Meyorni saqlaylik
01 октябр 2016 й.
«орқага
2759 марта ўқилди.
ME'YORNI SAQLAYLIK
Alloh taolo dunyodagi barcha narsalarni qat'iy mezon bilan yaratgan bo'lib, undagi birorta narsa ham behuda va ortiqcha emas. Islom dini insonlarga o'zlari uchun yaratilgan narsalardan oqilona va me'yori bilan foydalanish yo'llarini ko'rsatib bergan. Biz insonlar ushbu ko'rsatmalarga muvofiq hayot kechiradigan bo'lsak, inshaalloh hidoyat yo'lida yurgan bo'lamiz. Ammo buning aksi bo'ladigan bo'lsa, u holda isrofgarchilikka yo'l qo'ygan bo'lamiz.
Islom dini biz insonlarni isrofning barcha ko'rinishlaridan qaytargan va uning yomon oqibatlarini ham bayon qilib bergan. Alloh taolo Qur'oni karimning A'rof surasining 31-oyatida shunday deb marhamat qiladi.
وكلوا واشربوا ولا تسرفوا انه لا يحب المسرفين
"Yeb-ichinglar, lekin isrof qilmanglar. Zero albatta Alloh isrof qilguvchilarni sevmaydi".
Aslida yeb ichish gunoh emas, balki isrof qilishlik gunohdir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: "Alloh bergan ne'matlardan yeb ichinglar, undan sadaqa qilinglar, lekin isrofgarchilikka va manmanlikka aslo yo'l qo'ymanglar", deb marhamat qilganlar.
Dinimiz har bir sohada mo'tadillik yo'lini tutganidek, xayru-ehson, saxovat va nafaqa bobida ham insonlardan mo'tadil ya'ni o'rtacha yo'l tutishlikni talab qiladi. Alloh taolo Isro surasining 29-oyatida shunday deb marhamat qiladi.
ولا تجعل يدك مغلولة الي عنقك ولا تبسطها كل البسط فتقعد ملوما محسورا
"Baxillik qilib qo'lingizni bo'yningizga bog'lab ham olmang. Isrofgarchilik qilish bilan uni butunlay yeb ham yubormang. Aks holda, malomat va mahrumlikda o'tirib qolasiz", deb marhamat qiladi.
Darhaqiqat, mol dunyo sarflashda ham me'yorni saqlash lozimdir.
Islomda xursandchilik kunlarida, xususan nikoh, aqiqa va shunga o'xshash maraka-marosimlarda dasturxon yozib, qarindosh urug', qo'ni-qo'shni va tanish-bilishlar bilan diydorlashishga targ'ib qilingan. Biroq keyingi vaqtlarda ba'zilar tomonidan mazkur marosimlarni o'tkazishlikda dabdababozlikka berilish, me'yordan chiqib ketish, na shariatimizga va na milliy an'analarimizga to'g'ri kelmaydigan holatlar ko'zga tashlanib qolmoqda. Nikoh to'ylarida ortiqcha sarf-xarajatlar qilinib, to'qlikka sho'xlik degandek, urfimizda va rasm- rusumlarimizda bo'lmagan odatlar paydo bo'lmoqda. Bunday tarzda keragidan ortiqcha sarf-xarajat qilish birinchidan isrof bo'lsa, ikkinchidan riyokorlikdir. Shariatimizda xayru-ehson va ziyofat berishga targ'ib qilishdan asosiy maqsad muhtoj va faqirlarga moddiy yordam berishdir.
Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam hadislarida: "Taomlarning eng yomoni qorni ochlar qolib, faqat boylar chaqirilgan ziyofatdir", deb marhamat qilganlar.
Shunday ekan yaxshi niyatda xayru-ehson qilishni istagan har kishi avvalo, sarflagan moli isrof bo'lib, behuda ketmasligini o'ylashi, savob bo'ladigan yo'lni axtarishi maqsadga muvofiqdir. Mol-dunyolarini Alloh yo'lida sarflagan kishilar Qur'oni karim va hadisi shariflarda ko'p yaxshiliklar bilan zikr qilingan. Ana shundan xulosa qilgan holda turli xil maraka-marosim va ziyofatlarni me'yoridan oshirmagan holda amalga oshirish, ortiqcha mol-dunyosi bo'lsa, kam ta'minlangan oilalarga ehson qilish eng to'g'ri yo'ldir.
Alloh taolo barcha ishlarimizni xayrli ishlarga muvaffaq aylab, isrofdan o'zi asrasin.
Karimov Olimjon
Peshku tumani “Bobo Arab” masjidi imom xatibi