Ustozlarga hurmat
29 сентябр 2016 й.
«орқага
8932 марта ўқилди.
Ustozlarga hurmat
Alloh taolo Mujodala surasining 11- oyatida shunday marhamat qiladi: “…Alloh sizlardan iymon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini ko’tarur. Alloh nima qilayotganlaringizdan xabardordir”.
Mazkur oyati karimada Alloh taolo ilm egallagan va uni boshqalarga yetkazishda xolis sa’yi-harakat qiladigan ulug’ ustozlarning obro’ e’tiborlarini yanada yuqori ko’tarib qo’yishini va’da qilmoqda.
Ibn Abbos r.a aytadilar: “Olimlarning darajasi ilm olmagan mo’minlarning darajasidan 700 daraja yuqoridir. Har darajaning orasi 500 yillik yo’lga teng”.
Yosh avlodni teran bilimli va yetuk mutaxassis bo’lib yetishishida ustoz va murabbiylarning xizmatlari ulkan. Dinimiz bizlarga o’zimizning o’qituvchilarimiz va ustozlarimizga qanday munosabatda bo’lishimiz, ilm ahlining hurmatini qanday joyiga qo’yishimiz kerakligini o’rgatadi. Ming afsuslar bo’lsinki bugungi kunda kelib, musulmon bo’lib yoki musulmonlarning farzandi bo’la turib, o’zlarimizning ustozlarimiz, muallimlarimizga nisbatan hurmatimiz, muomalamiz tamoman yuz tuban bo’lib, jaholatga qarab ketmoqda. Hattoki ayrim ota-onalar o’zlarining shirindan shakar farzandlarinining gapiga quloq solib, ilm nurini tarqatadigan ustozlarini, bilimsizlik botqog’idan qutqarib ilmli, dono, yetuk bir inson bo’lishligiga o’zining ulkan hissasini ayamagan, o’z ilmini qizg’jnmagan aziz muallimlarini gohida bilar-bilmasdan ko’ngillarini og’ritib ketadilar
Ali roziyallohu dedilar: “Menga bir dona harf o’rgatgan kishining quliman. Xohlasa meni sotsin, xohlasa meni qul qilib ishlatsin”.
Bizlar ham bizlarga va farzandlarimizga ilm o’rgatgan ustozlarimizga mana shunchalik darajada ta’zimda bo’lishimiz kerak. Ilmni tarqatish, yoshlarga ta’lim tarbiya berish naqadar ulug’ fazilat va savobli ish ekanligi haqida Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam ta’lim berib aytyaptilarki: “Shubhasiz, farishtalar, osmon va yerdagi barcha mavjudodlar, hattoki uyasidagi chumoli va dengizdagi baliqlar insonlarga yaxshilik va ilmu-ma’rifatni o’rgatgan barcha muallimlar haqqiga istig’for aytadilar”.
Ma’lumki, ulug’ ustozlar hamma narsadan ilmu-ma’rifatni afzal bilishgan va butun hayotlarini ilmga, shogirdlariga ta’lim berishga bag’ishlashgan. Shuning uchun ilm o’rganuvchi talabadan ustozini e`zozlash talab etiladi. Ustozga mehr qo’ymagan uni hurmatini joyiga qo’ymagan shogirdni ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o’z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta’lim oluvchi shogird ham o’zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e`zozlab-hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak.
Alloh taolo barchamizni bilganlarimizga amal qilishga, aziz ustozlarning bilim-ma’rifatlaridan doimo bahramand bo’lib borishga nasib aylab, barcha ustozu va murabbiylarni o’zining hifzu-himoyasida asrasin.
Peshku tuman "Malishoyak" jome'
masjidi imom xatibi
Sh. Rahmonov