Shoshqaloqlik shaytondandir
16 январ 2026 й.
323 марта ўқилди.
Shoshqaloqlik shaytondandir
Bandalariga barcha yaxshiliklarni bayon qilib, ularga amal qilishni amr etgan va axloqlarning yaxshisi ila xulqlanib, yomonidan chetlanishni amr etgan Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Barcha yaxshiliklarni qilishda hammaga namuna bo'la olgan va karamli axloqlarni tugal qilish uchun yuborilgan, yaxshiliklar va go'zal axloqlar nabiysi – sevikli Payg'ambarimizga mukammal va batamom salovotu durudlar bo'lsin.
Shoshqaloqlik yomon odatlardan hisoblanadi. Har bir mo’min bunday badxulqlardan saqlanmog’i, bunday xislatlardan chetlanmog’i lozimdir. Bu to’g’risida payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadislar rivoyat qilingan.
عَنْ مُصْعَبِ بْنِ سَعْدٍ عَنْ أَبِيهِ عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: التُّؤَدَةُ فِي كُلِّ شَيْءٍ خَيْرٌ إِلاَّ فِي عَمَلِ الآخِرَةِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالْحَاكِمُ.
Mus'ab ibn Sa'ddan, u o'z otasi roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Shoshilmaslik har bir narsada yaxshidir. Illo, oxirat ishida undoq emas», dedilar». Abu Dovud va al-Hokim rivoyat qilishgan.
Ha, oxirat ishida shoshilmasa bo'lmaydi.
عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ عَنِ النَّبِىِّ ﷺ قَالَ: الأَنَاةُ مِنَ اللهِ وَالْعَجَلَةُ مِنَ الشَّيْطَانِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ.
Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Shoshilmaslik Allohdandir. Shoshqaloqlik shaytondandir», dedilar». Termiziy va Bayhaqiy rivoyat qilishgan.
Shuning uchun ham mo'min-musulmon banda barcha narsada shoshilmasligi lozim. Shuning uchun ham mo’min musulmon barcha ishlarda sabrli, vazmin hamda og’ir-bosiq bo’lmog’i lozim.
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ أَنَّ النَّبِيَّ ﷺ قَالَ: مَا أُعْطِيَ أَحَدٌ عَطَاءً هُوَ خَيْرٌ وَأَوْسَعَ مِنَ الصَّبْرِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.
Abu Sa'iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Hech kimga sabrdan ko'ra yaxshiroq va kengroq ato berilmagan», dedilar». Beshovlari rivoyat qilishgan.
Ushbu rivoyat Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning uzun hadislaridan olingan iqtibosdir. Mazkur hadisda shular aytiladi:
Abu Sa'id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Ansoriylardan bir qancha odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan (mol) so'radilar. Bas, U zot ularga berdilar. So'ngra yana so'radilar. Yana berdilar. Hattoki, huzurlaridagi narsa qolmadi. Shunda U zot:
«Huzurimda ne yaxshilik bo'lsa, sizlarga bermay olib qolmasman. Kim iffat talab bo'lsa, Alloh uni iffatli qilur. Kim behojatlik talab qilsa, Alloh uni behojat qilur. Kim sabr talab qilsa, Alloh uni sabrli qilur. Hech kimga sabrdan ko'ra yaxshiroq va kengroq ato berilmagan», dedilar» . Beshovlari rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisi sharifda musulmon inson o'ziga berilgan rizq qancha bo'lsa, o'shanga chidab, qanoat hosil qilib yurishi yaxshi ekanligi targ'ib qilingan.
Musulmon inson turmushni yaxshi ta'min qilish uchun imkoniyatidagi barcha halol vositalarni ishga solib, harakat qilaveradi. Ammo rizq berish Allohdan ekanini hech qachon unutmaydi. Shuning uchun o'ziga berilgan rizq-nasiba Allohning irodasi ila bo'lgan, deb biladi. Oz bo'lsa, norozi bo'lmaydi, ko'p bo'lsa, hovliqib ketmaydi. Chunki, Allohning irodasiga qarshi chiqish musulmon odam uchun to'g'ri emas.
Musulmon odam unga Alloh tomonidan berilgan yetarli rizqqa sabr qilib, qanoatli bo'lib o'tsa, dunyodagi eng katta najotga erishgan shaxs bo'ladi. Haqiqiy boylik molu dunyoning ko'pligida emas, nafsning to'qligida.
Ushbu ta'limotlarni har bir musulmon yaxshilab o'rganib, o'ziga singdirib olishi va hayotga tatbiq qilishi lozim. Ana shundagina oramizda besh tanga pul kuyiga tushib odam o'ldiradiganlar, o'g'riliq poraxo'rliq riboxo'rlik qiladiganlar, firibgarliq aldamchilik yolg'onchilik va boshqa razolatlarni qiladiganlar qolmaydi.
Nurulloh Yahyoyev,
Buxoro shahar “Said po Bandi Kusho” masjidi imom-xatibi
«орқага















