QUR’ONGA AMAL QILISHNING AHAMIYATI
06 апрел 2024 й.
1782 марта ўқилди.
QUR’ONGA AMAL QILISHNING AHAMIYATI
Alloh taolo O’zining kalomida shunday marhamat qiladi
كِتَابٌ اَنْزَلْنَاهُ اِلَيْكَ مُبَارَكٌ لِيَدَّبَّرُٓوا اٰيَاتِهٖ وَلِيَتَذَكَّرَ اُو۬لُوا الْاَلْبَابِ
“Biz sizga nozil qilgan (ushbu) kitob barokotlidir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslatma olishlari uchundir.” (Sod surasi, 29-oyat).
Qur’onning nozil bo‘lishidan maqsad nafaqat uni o‘qib qo‘ya qolish, balki uni o‘qish, tadabbur qilish, undan eslatma olish, hamda unga amal qilish hamdir. Qur’on insonga ikki dunyo saodatini keltiradi. Toki biz Qur’onni hayotimizga tatbiq qilmas ekanmiz hech qachon yaxshilikka yeta olmaymiz.
Ushbu o’rinda quyidagi zarbulmasalni keltirishni joiz deb bildik: Bir podshoh qo‘l ostidagi amirlaridan biriga qasr qurishni buyurib, unga farmoyish yuboribdi. Farmoyish amirning qo‘liga yetib kelgach, amir mazkur farmoyishni har kuni qo‘liga olib, qayta-qayta o‘qir edi. Ammo buyurilgan qasrni qurmas edi. Podshoh vaqti kelib, o‘sha amirning hududiga kelganda, qasrning hali ham qurilmaganini ko‘rsa, mazkur amir jazoga loyiq bo‘ladimi? Xuddi shuningdek Qur’oni Karim ham bizga Alloh taoloning farmoyishidir. Alloh taolo unda bandalariga namoz, ro‘za kabi amallardan iborat bo‘lgan dinning arkonlarini bino qilishni buyurgan. Qur’onning ko‘rsatmalariga amal qilmay, uni faqat tilovat qilib qo‘ya qolishning o‘zi bilan uning nozil bo‘lishidan ko‘zlangan asosiy maqsad hosil bo‘lmaydi. Allohim, bizlarni Qur’on o‘qiydigan, uni tadabbur qiladigan va unga amal qiladigan bandalaringdan qilgin ilohim!
Peshku tuman “Halim Polvon” jome’ masjid
imom-xatibi Boboqulov Mustaqim
«орқага