Husni xulqning fazilati.
31 март 2021 й.
1094 марта ўқилди.
Husni xulqning fazilati.
Shariatimiz ko’rsatmalari insonlarni hamisha husni xulq sohibi bo’lishlikga chaqiradi. Alloh taolo Qalam surasining 4-oyatida Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni madh etib marhamat qiladi: “Va, albatta, sen ulkan xulqdasan” degan. Bu oyati karima Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam uchun eng katta va oliy bahodir. Alloh taolo u zotga xitob qilib, xulqlarini ulug’lik bilan sifatlamoqda.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o’zlari ulug’ odob sohibi bo’lganlar va biz ummatlarini ham husni xulqli bo’lishga chaqirganlar.
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qiyomat kuni mo’mining me’zonida chiroyli xulqdan ko’ra og’irroq narsa bo’lmas. Albatta, Alloh faxsh va chirkin so’z aytuvchini yomon ko’radi”, - dedilar. (Imom Termiziy va Abu Dovut rivoyat qilishgan).
Oysha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Albatta, Mo’min o’zining chiroyli xulqi ila ro’za tutuvchi va bedor bo’luvchining darajasini topadi”, deganlarini eshitdim”. (Abu Dovud, Termiziy , Ibn Hibbon va Hokim rivoyat qilishgan).
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Qayerda bo’lsang ham, Allohga taqvo qil. Yomonlikka yaxshilikni ergashtir. Bu uni o’chiradi. Odamlarga chiroyli xulq ila muomala qil”, - dedilar”. (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshingiz chiroyli xulqligingizdir”, - dedilar”. (Imom Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan).
Biz ummat har doim husni xulq sohibi bo’lishga harakat qilishimiz lozim. Yuqorida zikr qilingan hadisu shariflardan ibrat olib, Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga ergashgan holatda chiroyli odob - axloq egasi bo’lishimiz kerak. Ana shundagina Payg’ambarimizning hadislarida chiroyli xulq sohiblari uchun va’da qilingan ajrlarga erishamiz. Alloh taolo barchalarmizni mana shunday ulug’ baxtga muyassar etsin.
Kogon tumani Xo’ja Ka’bul Axbor Vali jome’ masjid
imom - xatibi Odilov Haydar.
«орқага