ISLOMDA USTOZNI ULUG‘LASH
19 октябр 2024 й.
143 марта ўқилди.

 بسم الله الرحمن الرحيم

ISLOMDA USTOZNI ULUG‘LASH
Bu mavzu haqida ko‘pdan-ko‘p, uzundan-uzoq gapirishimiz mumkin. Chunki dinimizda ustozlarning martabalari nihoyatda yuqori baholangan va bu haqda ko‘plab oyatlar nozil bo‘lgan va hadislar vorid bo‘lgan. Ustozlarni hurmatlari  yuqori ekanligini isboti o‘laroq Qur’oni karimning Zumar surasida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
قل هل يستوىالّذين يعلمون والذين لا يعلمون. (سورة الزمر-  )
«Ayting (Ey Rasululloh: «Biladigan (bilimdon) zotlar bilan bilmaydigan (johil) kimsalar barobar bo‘lurmi?!».
Bu oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, ilmli kishilarning va boshqalarga ham ta’lim beruvchi, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga, hidoyatga boshlovchi olim kishilarning martabalariga nodon, johil kishi hech qachon tenglasha olmas ekan. Demak, ilm ahli boshqa insonlardan ko‘ra afzaldir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ham ustozlar va ilm ahllari haqida ko‘p hadislar rivoyat qilingan.
Ilm ahllari, ya’ni, muallimlar Alloh taoloning nazdida eng suyukli bandalardan ekan. Alloh taolo o‘zining suyukli bandalarining mushkullarini oson, qiyomatdagi hisob - kitoblarini yengil qiladi va ularga rahmat nazari bilan boqadi. Chunki muallimlar Alloh taoloning amrini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini qoim qilib, Alloh ularga bildirgan ilmdan boshqa insonlarni ham bahramand etuvchi va ularni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiluvchi zotlardir.
Ibrohim an-Naxa’iy aytgan ekanlar: «Muallimlarga (ya’ni ustozlarga)osmondagi farishtalar, yerdagi hayvonlar, havodagi qushlar  va dengizdagi baliqlar ham istig‘for aytadi». Bu ham ustozlarni ulug‘ zotlar ekanligiga ishoratdir desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ustozlar shunday ulug‘ maqomlarga ega zotlar ekan, kishi shunday yuqori darajalarga erishishligi uchun va ustozlikka loyiq (munosib) zot bo‘lishi uchun nimalar qilishi kerak? - degan savolga ulug‘larimizdan biri shunday javob qilgan ekanlar: «Kishi ustoz bo‘lishligi va boshqalarga ta’lim berishligi uchun avvalo o‘zi olim bo‘lishligi, taqvodor bo‘lishligi, unda dunyo sevgisi va shon - shuhratga hirs bo‘lmasligi, yashayotgan hududida doimo to‘g‘rilik va halollik bilan mashhur bo‘lishligi lozim» degan ekanlar. Ilmni talab qilishlik haqida Qur’oni  karimda Alloh taolo marhamat qiladiki:
فاسألوا أهلَ الذكر إن كنتم لا تعلمون. (نحل-   )
Ya’ni: «Agar bilmaydigan bo‘lsangizlar, zikr ahllaridan so‘ranglar» ( Nahl surasi, 43 - oyat). Bu oyati karimada insonlarni ilm olishga va uni o‘rganishda bir - biriga yordam berishga targ‘ib qilyapti. Biz bilgan ilmimizni boshqalarga ham o‘rgatishligimiz, bilmaganimizni esa boshqa biladigan kishilardan so‘rashligimiz lozim ekan. Shunday qilsak, biz ahli ilm hisoblanar ekanmiz. Xalqimizda ajoyib bir maqol bor:
Bilmaganni so‘rab, o‘rgangan olim,
Orlanib so‘ramagan, o‘ziga zolim.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ilm talab qilishlik har bir musulmon va muslimaga farzdir». Ya’ni, ilm olishlik (o‘rganishlik) hammaga xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin, xoh yosh bo‘lsin, xoh keksa bo‘lsin barchaga birdek farz (ya’ni shart) ekan.
Alloh taolo Qur’oni Karimda ilm olishlikni buyurgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ilm olishni farz deb ta’kidladilar. Bundan ma’lum bo‘ladiki, ilm o‘rganishlik ham bir o‘ziga xos ibodat ekan. Chunki ibodat faqatgina namoz o‘qishlik, ro‘za tutishlik va zakot berishlik bilan emas, balki har bir Alloh taolo va uning rasuli rozi bo‘ladigan ish bu ibodatdir. Bu haqda Imom Shofe’iy rahimahulloh aytadilarki: «Ilm o‘rganishlik nafl ibodatidan afzalroqdir». Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir hadislari bor:
عن أنس قال: قال رسول الله صلىالله عليه وسلم: من خرج فى طلب العلم فهو فى سبيل الله حتى يرجع. رواه الترمذى والدارمى
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ilm talab qilib (uyidan) chiqqan kishi Allohning panohidadir, hattoki (uyiga) qaytib kelgunicha» Ilm talab qilgan kishi Allohning amrini qoim qilish (bajarish)ga harakat qilganligi uchun, Allohga va rasuliga itoatda bo‘lishligi uchun va ilm o‘rganganligi uchun Allohning panohida, hifzu - himoyasida bo‘lar ekan, hattoki o‘z uyiga sog‘ - salomat qaytib kelgunicha.
Islom dinichalik ilmni ulug‘lagan din, tuzum yoki biror bir falsafa yo‘q. Har bir kishiga ilm talab etishni farz qilishlik ham faqatgina bizning dinimiz (islom)da bor, xolos. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:
قال رسول الله صلىالله عليه وسلم: أطلب العلم من المهد إلى الّحد.
«Beshikdan qabrgacha ilm izlanglar».  
Olimlik ham Alloh taoloning bandalariga bergan ne’matlaridan biridir. Payg‘ambar alayhissalom aytadilar:
عن معاوية قال: قال رسول الله صلىالله عليه وسلم: من يرد اللهُ به خيراً يفقهه فىالدين. متفق عليه
«Alloh kishiga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi» dedilar. Demak, din ta’limotlarini yaxshi tushunadigan olim bo‘lish banda uchun katta baxt saodatdir. Unga Alloh taolo yaxshilikni iroda qilganining  alomatidir. Demak, ilmni bandaga Alloh taoloning o‘zi beradi. Payg‘ambarlar faqatgina Allohning buyrug‘ini bajarib, uni vahiy qilgan narsasini benuqson  yetkazib turuvchi zotlardirlar. Shunday ekan, agarda biz o‘zimizni musulmon hisoblasak, Alloh taolodan va qiyomat kunidan umidvor bo‘lsak, Islomni yaxshi tushunishga harakat qilmog‘imiz lozim. Alloh taolo yaxshilikka iroda qilgan kishilardan bo‘lishga urinmog‘imiz lozim. 
Bir harf, bir so‘z, bir jumla bo‘lsa ham o‘rganib, unga amal qilishga harakat qilaylik! O‘zimiz o‘rganishimiz bilan birga avvalo oila a’zolarimiz, farzandlarimiz, so‘ng qo‘ni - qo‘shni va tanish - bilishlarimizga ham o‘rgatishga harakat qilaylik! Turli ilmlarni o‘rganayotgan tolibi ilmlarimizni qo‘llab - quvvatlaylik va ularga o‘zlari tanlagan yo‘l qanchalik ulug‘ va saodatli yo‘l ekanligini tushuntiraylik! Ilm talab qilish hattoki, farishtalar ham havas qiladigan ish ekanligini birodarlarimizga tushuntiraylik. Tolibi ilmlarni farishtalar o‘rab turishlarini, ularning oyoqlari ostiga  qanotlarini quyib turishlarini hammaga anglataylik! Farishtalar havas qilgan odamlarga bizlar ham havas qilaylik, ular hurmat qilgan insonlarni bizlar ham hurmat qilaylik.
Biz ham ulamo va ustozlarimizni hurmatlarini joyiga qo‘yishimiz, osmondagi zotlar, barcha farishtalar hurmatlagan zotlarni biz ham hurmat qilishimiz lozim. Yerdagi zotlar,  insu – jinlar, hattoki xayvonlar ham hurmat qilgan zotlarni biz ham izzat - ikrom qilmog‘imiz lozim. Jinlar va boshqa mahluqotlar qanday qilib ulamolarning haqqiga istig‘for aytishlarini va hurmat qilishlarini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi.
Demak har birimiz  ilm o‘rganib bu yo‘l mashaqatlarida toblangan va bizlar uchun o‘z ilmlaridan o‘rgatib kelayotgan uztozlarimizni qadrlamog‘imiz qandayinkim yaxshi ko‘rilgan amallardan xisoblanishini bilib oldik. Musulmon kishining musulmonligi amal bilan bilinadi. Alloh taolo har birimizni eshitganimizga amal qiladigan chin musulmonlardan qilsin!
Yaxyoyev Nurulloxon,
Buxoro shahar "Said po Bandi Kusho" masjidi imom-xatibi
 
 
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 07:00
Куёш: 07:47
Пешин: 13:10
Аср: 16:00
Шом: 17:25
Хуфтон: 19:00
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram