IBRATGA LOYIQ AYOL SIYMOSI
18 май 2016 й.
3460 марта ўқилди.

 IBRATGA LOYIQ AYOL SIYMOSI

 
Janobi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning birinchi va suyukli jufti halollari, mo‘minlarning onasi bo‘lmish bu pokiza ayoldan Alloh rozi bo‘lsin. U kishi oqila ayollarning eng aqllisi, fozila ayollarnint eng fazilatlisi edilar. Hattoki johiliyat zamonasida ham u kishini “Tohira” (Pokiza) deb atashar edi.
 
Xadiycha binti Xuvaylid ibn Abduluzzo ibn Qusoy Quroshiyya, Asadiyya “Fil voqeasi”dan o‘n besh yil ilgari Makkada e’tiborli oilada tavallud topganlar. U kishi (bizning diyorlarda Hadicha deb atalsada, asli ismlari Xadiyjadir) Qurayshning oldi qizlaridan bo‘lgan. O’sha vaqtdagi urf bo‘yicha fozila qiz tarbiyalab yetishtirish uchun nima zarur bo‘lsa, Xadiycha binti Xuvaylid uchun ham barchasi muhayyo qilindi.
 
U kishini o‘n besh yoshida Abu Hola ibn Zirora at-Tamimiy turmushga chiqarishdi. Ammo eri vafot etgach, shon-sharafli oila qurish niyatida kuyib yonayotgan kelinchak beva qoldi. 
Qurayshning sharafli kishilaridan Atiq ibn Obid ibn Abdulloh al-Mahzumiy Xadiycha binti Xuvaylidga sovchi qo‘ydi va rozilik oldi. Xadiycha binti Xuvaylid ikkinchi eridan farzand ham ko‘rdilar. Ammo oilaviy ishlari ko‘ngildagidek bo‘lmay, oila buzuldi. Shunga qaramay Xadiycha binti Xuvaylid ersiz, o‘zlarizi yolg‘iz holda Quraysh ayollari ichida eng obro‘li ayol bo‘lishga erishdilar. Yigirma besh yoshlarida Quraysh ayollarining sayyidasi bo‘ldilar.
Xadiycha binti Xuvaylid sharafli, boy-badavlat va tohira ayol edilar. U kishi o‘z karvonlarini Shomga yuborar edilar. U kishining tijorati bir karvon bo‘lsa, qolgan qurayshliklarning tijorati ham bir karvon bo‘lar edi. Xadiycha binti Xuvaylid o‘z tijorati uchun erkaklarni yollar edilar va ularga muzoraba ila mol berar edilar. Qurayshliklar tojir odamlar edilar. Kimning tijorati bo‘lmasa, hech narsasi bo‘lmas edi.
 
  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yigitlik chog‘larining avvalida, yigirma besh yoshlarida Xadiycha onamizga uylanganlar. U kishi esa qirq yoshdagi beva ayol edilar. Xadiycha onamizning mahrlari yigirmata tuya bo‘lgan. Xadiycha binti Xuvaylid turmush yo‘ldoshlarini nihoyatda sevar va hurmat qilar edilar. Bu sevgi va hurmat kun sayin ortib, mustahkamlanib borar edi. U kishi erlarining xotirjamligi, rohat-istirohati uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni muhayyo qilishga tinimsiz harakat qilar edilar. Bu farosatli va zakovatli ayol kelajakda ulug‘ ishlar qilishi kutilayotgan eri uchun har narsaga tayyor edi. U erining xursandchiligi yo‘lida o‘zining rohat-farog‘atidan, imtiyozlaridan, molu mulki va bor bisotidan kechishga, ularni eri uchun sarflashga har lahzada shay edi.
 
Vaqt o‘tishi bilan oilaning o‘zaro inoqligi, undagi baxt-saodat ham mustahkamlanib borar edi. Xadiycha binti Xuvaylid homilador bo‘lganida hammalari cheksiz quvondilar. U zotning birinchi o‘g‘li Qosim ko‘p o‘tmay nobud bo‘ldi. Keyin yana homila bo‘ldi. Yana o‘g‘il tug‘ildi. Yana quvondilar. Unga “Abdulloh” deb ism qo‘ydilar. Ammo bu farzand ham uzoq yashamadi.
Xadiycha binti Xuvaylid qiz farzand ko‘rdilar. Er-xotin ko‘zlari quvonchi bo‘lgan bu jajji mehmonga “Zaynab” deb ism qo‘ydilar. Zaynab bir yoshga to‘lganda singillik bo‘ldi. Baxtiyor ota-ona ikkinchi qizlariga “Ruqayya” ismini berdilar. Bolalar oilaga cheksiz baxt, quvonch va qut-baraka olib keldilar.
 
Keyinroq uchinchi qiz tug‘ildi Ummu Kulsum. Bu ajoyib oilaga Alloh taolo nihoyat to‘rtinchi kenja qizni ato etdi. Istarali bu qizchaga ota-onasi “Fotima” deb ism qo‘ydilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning barcha o‘g‘il va qizlari Xadiychadan edi, faqatgina Ibrohim ismli farzandlari Misr podshohi Muqavqis Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga hadya qilgan Moriya ismli cho‘ri ayoldan bo‘lgan edi.
 
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yigitlik davrlarining eng gullagan paytini u kishi bilan o‘tkazib, u kishining ustiga boshqaga uylanmadilar. Bironta ayolni Xadiycha onamiz kabi sevmadilar va umrlarini oxirigacha Xadiycha onamizni eslab, zikrini yod etib, u kishining dugonalari va tanishlarini hurmat qilib o‘tdilar.
 
Odamlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni  inkor qilganlarida Xadiycha hazratlari Rasulloh sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirgan edilar. Boshqalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning gaplarini yolg’onga chiqarganida, mo`minalar sayyidasi tasdiq qildilar. Odamlar Sarvari sollallohu alayhi vasallam dan butun olam molini qizgangan vaqtida mo`tabar onamiz mol-mulklari bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga madad bo‘lgan edilar. 
 
Alloh barcha muslima ayollarimizga hayo va iboda mo`minalar sayyidasi Xadiycha onamizdan ibrat olmoqliklarini nasib aylasin.
 
 
Imom G`azzoliy jome` masjidi imom xatibi
 Mirshod Saidov
 
«орқага

Бухоро -
Бомдод: 05:50
Куёш: 06:40
Пешин: 13:10
Аср: 17:30
Шом: 19:10
Хуфтон: 20:30
Тўлиқ тақвим »
ТАСАВВУФ » Маърифий ислом »
Сайтдан излаш
Telegram