YETIMNING MOLINI YEYISH XAROMDIR
331 марта ўқилди.
YETIMNING MOLINI YEYISH XAROMDIR
Alloh taolo “Niso” surasida marxamat qilib aytadiki:
«Va yetimlarga o‘z mollarini bering. Nopokni pokka almashtirmang. Ularning mollarini o‘zingizning mollaringizga qo‘shib yemang. Zero, bu katta gunoh bo‘lur», degan (2-oyat).
Ushbu oyatdagi xitob umuman musulmonlar ommasiga, xususan, yetimlarning kafillariga qaratilgandir. Balog‘atga yetmagan yosh bolalar otasi o‘lib qolsa, yetim bo‘ladilar. Ularni ota tomonidan yoki ular bo‘lmasa, boshqa tomondan bo‘lgan qarindoshlar yoxud umuman boshqa birorta musulmon o‘z kafolatiga oladi.
Yetimga kafil bo‘lgan kishi uning barcha ishlariga, shu jumladan, molu mulkiga ham rahbarlik qiladi. Yetim bola yosh bo‘lib, molu mulkni to‘g‘ri tasarruf qilishga salohiyati yetmagani uchun, kafil uning mol-mulkini muhofaza etishga mas’ul bo‘ladi.
Bola balog‘atga yetishi bilan yetimligi tugaydi.
Endi u o‘z holicha tasarruf qilishga o‘tadi.
Voyaga yetgan inson sifatida o‘z mol-mulkini tasarruf qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuning uchun ham oyatdagi:
«Va yetimlarga o‘z mollarini bering», degan jumlani «voyaga yetganlarida» degan qo‘shimcha ila anglatish kerak bo‘ladi.
«Nopokni pokka almashtirmang» jumlasida birovning molini o‘z moliga almashtirmaslik xususan, yetimlarning molini o‘z moliga aralashtirib-almashtirmaslik tushunilishi lozim. Bu hol turlicha ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin.
Biz mol deganda faqat pulni tushunib qolganmiz. Yuqoridagi jumlani ularning yaxshi mollarini o‘zingizning sifatsiz molingizga almashtirib qo‘ymang, deb tushunsa bo‘ladi.
Misol uchun, yetimning yaxshi uyi, yeri, chorvasi, ulushi va boshqa mulklari bo‘lishi mumkin. Kafil yetimning o‘sha yaxshi, sifatli mollarini o‘ziniki qilib, o‘rniga o‘zining sifatsiz molini bersa, nopokni pokka almashtirgan hisoblanadi. Ya’ni, kafil o‘ziga nopok bo‘lgan molni olib, o‘rniga o‘zining halol-pok molini bergan - almashtirgan bo‘ladi.
«Ularning molini o‘zingizning molingizga qo‘shib yemang».
Bu yerda ham yetimlarning himoyasi yaqqol ko‘rinib turibdi. Kafillar: «Men shu yetimga kafilman, unga qarayapman, tarbiya qilyapman», degan ma’nodagi da’volar bilan o‘zlariga topshirilgan yetimning mollarini ham o‘z mollariga qo‘shib yeb yuborish odatlari bor edi. Bu esa, yetimga nisbatan katta zulmdir.
Oyati karima yetimning molini yeyishni man etyapti. Bu ishni katta gunoh deb e’lon qilyapti:
«Zero, bu katta gunoh bo‘lur».
Alloh taolo yana “Niso” surasida:
«Yetimlarni to nikoh (yoshi)ga yetgunlaricha sinab turinglar. Agar ularning es-hushi joyida ekanini bilsangiz ularga o‘z mollarini topshiring. U mollarni isrof ila va egalarining katta bo‘lib qolishidan qo‘rqib shoshilib yemang.
Boy bo‘lganlar iffatli bo‘lsinlar. Kim kambag‘al bo‘lsa, to‘g‘rilik bilan yesin. Ularga o‘z mollarini topshirayotganingizda guvohlar keltiring. Hisobchilikka Allohning O‘zi kifoya qilur», degan (6-oyat).
Bu oyati karima yetim balog‘atga yetib, es-hushini taniganda, darhol unga molini topshirish zarurligini, ularning molini isrof qilmaslik otaliqqa olganlar tomonidan, bu balog‘atga yetsa, molini qaytarib berishim kerak bo‘ladi, deb shoshilib yeb qo‘ymaslik, agar otaliqqa olgan odam boy bo‘lsa, yetimning moli masalasida iffatli bo‘lishi zarurligi, kambag‘al bo‘lsa, ma’lum chegarada yeyishiga ruxsat borligi va yetimga molini topshirayotganda guvohlar oldida topshirish kabi fiqhiy amallarni bayon qilmoqda.
Alloh taolo yana:
«Albatta, yetimlarning molini zulm ila yeganlar, qorinlarida olovni yegan bo‘lurlar. Va, shubhasiz, do‘zaxga kirurlar», degan ( “Niso” surasi,10-oyat ).
Oyati karimaning uslubi g‘oyatda ta’sirchanligi ko‘rinib turibdi. Avvalo, kim yetimlarning mollarini zulm ila yesa, qiyomatda qorinlaridagi u narsa olovga aylanadi.
So‘ngra shu holda, qorinlaridagi olov alangalagan holda do‘zaxga kiradilar.
Do‘zax alangasi ham avj olib turadi. Demak, yetim molini nohaq yegan odam ichiyu tashidan o‘t azobiga giriftor qilinadi. Naqadar dahshatli hol! Naqadar alamli!
Bu oyati karimada kelgan ma’noni ta’kidlovchi, sharhlovchi ko‘pgina hadisi shariflar bor.
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissalom:
«Halok etuvchi yetti narsadan chetda bo‘linglar», dedilar.
«Ular nimalar, ey Allohning Rasuli?» deb so‘raldi.
«Allohga shirk keltirish, sehrgarlik Alloh man qilgan jonni o‘ldirish, riboxo‘rlik yetimning molini yeyish, urush kuni qochish, mo‘mina pokiza ayollarga zinoda tuhmat qilish», deb javob berdilar.
Mashhur tafsirchilardan as-Suddiy:
«Qiyomat kuni yetimning molini yegan odam og‘zidan, quloqlaridan, burnidan va ko‘zlaridan olov chiqib turgan holda tiriltiriladi. Har bir ko‘rgan odam uni yetimning molini yeganligini bilib oladi», deganlar.
Bu bizlar uchun tom ma`nodagi eslatmadir. Ochiq oydin aytib o`tilgan qaytariqlar bizlar uchun dasturi amal bo`lmoqligi shart va zarur bo`ladi. Har bir mo`min va musulmon kishilar bu eslatmalarni hayotlariga tadbiq qilishliklari lozimdir. Yetimlar bilan muomilot masalalarida ularning haqlariga xiyonat qilib qo`ymaslik qalblarini mahzunlantirmaslikka astoydil harakat qilmoqligimiz bizning zaruriy burchlarimizdan bo`lmoqligi kerak bo`ladi.
Nurulloh Yahyoyev,
Buxoro shahar “Said po Bandi Kusho” masjidi imom-xatibi















