TO‘Y BO‘LAYOTGAN PAYTDA BOYLIKKA UCHMANG.
27 август 2019 й.
«орқага
1445 марта ўқилди.
TO‘Y BO‘LAYOTGAN PAYTDA BOYLIKKA UCHMANG.
Rasulullohdan (s.a.v.) rivoyat qilingan hadisi sharifda keltirilishicha, «Kelin tanlash vaqtida to‘rt narsaga albatta qiziqiladi: qizning moliga, husnu jamoliga, boyligiga, naslu-nasabiga (kelib-chiqishiga) va to‘rtinchisi - dinu diyonatiga. Shu oxirgisi - dindorini tanlagin». Hadisdan ko‘rinib turibdiki, oila qurmoqchi, kelin olmoqchi bo‘lganlar eng avvalo uning iymonli, e’tiqodli, halol-pok, hayoli va iboli, sadoqatlisini tanlashlari kerak. Ammo ko‘pincha janobi Payg‘ambarimizning ko‘rsatmalari unutib qo‘yiladi. Ba’zilar kelin xonadonining mol-dunyosiga uchadi. Bilishmaydiki, boylik - vaqtincha narsa, bugun bor, ertaga yo‘q bo‘lishi mumkin. Ota-onasining naslu nasabi ham kelinning uyida qoladi, yangi joyiga ko‘chmaydi. Husnu jamol ham boqiy emas, yillar uni ham yo‘qotadi. Demak, kelin bilan keladigan narsa - uning dini, iymoni, odob-axloqi, hayosi! Ana shunday kelin olgan odam, inshaalloh, mamnun bo‘ladi, oilasida totuvlik, farog‘at hukm suradi. Bizlar nima qilyapmiz? Biror joyga sovchilikka borsak, eng avvalo hovli-joyining shohonaligiga e’tibor beramiz. Qudalarning boyligini surishtiramiz. «Qiziga qaysi mamlakatning mebel-jihozlarini sep qilarkin?» deya bosh qotiramiz. «O’g‘limizga mashina mindirib qo‘yarmikin?» deb orzulaymiz. Qizning xulq-atvori qanday, dinu diyonati, odob hayosi bormi - bu haqda so‘rab-surishtirishga vaqt topolmaymiz. Chunki, miyamiz yuqoridagi hisob kitoblar bilan band. Ko‘zimizni qudaning uyidagi jihozlarning jim-jimasi to‘sib qo‘ygan. Quloqlarimizda kuyovga (ya’ni, o‘g‘limizga) qilinadigan sovg‘alarning ro‘yxati jaranglaydi. Ana shunday xonadondan ne-ne umidlar bilan kelinni ham tushirib kelasiz. Ammo tezda shirin orzularingiz sarob chiqib qolganini anglaysiz. Boyligiga uchib bir dardi bedavoga mubtalo bo‘lganingizni tushunib yetasiz. Keliningizning ro‘zg‘or yumushlariga mutlaqo uquvi yo‘q ekan. Pishirgan ovqatining huzurini mahalla kuchuklari va mushuklari ko‘ryapti. Kir yuvish mashinasining nosozligi bahona bu ish ham qaynona zimmasida. Uy tutishni gapirmasa ham bo‘ladi - xonasiga kirib boshingiz aylanadi. O’rgatmoqchi bo‘lsangiz, g‘alvaga qolasiz - «Voy-dod, qaynonam tergab menga kun bermayapti». Indamay o‘zim qilaveray, desangiz, yana janjal - «Voy-dod, qaynonam menga hech narsani ishonmaydi, hatto oshxonaga ham yo‘latmaydi». Nima qilishga hayronsiz. «Ho‘l balo», «yorilmagan yara», deganlari shu bo‘lsa kerak-da!
Bu ham mayli-ya, katta oxurdan «em» yeb o‘rgangan kelin uncha-muncha narsani nazarga ilmaydi, kekkayadi. O’g‘lingiz keltirgan ko‘ylakni «Shu ham mato bo‘ldimi?» deb bir chetga otadi. Bir haftalik go‘shtni qozonga tashlayotganini ko‘rib «Qizim, sal tejamli bo‘laylik, qaynotangiz va eringizning topishi o‘zingizga ma’lum», deb gap ochishingiz bilan bobillab beradi: «Voy, muncha qurumsoq bo‘lmasalaring, uyimizda qozonga tushadiganining yarmini solyapman-ku!» Xullas, oiladagi hamma narsani pul bilan o‘lchaydi, o‘z xonadonidagi tartiblar bilan tenglashtiradi. Ko‘nglidagi ish bo‘lmasa, janjal-g‘avg‘oga zo‘r beradi
Когон шаҳар “Шом” жомеъ масжиди
имом хатиби Д.Болтаев