga munosib hissa qo‘shish – shu aziz Vatanda yashayotgan barchaning, u qaysi millat va dinga mansubligidan, qanday kasb bilan shug‘ullanishidan qat'i nazar, barchaning eng asosiy vazifasidir.
Alloh taolo yurtimizning tinchligi va xotirjamligini bardavom qilsin. Barchamizni shu tinch va osuda yurtning rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shadigan insonlardan qilsin.
Zarifjon Qudratov
Volidai Abdulazizxon jom’e masjidi imom-xatibi
 
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 06:45
Куёш: 07:40
Пешин: 13:10
Аср: 16:40
Шом: 18:20
Хуфтон: 19:55
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram